Bir murojaat ortidan 132,6 million so‘m mehnat haqi undirildi
Qarshi shahri va Koson tumanida yashovchi to‘rt nafar fuqaroning “Qashqadaryo parmalash ishlari” AJda to‘lanmay qolgan ish haqi va mehnat taʼtili pullarini undirish bo‘yicha murojaati ijobiy hal etildi. Abror va Alisher Shomamatovlar, Nazokat Yaxyoeva hamda Raʼno Jumanazarova O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyati Kengashiga murojaat qilgan. Murojaatni o‘rganish davomida “Qashqadaryo parmalash ishlari” AJda murojaatchilarning ish haqlari o‘z vaqtida to‘lanmagani, shuningdek, ayrim xodimlarga foydalanilgan mehnat taʼtili uchun haq berilmagani aniqlandi.
Xususan, 2011 yildan buyon jamiyatda taʼmirlovchi chilangar bo‘lib ishlab kelayotgan Alisher va Abror Shomamatovlarning har biriga 11 million 954 ming 250 so‘m, ish haqi to‘lanmagan. 2015 yildan jamiyatning xo‘jalik bo‘limida EHM operatori bo‘lib ishlayotgan Raʼno Jumanazarovaning 14 million 590 ming 909 so‘m, 2026 yil 18 maydan boshqaruv apparati kotibasi vazifasida ishlab kelayotgan Nazokat Yaxyoevaning esa 9 million 142 ming 500 so‘m ish haqi berilmagan.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyati Kengashi xodimlar manfaatini ko‘zlab, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritdi. Sudning 2026 yil 18 avgustdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari to‘liq qanoatlantirildi. Qarorga ko‘ra, to‘rt nafar xodim foydasiga jami 132 million 662 ming 557 so‘m miqdorida to‘lanmay qolgan ish haqi hamda foydalanilgan mehnat taʼtili pullarini undirish belgilandi.
Shamsiddin SATTOROV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Qashqadaryo viloyati kengashi huquq inspektori



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0