Bolalarni o‘g‘rilikka kim o‘rgatyapti? — Tadbirkor poytaxtda ko‘zga tashlanayotgan jiddiy muammodan xavotirda

Toshkentlik tadbirkor shahar markazida joylashgan do‘konlarda bir necha bor yosh bolalar tomonidan o‘g‘rilik sodir etilganini maʼlum qildi.
Jamiyat
158 10:21 | 07.09.2026 10:21

“Toshkent city” bulvari hududida faoliyat yurituvchi tadbirkor Yulduz Mavlonova bilan suhbatimizda u bir oycha avval do‘koniga kirgan shaxslar, o‘g‘irlangan buyumlar, ichki ishlar organlariga qilingan murojaat va so‘nggi vaqtlarda shu kabi holatlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolavhalar haqida gapirdi.


— Biz ishxonamizda 15 yildan beri faoliyat yuritamiz. Shu vaqt mobaynida bunday holat hech qachon bo‘lmagan. Shuning uchun do‘konda xavfsizlik masalasiga ham odatdagidek munosabatda bo‘lganmiz. Qolaversa, hudud qo‘riqlanadi, videokuzatuv kameralari bor. Hech kim bunday joyga kirishga jurʼat qilmaydi, deb o‘ylardik, — deydi Yulduz Mavlonova.


Uning so‘zlariga ko‘ra, do‘kon eshigidagi zanjirli qulfni buzib, 10-11 yoshlar chamasidagi bola o‘g‘rilikka kirgan. Do‘konga kirib, avvalo, pul qidirgan. Naqd pul topa olmagach, planshet va telefonni olib chiqib ketgan. Qizig‘i, voqea joyida o‘zi bilan bir nechta soatni ham unutib qoldirgan. Tadbirkorning aytishicha, ushbu soatlar ham avvalroq o‘g‘irlangan buyumlar bo‘lishi mumkin. Voqea aniqlangach, zudlik bilan 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilingan. Tegishli xodimlar kelib, ariza qabul qilgan, barmoq izlari olingan. Tadbirkorning taʼkidlashicha, do‘konning oynasida bolaning qo‘li bilan surib kirgan izlari ham bo‘lgan.


— Hatto hojatxonalarda ham qon izlari bor edi. Ehtimol, bola qo‘lini qaerdadir kesib olgan. Ikkinchi qavatdagi seyfni ham ochishga uringan, ammo seyf elektron parolli bo‘lgani uchun ocha olmagan. Hamma joyni titkilab chiqqan, — deydi u.


Tadbirkorga ko‘ra, do‘konning tashqi kameralaridagi yozuvlar Shayxontohur tumani ichki ishlar xodimlariga taqdim etilgan. Biroq voqeadan keyin hozirgacha u bilan ishning natijasi bo‘yicha qayta bog‘lanilmagan. Tadbirkorni eng ko‘p o‘ylantirayotgan jihat esa o‘g‘rilikning o‘zi emas, balki unda yosh bolalar ishtirok etayotgani. Uning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi holatlar aks etgan bir nechta videolarni ko‘rgan.


— Men hozir bolalar bilan sodir bo‘lgan uchinchi yoki to‘rtinchi videoni ko‘ryapman. Bulvardagi boshqa do‘konda ham xuddi shunday holat bo‘lgan ekan. U erda bolalar kiyimlari do‘koni bo‘lgan. Men aniq biladiganim bir nechta do‘konda shunga o‘xshash o‘g‘rilik sodir bo‘lgan. Har birida yoshi kichik bolalar ko‘rinadi, — deydi tadbirkor.
Uning fikricha, bunday holatlarning takrorlanayotgani ortida bolalarni muayyan tarzda yo‘naltirayotgan kattalar bo‘lishi ehtimoli ham tekshirilishi kerak.


— Bu bolalar qaerdan kirishni, qaerdan nima qidirishni qaerdan biladi? Polkalarni titkilab, hamma joyni ag‘dar-to‘ntar qilib chiqishgan. Kimdir ularni kuzatib, do‘kon qachon yopilishini, qaerdan kirish mumkinligini o‘rgangan bo‘lishi ham mumkin. Agar bu bolalar haqiqatan ham shu ishga jalb qilinayotgan bo‘lsa, ularni kim o‘rgatayotganini aniqlash kerak, — deydi u.


