Farg‘onadagi janjalga tomoshabin bo‘lgan ichki ishlar xodimlari lavozimidan bo‘shatildi. Gumonlanuvchi qanday jazoga tortilishi mumkin?

Jamiyat
4998 16:45 | 03.08.2023 16:45

Shu kunlarda Farg‘ona shahrida taksi haydovchisi bilan janjallashib, avtomashina oynalarini sindirgan shaxsning xatti-harakatlari, ichki ishlar xodimlarining esa ayni vaziyatga tomoshabin bo‘lganligi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotir.


Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, videoxabardagi xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganliklari uchun IIB patrul-post xizmati otryadi safdor xodimlari V.N., E.P. hamda guruh komandiri, kapitan Z.O. egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgan.


Xabarda, shuningdek, Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati bataloni komandiri H.S.ga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilganligi qayd etiladi.


Bundan tashqari, gumonlanuvchi ushlanib, holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi ma’lum qilindi. Mazkur modda sanktsiyasiga ko‘ra, ayni turdagi bezorilikka qo‘l urgan shaxs uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid