Kadastr agentligi va Adliya vazirligi o‘zidan soqit qilayotgan qonun loyihasi kimning qo‘lida?

Jamiyat
5040 14:24 | 08.08.2023 14:24

Prezident topshirig‘ini kim paysalga solmoqda?


Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda taxminan 2 million 600 ta xonadonning kadastr hujjati yo‘q. Tabiiyki, bu uy-joylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar oilaviy tadbirkorlik yoki uy-joyini kengaytirish uchun kredit, subsidiya hamda ipotekadan foydalana olmaydi.


Davlatimiz rahbari mazkur holatlarni bartaraf etish va kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun o‘tgan yilning 18 iyulida Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligiga bu bo‘yicha alohida qonun loyihasi ishlab chiqish topshirig‘ini bergan edi.


Oradan rosa bir yil vaqt o‘tdi. Lekin o‘sha qonun loyihasidan haligacha darak yo‘q. Aholi esa bu bo‘yicha biron yengillik bo‘lishidan umidvor.


Xo‘sh, mutasaddilar nima uchun Prezidentning topshirig‘ini bajarishga u qadar shoshilmayapti? Buning uchun ularda biron bir asos bormi?


Shu savollarga oydinlik kiritish maqsadida Kadastr agentligiga murojaat qildik.


Agentlik mas’ulining ta’kidlashicha, hujjati yo‘q xonadonlarning elektron bazasi shakllantirilib, tegishli vazirlik va idoralarga kiritilgan.


«Qonun loyihasining hozirgi holati bo‘yicha ma’lumotni Adliya vazirligidan olganingiz ma’qul», deydi Kadastr agentligi mulozimi.


Adliya vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaning ma’lum qilishicha esa qonun loyihasi ishlab chiqilgan va tegishli instantsiyaga kiritilgan.


Mazkur loyiha qachon tugashi va qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etilishi va unda nazarda tutilayotgan normalar haqida har ikki tashkilotdan jo‘yali javob ololmadik.


Ular qisqagina qilib: «hammasini qonun kuchga kirgach, bilib olasiz», deyishdi, xolos.


Xo‘sh, Kadastr agentligi va Adliya vazirligi o‘zidan soqit qilayotgan qonun loyihasi hozir kimning yoki qaysi tashkilotning qo‘lida? Bir yildan buyon tuya go‘shti yeb yotgan o‘sha qonun qachon qabul qilinadi? Bu shunchalik qiyin va jiddiy loyihamidiki, yillab cho‘zilsa… Bir yil oz fursat emas – bu vaqtda har qanday qonun yoki qarorni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq qilish mumkin-ku! Buning uchun faqat xohish va iroda bo‘lsa, kifoya. Balki mas’ul tashkilotlarga mana shu ikki jihat yetishmayotgandir… Yoki bu loyiha «avvalgilariga o‘xshamas» qabilida tayyorlanyaptimikan…


Axir, gap millionlab insonlar, minglab oilalar taqdiri haqida ketmoqda. Qolaversa, o‘sha qonun tezroq qabul qilinsa va kuchga kirsa, davlat byudjetiga ham salmoqli foyda bo‘ladi.


Aslida-ku davlat foydasiga o‘ynaydigan qaror yoki qonun loyihasini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq qilishda mutasaddilarimizga yetadigani yo‘q. Ammo gap xalq, aholi haqida ketadigan bo‘lsa, ish mana shunday paysalga solinib, achchiq ichakdek cho‘zilib yotaveradi.


Demokratik huquqiy davlat deymiz, lekin hanuz huquqdan tashqarida yashaymiz, yuzaki tayyorlangan yoki ishlamaydigan qonunlar qabul qilamiz. Balki bu loyiha o‘zgacha tayyorlanayotgan, biz mubolag‘a qilayotgandirmiz. Bunisi endi intizorlik bilan kutilayotgan qonun qabul qilingach oydinlashadi.


P.S: Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi 461-sonli qarori asosida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga egalik huquqini berish uchun bir martali aktsiya e’lon qilindi va ko‘plab xonadonlarning kadastr hujjatlari shakllantirilib, egalik huquqi berildi. Ammo mana shu jarayonlarda hududiy komissiyalar tomonidan ijobiy xulosa berilgan va belgilangan to‘lov asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ayrim uy-joylarga tuman yoki shahar hokimining qarori chiqmagan va ularga kadastr hujjatlari berilmagan. Kutilayotgan yangi qonun loyihasida mana shu holatlar ham inobatga olinishi kerak.


G‘ulomjon Mirahmedov,
Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid