Milliardlab dollar xarajatlar: jahon chempionatlari foyda yoki zarar?
Har bir jahon chempionatidan FIFA deyarli yutuq bilan chiqadi: u televizion ko‘rsatuvlar va homiylik shartnomalaridan daromad oladi, shu bilan birga uning xarajatlari cheklangan. Shuning uchun jamoalar va o‘yinlar sonini ko‘paytirish federatsiya uchun foydaning oshishini anglatadi. Televizion translyatsiyalar FIFAning eng asosiy daromad manbai sanaladi (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, jami daromadning 50-55 foizi).
Shimoliy Amerika yashil maydonlarida kechayotgan jahon chempionati turniri dunyo e’tiborini tortmoqda. Shubhasiz, mundial futbol turnirlari ichida eng obro‘li va qiziqarlisi sanaladi. Biroq uning ortida katta mablag‘, xarajat va tashkilotchilik yotadi. 1930 yildan buyon o‘tkazilib kelayotgan musobaqa 70-yillarga kelib ayniqsa ommalashgan va dunyo aholisining e’tiborini tortgan. FIFA mundialni qaysi pullar evaziga tashkil qiladi, jamoalarga to‘lanadigan mablag‘lar qayerdan keladi? Albatta, bu savollar ko‘pchilikni qiziqtiradi.
FIFA tashkiloti uchun JChlar eng asosiy daromad manbai sanaladi. 1970-yillargacha FIFA kichik byudjetli, asosan chiptalar va a’zolik badallari evaziga kun ko‘radigan tashkilot edi. 1974 yilda braziliyalik Joao Avelanj FIFA prezidenti etib saylangach, futbolni global biznesga aylantirish rejasini tuzdi. Chunki bu davrga kelib televizion translyatsiyalar rivojlana boshladi, futbol auditoriyasi shiddat bilan o‘sib bordi. Avelanj Adidas va Coca-Cola kabi gigant brendlarni ilk rasmiy homiylar sifatida jalb qildi. Uning izdoshi Yozef Blatter esa televizion huquqlarni auktsion orqali sotishni yo‘lga qo‘ydi. Shu tariqa, FIFA bir necha o‘n million dollarlik tashkilotdan milliardlab dollar pul aylanadigan biznes-imperiyaga aylandi. Har bir jahon chempionatidan FIFA deyarli yutuq bilan chiqadi: u televizion ko‘rsatuvlar va homiylik shartnomalaridan daromad oladi, shu bilan birga uning xarajatlari cheklangan. Shuning uchun jamoalar va o‘yinlar sonini ko‘paytirish federatsiya uchun foydaning oshishini anglatadi. Televizion translyatsiyalar FIFAning eng asosiy daromad manbai sanaladi (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, jami daromadning 50-55 foizi).
Mezbon davlatlar uchun vaziyat boshqacha sanaladi. Jahon chempionatlari tarixi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy o‘sish va’dalari ko‘pincha amalga oshmaydi. 1990 yilda Italiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati byudjetning ortiqcha sarflanishiga olib keldi va kutilgan sayyohlik oqimini ta’minlay olmadi. 2014 yilda Braziliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati deyarli 20 milliard dollarga tushdi, ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy ta’sir ancha past bo‘ldi. Jahon chempionatini tashkil qilish xarajatlarining katta qismini (stadionlar qurish, yo‘llar, xavfsizlik) mezbon davlat o‘z bo‘yniga oladi. FIFA esa musobaqadan keladigan asosiy sof daromadni o‘ziniki qiladi.
2010 yil Janubiy Afrikadagi turnirdan keyin shunga o‘xshash muammo paydo bo‘ldi, u yerda ba’zi stadionlar keyinchalik deyarli ishlatilmadi. Bunday stadionlar Braziliyada ham ko‘p (ularni “oq fillar” deb ham atashadi). 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati taxminan 200 milliard dollarga tushdi — bu avvalgi barcha turnirlarning umumiy qiymatidan ko‘proq. Qatar faqatgina stadionlar qurish bilan cheklanib qolmadi. Mamlakatda yangi aeroport, mehmonxonalar va boshqa ob’ektlar qurildi, infratuzilma yangilandi. Garchi JChga sarflangan pullar zararni qoplamagan bo‘lsa ham, Qatarning xalqaro maydonda mashhur bo‘lishi, sayyohlar oqimi va boshqa omillar mamlakatga foyda keltirgani aytiladi.
