Millat yuzini yoritgan 1381 oqlov
2021 yil 25 avgustda sovet davrida qatag‘on qilingan 115 nafar, 2022 yil 6 yanvarda 120 nafar, 2022 yil 19 dekabrda 173 nafar, 2023 yil 19 aprelda 208 nafar, 2023 yil 24 avgustda 240 nafar, 2024 yilda 205 nafar, 2026 yilda 161 nafar, jami 1381 nafar shaxs oqlandi.
Ha, o‘tgan asrning 30-yillarida mustabid tuzum qatag‘on qilgan vatandoshlarimizning nomini tiklash, ularning merosini o‘rganish va tarixiy adolatni qaror toptirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti.
Bu jarayonda, ayniqsa, 2020 yil alohida o‘rin tutdi. 8 oktyabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilindi. Hujjatda qatag‘on davri tarixini chuqur o‘rganish, arxiv materiallarini tadqiq etish, qurbonlarning nomlarini aniqlash, ularning hayoti va faoliyati haqidagi maʼlumotlarni to‘plash, oqlanmagan shaxslarni aniqlash va oqlash masalalarini o‘rganish kabi muhim vazifalar belgilandi.
– Qatag‘on qurbonlarini oqlash masalasi avvaldan bor edi, – deydi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzaev. – Ammo bu ishlar bugungi kundagidek keng ko‘lamda amalga oshirilmagan. Masalan, shu vaqtgacha baʼzi oqlovlar bo‘lgan bo‘lsa ham, juda tor doirada, yaʼni qarindoshlari darajasida oqlangan. Buning ham subʼektiv, ham obʼektiv sabablari bor, albatta. Davlatimiz rahbarining farmoyishi esa mamlakatimiz, millatimiz iftixori hisoblangan Nosirxon To‘ra Kamolxon To‘ra o‘g‘li yoki Ibrohimbek Laqay, muftiy Sadriddinxon, birinchi o‘zbek Oliy sudi raisi Saʼdulla Qosimov, yoinki istiqlolchilik harakatiga aralashgan zominlik Turobbek To‘rabek o‘g‘li va boshqalarning pok nomini tiklash, ularni oqlash imkonini berdi. Hujjat asosida Oliy sudda namunaviy oqlov jarayoni o‘tkazilib, unda Oliy sud rahbariyati, Bosh prokuratura vakillari, jurnalistlar, blogerlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Qatag‘on qurbonlarining avlodlari ham bu jarayonga taklif qilindi. Bu esa oqlovni oddiy huquqiy jarayon emas, balki tarixiy adolatni tiklashga qaratilgan umummilliy ish sifatida namoyon etdi. Bu tashabbusni qatag‘on qurbonlarining nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda – Saudiya Arabistoni, Afg‘oniston, Amerika va boshqa davlatlarda yashayotgan avlodlari ham katta ko‘tarinkilik bilan qarshi oldi. Zero, bu jarayonning ahamiyati faqat bir insonning nomini oqlash bilan belgilanmaydi. U tarixiy adolatni tiklash, ajdodlar xotirasini qadrlash va ularning nomini kelajak avlodlarga pok holda etkazish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Aslida qatag‘on qurbonlarini xotirlash bilan ularni oqlash orasida katta farq bor. Xotira bu – o‘tmishni eslash. Oqlash esa o‘tmishda qilingan adolatsizliklarga huquqiy baho berishdir. Shu maʼnoda aytganda, 2020 yilda boshlangan jarayonlarni shunchaki xotira tadbirlari doirasida baholab bo‘lmaydi. Aksincha tarixchi olimlar, arxiv xodimlari va boshqa mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tuzilib, mamlakat bo‘ylab izlanishlar boshlandi. Qatag‘on qurbonlarining nomlari, hayoti va faoliyatiga oid hujjatlar o‘rganildi, maʼlumotlar to‘plandi. Turli idoralar arxivlari bilan bir qatorda, xorijiy arxiv, muzey, kutubxona va fondlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Bu ishlarning ahamiyatini bir raqam bilan ifodalash qiyin. Chunki gap o‘tgan asrda sodir bo‘lgan mudhish voqealar haqida ketayotgan bo‘lsa-da, uning taʼsiri bugungi kunimizga ham daxldor. Qatag‘on qilingan insonlarning oilasi va avlodlari taqdiri ham o‘zgargan. Kimdir otasiz qolgan, kimdir bobosining ismini yillar davomida aytishga qo‘rqqan, yana birov o‘z ajdodining aslida kim bo‘lganini bilish uchun o‘n yillab sabr qilgan. Aynan shuning uchun ham arxivdan topilgan har bir hujjatning ahamiyati juda katta.
