Jamiyat
4786 16:13 | 05.08.2023 16:13

«Tashabbusli byudjet»da g‘olib bo‘lgan O‘rta Chirchiq tumanidagi bog‘cha binosi sotuvga qo‘yildi. Hokimlik mas’ullari esa o‘zini go‘llikka solmoqda.


Ishonch.uz saytiga kelgan murojaatga ko‘ra, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani «O‘rtaovul» mahallasida joylashgan eski bog‘cha binosi sotuvga qo‘yilgan. Aholi esa uni saqlab qolish payida…


Ma’lum bo‘lishicha, ushbu bog‘chaning kapital ta’miri uchun aholi 2023 yilning 7 aprel kuni «Tashabbusli byudjet»da g‘olib bo‘lgan.


Xususan, ijtimoiy tarmoqlardagi kanalida bu haqda quyidagicha ma’lumot berilgan:
«Tashabbusli byudjet»ning joriy yil 1-mavsumi yakunlandi. Eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib chiqqan mahallalarda, maktablarda bayram qilinyapti. Erishilgan g‘alaba karnay-surnay bilan nishonlanyapti. G‘olib bo‘lgan 1666 ta tashabbusni amalga oshirishga 1,6 trillion so‘m ajratilgan».


Xullas, aholi ushbu g‘alabani nishonlab, shodumon yurgan kunlarining birida to‘satdan bog‘cha sotuvga qo‘yilgani haqida xabar topadi.


– «Tashabbusli byudjet»ning birinchi mavsumida yutib chiqqan edik, – deydi o‘zini Sherzod deb tanishtirgan yigit. – Biroq, ha deganda qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanmadi.


Xavotirga tushib, tuman mutasaddilaridan vaziyatni surishtirdik. Ular esa «tenderga qo‘yilgan», «quruvchi aniqlansin», kabi vajlar bilan bizni ovutdi.


Kuni kecha esa bog‘cha binosiga «Auktsion orqali sotiladi», degan tamg‘a bosib ketdi.


Darhol tamg‘ada ko‘rsatilgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qildik. Taassufki, bu o‘z tasdig‘ini topdi. Ularga bog‘chani ta’mirlatish bo‘yicha «Tashabbusli byudjet»da g‘olib bo‘lganimizni tushuntirdik, ular tuman hokimligi binoni sotish bo‘yicha xat berganini ro‘kach qildi.


Hokimga uchrashsak, «sotilmaydi, auktsiondan ham olinadi», dedi. Davlat aktivi idorasidagilar esa auktsionga qo‘yilgan buyum yoki binoni sotuvdan olishning iloji yo‘qligini, bu ishlar Prezidentning tegishli qarori asosida yuritilishini aytyapti.
Ochig‘i, kimga ishonishni ham bilmay qoldik. Ming mashaqqat bilan ovoz to‘plaganmiz. Mahallamizda bundan boshqa bog‘cha yo‘q. Shu ham sotilib ketsa, bolalarimiz qayerga boradi? Nega hech kim dodimizni tinglamayapti?


Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Davlat aktivlari boshqarmasi bilan bog‘landik.


O‘zini Kamol Julanov deb tanishtirgan mutaxassisning aytishicha, ushbu bog‘cha binosi Prezidentning 2022 yil 18 martdagi «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan kimoshdi savdosiga qo‘yilgan.


Masalaga O‘rta Chirchiq tumani hokimligidan ham izoh so‘radik. Qurilish masalalari bo‘yicha mas’ul xodimning javobi quyidagicha bo‘ldi:

«Bilmadim, sizdan eshityapman, mening hech narsadan xabarim yo‘q».


– Bog‘cha sotilmayapti, adashib e’lon berilgan, – deydi Xalq deputatlari O‘rta Chirchiq tuman kengashi deputati Abdurasul To‘ychiyev. – Aksincha, ushbu bog‘chaga tuman hokimi yana uch milliarddan ortiq mablag‘ yo‘naltirish harakatida yuribdi. Sababi, bu bino juda mustahkam. Qolaversa, 180 nafar bolani sig‘dira oladigan bog‘chani sotish to‘g‘ri qaror emas.


Ta’mirlash ishlari boshlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspektsiyasi xulosasi kerak, o‘shani kutyapmiz. Bu ishlarning yakuni va binoning to‘liq foydalanishga topshirilishi esa 2024 yilning ikkinchi choragiga mo‘ljallangan.


Qiziq, tuman hokimligi mutasaddisining holatdan xabari yo‘q. Deputatning iddao qilishicha, hammasi joyida, go‘yoki bu anglashilmovchilik. Davlat aktivlari boshqarmasining bu bo‘yicha xulosasi va maqsadi aniq. Ularning ortga qaytish niyati yo‘q.


Xo‘sh, bu yerda kim yolg‘on gapiryapti. Hokimlikmi, deputatmi yoki Davlat aktivlari boshqarmasi..? Tuman hokimi haqiqatan ham binoni sotish uchun xat chiqargan bo‘lsa, nega buni tan olmayapti? Yoki hokimbuva ham aytadigan, ham qaytadiganlar toifasidanmi?


Nima bo‘lgan taqdirda ham, mazkur masala fuqarolar foydasiga hal bo‘lishidan umidvormiz.


Xolida EGAMBERDIYeVA
Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid