KONTRAKT NARXI OShDI bu taʼlim sifatiga taʼsir qiladimi?

Oliy taʼlim narxi yana kun tartibida. Yangi o‘quv yili arafasida abiturient va talabalar auditoriya, yotoqxona, dars jadvali bilan bir qatorda kontrakt miqdoriga ham jiddiy eʼtibor qaratmoqda.
Jamiyat
383 15:06 | 02.09.2026 15:06

Bunga sabab bor. 2026/2027 o‘quv yili uchun Toshkent davlat yuridik universitetida kontrakt ayrim taʼlim shakllarida 46 foizgacha oshirildi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida esa bakalavriatning 1–3-kurslari uchun yillik to‘lov 33 million 750 ming so‘m etib belgilandi.



Toshkent davlat yuridik universitetida kunduzgi bakalavriat kontrakti 16 million 695 ming so‘mdan 22 million 496,7 ming so‘mga ko‘tarildi. Demak, talaba bir yilda avvalgidan 5,8 million so‘mdan ortiq mablag‘ to‘laydi. Sirtqi taʼlimda yillik to‘lov 14 million 868 ming so‘mdan 21 million 352,8 ming so‘mga, masofaviy taʼlimda 13 million 860 ming so‘mdan 20 million 208,9 ming so‘mga etdi. Kunduzgi magistratura kontrakti esa 18 million 585 ming so‘mdan 24 million 403,2 ming so‘mga oshdi.



Bu raqamlar ortida esa har bir oila uchun alohida hisob-kitob bor. Chunki universitet uchun kontrakt — moliyalashtirish manbai bo‘lsa, ota-ona uchun bu oila byudjetidan ajratiladigan katta mablag‘.



Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidagi kontrakt miqdori bu savolni yanada dolzarb qiladi. Bu erda bakalavriatning 1–3-kurslari uchun yillik to‘lov 33 million 750 ming so‘m. Magistraturada esa 37 million 120 ming so‘m. Kunduzgi bakalavriatni Toshkent davlat yuridik universiteti bilan solishtirsak, farq 11,25 million so‘mni tashkil etadi.



Albatta, oliy taʼlim muassasalarining imkoniyati, o‘qituvchilar tarkibi, taʼlim dasturlari, moddiy-texnik bazasi va boshqa xarajatlari bir xil emas. Shu bois kontraktlar o‘rtasida farq bo‘lishi tabiiy.



Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor: qimmatroq kontrakt talabaga nimani ko‘proq beradi? Sifatli darsmi? Ko‘proq amaliy mashg‘ulotmi? Zamonaviy elektron resurslarmi? Xorijiy tillarni chuqurroq o‘rganish imkoniyati yoki xalqaro dasturlarda ishtirok etishmi? Bitiruvchining ish topishiga ko‘maklashadigan yangi mexanizmlarmi? Ana shu savollarga aniq javob bo‘lmasa, kontraktning oshishi faqat raqam bo‘lib qolaveradi.



Ayniqsa, masofaviy taʼlimdagi narx o‘sishi eʼtiborli. Yangi o‘quv yilida bu shakldagi kontrakt 20 million 208,9 ming so‘mni tashkil etmoqda. Albatta, masofaviy taʼlim ham raqamli platformalar, serverlar, elektron darsliklar, videokurslar va texnik xizmat uchun mablag‘ talab qiladi.
Lekin talabada haqli savol paydo bo‘ladi: kontrakt qariyb 46 foizga oshgan bo‘lsa, taʼlim sifati va imkoniyatlarida qanday o‘zgarish bo‘ladi?



Bu savolga universitetlar ochiq javob bersa, jamoatchilikda ham tushunish paydo bo‘ladi. Masalan, oshgan mablag‘ning qaysi qismi o‘qituvchilar mehnatiga, qaysi qismi raqamli taʼlimga, ilmiy faoliyatga yoki moddiy-texnik bazani yangilashga yo‘naltirilayotgani haqida axborot berish mumkin.



Oliy taʼlim tizimida yana bir muhim jihatni unutmaslik kerak. Talaba faqat kontrakt to‘lovchisi emas. U — taʼlim xizmatining bevosita isteʼmolchisi. Shuning uchun kontrakt miqdori oshgan sari talabning o‘zi ham ortib boradi. Talaba zamonaviy auditoriya, kuchli professor-o‘qituvchi, sifatli elektron resurs, amaliy bilim va mehnat bozorida asqotadigan ko‘nikmalarni kutadi. Qolaversa, taʼlim muassasasi o‘z xizmatining natijasini ko‘rsatishi kerak. Bitiruvchilarning qanchasi mutaxassisligi bo‘yicha ishlayapti? Ular olgan bilim mehnat bozorida qanchalik qo‘l kelyapti? Talaba universitetda o‘qigan yillari va sarflagan mablag‘i evaziga qanday imkoniyatga ega bo‘ldi? Mana shu savollar kontraktning haqiqiy qiymatini belgilaydi.



Shu nuqtai nazardan qaraganda, masala kontraktning oshganida emas. Asosiy masala – oshgan to‘lov evaziga taʼlim sifati qanchalik kuchayadi?
Zero, talaba bugun to‘layotgan mablag‘iga ertaga qaysi bilim va imkoniyatni olishini bilishi kerak. Ota-ona esa farzandi uchun sarflayotgan mablag‘i haqiqatan ham uning kelajagiga sarmoya bo‘layotganiga ishonch hosil qilishi zarur. Qimmat taʼlim emas, qiymati baland taʼlim kerak.


Dildora DO‘SMATOVA


Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid