Bloger Abduqodir Mo‘minovning «ish»i bo‘yicha sud tergovi ikkinchi kuni yakunlandi
Joriy yil 25 iyul kuni tovlamachilik hamda firibgarlikda ayblanayotgan bloger Abduqodir Mo‘minovning jinoiy ishi bo‘yicha Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida sudya Sardorbek Sodiqov raisligida sud jarayoni boshlangan edi.
Bugun, 27 iyul kuni mazkur sud ishi davom etib, 7 nafar jabrlanuvchi bilan savol-javob qilindi va 6 nafar guvoh tinglandi.
Sudda tomonlar hamda prokuror, A.Mo‘minovning advokati va OAV vakillari ishtirok etdi.
Bugungi sud tergovi jarayonida 7 ta epizod bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqildi. Ularning ayrimlarida sudlanuvchi Abduqodir Mo‘minov o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarga qisman rozi ekanligini bildirib, ayrimlarida «tuhmat» uyushtirilayotgani haqida ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, ayrim jabrlanuvchilar ko‘rgan moddiy zarari qoplansa, sudlanuvchiga nisbatan da’vosidan voz kechishini bildirdi.
Jumladan, bugungi sud majlisida Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha asosiy da’vogar bo‘lgan Sirdaryo viloyati Sh.Rashidov tumanida yashovchi E.Z. bilan bog‘liq holat ko‘rib chiqildi.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, fuqaro E.Z. blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minovga 2021 yilning oktyabr oyida ukasi D.Yu.ning nomiga rasmiylashtirilgan MChJ bilan bog‘liq muammoli holat yuzasidan tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish evaziga 10 ming dollarga kelishib, shundan 3800 dollarini bergan. Biroq A.Mo‘minov bergan va’dasini bajarmay, olgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Jabrlanuvchi sudda A.Mo‘minovga avvaliga 500 AQSh dollari, keyinchalik mahalliy “avtomoyka”larning biri oldida yana 3 ming AQSh dollari berganini hamda yana qo‘shimcha qilingan ba’zi xarajatlar hisobiga summa 3800 dollar bo‘lganini aytdi.
O‘z navbatida, Abduqodir Mo‘minov, ushbu epizod bo‘yicha, haqiqatda mazkur fuqarodan 600 dollar olgani, biroq 3800 dollar haqidagi da’vo quruq tuhmat ekanini bildirdi.
– Rostan ham o‘rtamizda og‘zaki kelishuv bo‘lgan. Lekin 10 ming dollar deb kelishmaganmiz. “Ish mening foydamga hal bo‘lsa, o‘zim rozi qilaman”, degan.
Rostan ham menga bir marta yo‘lovchi taksi orqali 500 dollar berib yuborgan va olganman. Shu murojaat bo‘yicha Jizzaxga borganimizda esa shaxsiy avtomobilimning akkumulyatori ishdan chiqib qoldi va Z.E. qayerdandir yangi akkumulyator keltirib berdi. Men o‘sha paytdayoq unga “aka, hisobli do‘st ayrilmas, buni qanchaga olgan bo‘lsangiz, to‘lab beray” deganimda, u menga qo‘yavering qabilida javob bergan edi. Shu tariqa men bu kishidan olgan pulim 600 dollar deb hisoblayman, xolos. Qolgan pullar haqida tuhmat qilyapti. Qayerda va qanday tarzda olganimni isbotlab bersin, – deydi sudlanuvchi.
Sudda, shuningdek, yana 6 nafar jabrlanuvchilarning da’volari bo‘yicha savol-javoblar bo‘ldi. Shu kunga qadar esa mazkur sud ishida 12 nafar jabrlanuvchining ishlari bilan bog‘liq holat muhokama qilindi.
Sud 1 avgustga qadar tanaffus e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, A.Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141-1-modda (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi «a,b» bandlari, 165-modda (Tovlamachilik) 3-qismi «a» bandi, 168-modda (Firibgarlik) 3-qismi «b,v» bandlari, 4-qismi «a» bandi, 189-modda (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi hamda 28-211-modda (Pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi «a» bandi bilan ayblanyapti.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 421 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
A.Mo‘minov mazkur jinoiy ish doirasida joriy yilning 8 fevralida qamoqqa olingan edi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0