Sherzodxon Qudratxo‘ja: Bugungi o‘yinda sudya yo imtihonchi domla bo‘lmay yigitlarimizga omad tilaylik
Jurnalist, siyosiy fanlar doktori, professor, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori va jamoatchilik faoli Sherzodxon Qudratxo‘ja bugun O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatidagi muhim o‘yiniga e’tibor qaratib, quyidagilarni ta’kidladi:
"Bugun, 2026 yil 23 iyun kuni futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi tur o‘yinini Portugaliya jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bu uchrashuv har ikki jamoa uchun guruh bosqichidagi o‘rnini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega.
Portugaliya o‘zining dastlabki o‘yinida Kongo Demokratik Respublikasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lib, hozirda 1 ochko bilan guruhda uchinchi o‘rinni egallab turibdi. O‘zbekiston esa Kolumbiyaga qarshi 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng ochkosiz, to‘rtinchi o‘rinda joylashgan. Shuni ta’kidlash joizki, Kolumbiya bilan bahsda hamyurtimiz Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston terma jamoasi tarixida Jahon chempionatlarida gol urgan birinchi futbolchi bo‘lib, tarixiy natijani qayd etdi.
Bugungi raqib – Portugaliya terma jamoasi tarkibida Krishtianu Ronaldu, Brunu Fernandesh, Joau Nevesh, Bernardu Silva, Vitinya va Diogu Koshta kabi jahon futbolining yorqin yulduzlari bor. Ularning futbol bozoridagi umumiy qiymati 1,01 milliard yevroni tashkil etadi.
O‘zbekiston terma jamoasi safida esa Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev, Oston O‘runov va "Manchester Siti" klubi a’zosi bo‘lgan Husanov (uning bozor qiymati 50 million yevro) kabi iqtidorli futbolchilar mavjud. Jamoaning umumiy bozor qiymati 85,33 million yevroni tashkil qiladi.
Aslini olganda, O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga ilk bor chiqishi ham sport tariximizda katta yangilik. Hali bu boshlanishi va bundan buyog‘iga qayta-qayta jahon chempionatiga chiqishlar qilib o‘z o‘rnimizni mustahkamlab boraveramiz. Shu birinchi yirik qadamni hisobga olgan holda tomoshabinlar faqatgina "sudyalik" nuqtai nazaridan fudbolchilarimizni baholamasdan, o‘yindagi lahzalardan zavq olishini tilab qolardim.
Guruhdan chiqish uchun O‘zbekiston terma jamoasiga Portugaliya bilan bo‘ladigan uchrashuvda kamida durang natija qayd etish va Kongo Demokratik Respublikasi ustidan g‘alaba qozonish talab etiladi.
Shuning uchun biz sudya yo imtihonchi domla bo‘lmaylik, yigitlarimizga faqat omad va g‘alaba tilaylik! Koptok esa dumaloq…"



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0