Texnikumlarda 1 mln yosh yuqori daromadli kasblarga o‘qitiladi
Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bilim va malakani mamlakat taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan birinchi milliy dastur haqida maʼlum qildi.
Dasturga muvofiq, bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovi qisqa muddatda 100 foizga etkaziladi. Shu bilan birga, xususiy bog‘cha tashkil qilish uchun amaldagi imtiyozlar saqlab qolinadi.
Prezident barcha maktablarni xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olish vazifasini ham belgiladi.
Texnikumlarda esa xalqaro taʼlim standartlari joriy qilinib, yoshlarni yuqori daromadli kasblarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu yo‘nalishda qamrovni 1 mln nafarga etkazish rejalashtirilgan.
— Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi, — dedi Prezident.
Shuningdek, kelgusida kamida 10 ta O‘zbekiston universitetini dunyoning TOP-1000 oliy taʼlim muassasalari qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Davlat rahbari nutqida so‘nggi o‘n yilda taʼlim tizimida amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtaldi.
Aholi soni 8 mln nafarga ko‘payganiga qaramay, maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga etkazilgan. Maktablarda 1,5 mln qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgan.
Oliy taʼlim muassasalarida talabalar soni 1 mln 600 ming nafarga etgan. Prezident maʼlumotiga ko‘ra, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Mustaqillik bayramidagi nutqda taʼlim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar ham taraqqiyotning hal qiluvchi omili sifatida belgilandi.
Xususan, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish orqali 10 mln yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga jalb qilish maqsad qilingan.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0