Go‘sht deb zaqqum yutmayapmizmi?
Go‘sht bo‘lmasa qozonning qopqog‘i, bekaning qovoq — tumshug‘i ochilmaydi. Iste’molga bo‘lgan talabning oshayotgani esa ba’zi nopoklarga qo‘l kelayapti.
O‘tgan ikki kunda poytaxt sari yo‘l olgan 1,5 tonnadan ortiq iste’molga yaroqsiz go‘sht Samarqandda to‘xtatib qolindi. 1 avgust kuni Bulung‘ur tumanidagi “Yuqori nuqta” YPX maskanida “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan ISUZU mashinasi tegishli xizmat xodimlari tomonidan tekshirilganida hech qanday hujjatsiz 1100 kilogramm go‘sht olib ketayotganligi aniqlangan.
Bulung‘ur tuman hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat markazi tomonidan tekshirilgan go‘sht iste’molga yaroqsiz bo‘lib chiqdi. 3 avgust kuni Urgut tumanida joylashgan “Omonqo‘ton» YPX maskanida “Cobalt” avtoulovi to‘xtatilgan. Mashinada sanitariya normalariga zid ravishda (hujjatsiz) 500 kilogramm go‘sht ortib ketilayotgani aniqlandi. Tegishli rasmiyatchilikdan so‘ng iste’molga yaroqsiz mahsulot yo‘q qilingan. Endi bu qo‘lga tushganlari…
Avvalo, xumdek qaynayotgan moslashtirilmagan transportda tez buziluvchi mahsulotlar sirasiga kiruvchi go‘shtni (nimaning go‘shti ekanligini qo‘ya turaylik) olib yurish mumkinmi? Qolaversa, achib-bijg‘igan go‘shtning xaridori kim? Ko‘ngilni shubha gumonlar kemiradi. Bozorda bir kilo go‘sht 80 ming so‘mdan kam sotilmayotgan bir paytda, bozorlarni liq to‘ldirgan (dudlangan yana suyaksiz) kolbasaning narxi nega 25-50 ming so‘m? Ba’zi kolbasa ishlab chiqaruvchilarning bu “fidoiy”ligini qanday tushinish mumkin? Go‘sht masalasida savollar shu qadar ko‘payib ketgan-ki, aniq-lo‘nda javob beradigan mas’ulning o‘zi yo‘q…



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0