2006 yilda Germaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati esa nafaqat tomoshaboplik (bir qator hayajonli o‘yinlar va Zidan atrofidagi mojaro), balki moliyaviy jihatdan ham muvaffaqiyatli bo‘ldi. Mamlakat bu muvaffaqiyatdan stadionlarni ta’mirlash, Bundesligaga tashrif buyuruvchilar sonini ko‘paytirish va chakana savdoni ko‘paytirish uchun foydalana oldi. Biroq mazkur musobaqa ham sarflangan pullarni to‘liq oqlamagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, turnirga davlat va xususiy sektor tomonidan 7 mlrd yevrodan oshiq pul sarflangan, sayyohlar keltirgan foyda esa 2 mlrd yevrodan oshmagan.
2026 yilgi Jahon chempionati ham FIFA uchun moliyaviy jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lishi deyarli kafolatlangan. Qo‘shma Shtatlar, Kanada va Meksikaning birgalikdagi arizasi rekord darajadagi 14 milliard dollar daromad va taxminan 11 milliard dollar sof foyda keltirishi taxmin qilinmoqda. Mezbon davlatlar uchun bu ta’sir unchalik aniq bo‘lmaydi. Qo‘shma Shtatlarda turnir asosan mavjud stadionlarda o‘tkaziladi (mamlakatda amerikacha futbol uchun mo‘ljallangan ajoyib stadionlar bor) Bu kapital xarajatlarni kamaytiradi va turnirni AQSh uchun nisbatan arzon qiladi.
Ta’kidlash kerakki, 2026 yilgi jahon chempionati mukofot jamg‘armasi jihatdan eng qimmat mundialga aylanmoqda. O‘tgan yili FIFA Kengashi Dohada 2026 yilgi Jahon chempionati uchun AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan moliyaviy investitsiyalarni tasdiqlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Jami 727 million dollar ishtirokchi a’zo assotsiatsiyalar o‘rtasida taqsimlanadi, bu 2022 yilgi Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatidan 50 foizga ko‘p. Ushbu summaning 655 million dollari turnirning mukofot jamg‘armasi bo‘ladi.
Jahon chempionati g‘olibi 50 million dollar, finalchilar 33 million dollar, bronza medali sovrindorlari 29 million dollar va to‘rtinchi o‘rinni egallaganlar 27 million dollar mukofot puli oladi. Chorak finalchilarning har biri 19 million dollar, 1/8 final ishtirokchilari 15 million dollar va guruhdan chiqqanlar yo‘l olganlar 11 million dollar oladi. Faqat guruh bosqichidagi qatnashgan ishtirokchilar 9 million dollar oladi. Demak, masalan O‘zbekiston terma jamoasi salkam 10 million dollar mukofot kafolatlangan.
Bundan tashqari, har bir saralash bosqichi jamoasi tayyorgarlik xarajatlarini qoplash uchun 1,5 million dollar olgan. Bu barcha ishtirokchilarga kamida 10,5 million dollar kafolatlanganligini anglatadi. “2026 yilgi Jahon chempionati global futbol hamjamiyatiga moliyaviy hissasi jihatidan yutuqli voqea bo‘ladi”, deya izoh bergandi FIFA prezidenti Janni Infantino.
Eslatib o‘tamiz, FIFA to‘rt yillik tsikl davomida rekord darajadagi daromadlarni kutmoqda, bu joriy Jahon chempionati bilan yakunidan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Tashkilot 2022 va 2026 yillar oralig‘ida 13 milliard dollar daromad olishni kutmoqda, 2022 yilda tugagan to‘rt yillik davrda bu ko‘rsatkich 7,5 milliard dollarni tashkil etgan edi. FIFA bu sezilarli o‘sishni Jahon chempionati va Klublar o‘rtasidagi JChning kengayishi bilan bog‘laydi. FIFA jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 nafarga oshirish haqida gapirayotgani ham bekorga emas.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0