Tadbirkorning aytishicha, qo‘riqlanadigan va odam gavjum hududda bunday holatlarning sodir bo‘layotgani ham jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.


— Eng qizig‘i, do‘konimizning yonginasida qo‘riqlash xizmati xonasi bor. Hodisa tungi payt, taxminan soat uch-to‘rtlar atrofida sodir bo‘lgan. Shunga qaramay, bu bolalar kameraga tushishdan ham qo‘rqmagan. Bir videoda bolalardan biri niqobda, boshqalari esa niqobsiz kirganini ko‘rdim, — deydi u. Yulduz Mavlonova o‘zini avvalo ona sifatida bu holatdan qattiq taʼsirlanganini taʼkidlaydi.


–Rostini aytsam, huquqbuzarlikda kattalar emas, aynan bolalarning ishtiroki meni o‘ylantirmoqda. Bola yoshligidan nimaga o‘rgatilsa, ko‘pincha shuni qabul qiladi. U uchun bu oddiy holatdek tuyulib qolishi mumkin, — deydi u.


Tadbirkorning fikricha, farzand tarbiyasida ota-onaning eʼtibori va bola bilan muloqot juda muhim.


— Hammamiz ishlaymiz. Men ham ishlaydigan onaman, farzandlarimning otasi ham ishlaydi. Lekin bola bilan gaplashish kerak. «Hali kichik, hech narsani tushunmaydi», deb o‘ylamaslik lozim. Hatto 4–5 yoshli bolaga ham hayotni o‘z tilida tushuntirish mumkin. Nima uchun o‘qish kerakligi, halol mehnatning ahamiyati, yaxshi va yomon ishning oqibati haqida gaplashib turish zarur. Uning taʼkidlashicha, bolalarni vaqtida to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish nafaqat oila, balki jamiyatning ham vazifasi.
— Hozir bu bolalar kichik. Lekin ertaga ular katta bo‘ladi. Agar bugun «qilaversam bo‘ladi» degan tushuncha shakllansa, ertaga og‘irroq jinoyatlarga ham qo‘l urishi mumkin. Shuning uchun ularning kelajagi haqida o‘ylashimiz kerak. Ularni o‘qishga, ilmga qiziqtirish, ular bilan suhbatlashish zarur, — deydi tadbirkor.
– Voqeadan so‘ng do‘konda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Qulflarni to‘liq o‘zgartirdik. Endi eshikni ochishning iloji yo‘q. Pastki qismiga ham, o‘rtasiga ham qulf qo‘ydik.


Biroq suhbatda aniq bo‘ldiki, uning xavotiri hali ham tarqagan emas.Tadbirkorning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi videolar yana paydo bo‘lmoqda. Uning o‘ziga ham turli do‘konlardagi shunga o‘xshash holatlar aks etgan videolar yuborilmoqda.


— Biz hali qancha holat borligini bilmaymiz. Ommaviy tarmoqqa chiqarilgani uch-to‘rttasi bo‘lishi mumkin. Balki boshqa do‘konlar bu haqda gapirmayotgandir. Hatto yon-atrofimizdagi ayrim do‘konlarda ham shunday voqealar bo‘lganini eshitdim, — deydi u.


Yulduz Mavlonova hozircha ichki ishlar organlarining ishiga nisbatan keskin eʼtiroz bildirish niyati yo‘qligini, biroq murojaatidan keyin natija haqida xabar berilmaganini aytdi.


— Bir oy bo‘ldi, hozircha bizga hech qanday natija haqida xabar berishmadi. Balki qidiruv ishlari davom etayotgandir. Men ularga nisbatan hozircha daʼvo qilmoqchi emasman. Faqat natijani bilmaymiz, xolos, — deydi tadbirkor.


Uning fikricha, agar voqealar haqiqatan ham bir nechta joyda takrorlanayotgan bo‘lsa, bu holatlarga alohida eʼtibor qaratish zarur.


Feruza Rahimova


Ishonch.uz




Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid