ChILLA NIMA?
Chilla- himoyalanish, saqlanish, zamonaviy tibbiy ibora bilan aytganda karantin demakdir. Ko‘pni ko‘rgan keksalarning aytishicha qirq kunlik qish chillasi katta chilla, yozning qirq kunlik chillasi kichik chilla deyilarkan. Hadeb qunishib, tirishavergan odamga “Nima balo chillangda sovuq urganmi?” deb qo‘yishadi. Haqiqatdan ham qish chillasida sovuq olgan odamning o‘ziga kelishi qiyin kechadi. Sovuq urgan a’zo doim po‘st tashlab, issiqni sezmaydigan bo‘lib qoladi. Uning davosi aynan chillada olib qo‘yilgan qor va yomg‘ir suvlariga yuvinishdir.
Tabobat bilan shug‘ullanuvchilar ayrim dorivor o‘simliklarning ildizini aynan qish chillasida yig‘ib oladilar. Chunki chilla davrida ildizning dorivorlik xususiyati juda yuqori bo‘lib, kuch yiqqan davriga to‘g‘ri kelarkan.
Mutaxasislarning ta’kidlashicha chilla davrida olingan muolajalar unchalik ham naf beravermas ekan. Shu davrda inson jismining himoya quvvatlari ortarkan.
Chilla davrining dehqonchilikda ham katta ahamiyati bor. Qish chillasida yaxob berilgan yerlar hosildor bo‘ladi. Yoz chillasida chilla suviga qondirilgan ekin maydonlarida mo‘l hosil to‘planadi. Tok, ya’ni uzum haqida elda shunday gap bor: “Qavsda suv ichsa qamchiday, chillada suv ichsa chillikday navda beradi”. Bu degani chillada suv ichgan tokning novdalari kalta-kalta, chillikday bo‘lib g‘ovlab ketmaydi, serhosil bo‘ladi.
Chilla - himoyalanish, saqlanish, zamonaviy tibbiy ibora bilan aytganda karantin so‘ziga to‘g‘ri keladi. Aytaylik, chaqaloq dunyoga keldi. U ona qornidan farqli o‘laroq mutlaqo boshqa muhitga moslashmog‘i zarur. Buning uchun go‘dakka qirq kun zarur bo‘ladi. Mana shu qirq kun go‘dakning eng nozik, turli kasalliklarga tez beriluvchi holatiga to‘g‘ri kelarkan. Shuning uchun ham dono momolarimiz go‘dakni qirq kungacha begona ko‘zlarga ko‘rsatmaslik, qorong‘uda ko‘chada olib yurmaslik, ona va bolani urintirmay, toliqtirmay parvarish qilishga alohida e’tibor berishgan.
Chilla yangi oila qurgan kelin-kuyov uchun ham ahamiyatli. Birinchidan, o‘zga bir sharoitdan boshqa bir muhitga kelgan kelin uchun moslashuv bo‘lsa, ikkinchidan yangi kelinchakning vujudida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar aynan chillani taqozo etadi. Uni og‘ir yumushlar buyurib urintirmaydilar, o‘zga nazarlardan saqlashga harakat qilishadi, tun qorong‘usida yurishga ruxsat berilmaydi.
Bahor Xolbekova,
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0