To‘g‘ri, qariyb bir asr oldingi voqealarni bugun o‘rganish oson emas. Yillar mobaynida hujjatlar yo‘qoladi, ismlar unutiladi, xotiralar so‘nadi. Ammo arxivlarda saqlanayotgan materiallar o‘sha davr manzarasini qayta tiklash imkonini beradi. Bugun «Kimga qanday ayblov qo‘yilgan? Qanaqa dalillar keltirilgan? Tergov qanday o‘tkazilgan? Hukmni kim chiqargan? Gumondorga o‘zini himoya qilish imkoni berilganmi?» kabi savollarga javob izlanyapti. Natijada qatag‘on davrida minglab insonlar «xalq dushmani», «aksilinqilobchi», «vatan xoini» kabi og‘ir tamg‘alar bilan jazoga tortilgani isbotlanyapti. Ularning ko‘pchiligiga nisbatan tergov va sud jarayonlari biryoqlama kechgan, ayblovlar esa siyosiy tus olgani ayon bo‘lyapti. Bu hukmlar nafaqat bir inson hayotini, balki oilasi va avlodlari taqdirini ham o‘zgartirgan. Demak, bugungi oqlov hukmlari o‘sha davrga berilgan xolis bahodir. Bu tarixni bugungi kun nuqtai nazaridan kelib chiqib qayta yozish emas, bir vaqtlar siyosiy bosim, soxta ayblov va adolatsiz qarorlar bilan buzib ko‘rsatilgan taqdirlarni ilmiy va huquqiy jihatdan qayta ko‘rib chiqishdir.
2026 yil 6 may kuni bu jarayon yana davom etdi. Bu safar 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha 161 nafar shaxs oqlandi. Ular asosan 1920-1934 yillarda Turkfrontning Farg‘ona maxsus bo‘limi hamda «Uchlik» qarorlari asosida sudlangan kishilar edi. Ayrimlari bosmachilik harakatiga yordam berish, qurolli guruh tuzish, sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon va aksilinqilobiy faoliyat kabi ayblovlar bilan jazolangan.
Arxiv hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish natijasida o‘sha ayblovlarning ko‘pchiligi zamonaviy huquqiy mezonlar nuqtai nazaridan asossiz ekani aniqlandi. Oqlanganlar orasida mahalladosh va qishloqdoshlarini oziq-ovqat bilan taʼminlagan boylar va mulkdorlar ham bor. Ularning ayrimlari milliy ozodlik harakati rahbarlari – qo‘rboshilar bilan aloqada bo‘lgani yoki ularga moddiy yordam bergani uchun jazolangan.
Bugun esa bir kosa ovqat ulashgani, otiga taqa qoqib bergani yoki o‘z mol-mulkini himoya qilgani uchun odamni «davlat dushmani», deb atash qanchalik asossiz bo‘lganini arxiv hujjatlari ko‘rsatib bermoqda.
Qatag‘on qurbonlari statistikasi haqida gapirganda, har bir raqamning ortida alohida taqdir turganini unutmaslik kerak. Kimdir otuvga hukm qilingan. Kimdir 3, 5 yoki 10 yilga kontslagerga yuborilgan. Kimdir mol-mulkidan ayrilgan. Kimdir surgun qilingan. «Xalq dushmani» degan tamg‘a esa ularning farzandlari va avlodlariga ham ko‘p yillar davomida taʼsir qilgan.
Balki kimdir «Oradan qariyb bir asr o‘tdi. Endi buning qanday ahamiyati bor?» deyishi mumkin. Buning javobi oddiy: asrlar o‘tsa-da, zamonlar o‘zgarsa-da, adolat tiklanishi, haqiqat qaror topishi kerak.
Albatta, oqlov hukmi o‘sha insonlarning yo‘qotilgan umrini qaytarmaydi. Oilasi ko‘rgan azob-uqubatlarni ham engillatolmaydi. Ammo endi ularning yuzi yorug‘ – ajdodlari jinoyatchi emas.
…1381 nafar oqlangan shaxs haqida gap ketganda 1381 ta taqdirni ko‘z oldimizga keltirish kerak. Ularning har biri ortida buzilgan bir hayot, jim qolgan oila, aytilmay kelgan haqiqat bor. Bugun esa o‘sha sukut o‘rnini hujjatlar, ismlar va haqiqat egallamoqda.
G‘ulomjon MIRAHMEDOV
«ISHONCH»



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0