TARIX BILAN YuZMA-YuZ: «Ishonch» jamoasi Islom tsivilizatsiyasi markazida
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017 yilda qurilishi boshlangan va qariyb 9 yil davomida bunyod etilgan Islom tsivilizatsiyasi markazi yurtimizning boy tarixiy-maʼnaviy merosini namoyon etuvchi muhtasham maskanga aylandi. Joriy yilning 17 mart kuni rasman ochilgan ushbu markazga iyun oyi oxirigacha yarim millionga yaqin sayohatchi tashrif buyurgan bo‘lsa, hozirda kuniga kamida 3 ming nafar mehmon kelmoqda. Yaqinda «Ishonch» gazetasi jamoasi ham ushbu majmuani ziyorat qildi.
Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda qad rostlagan uch qavatli binoning umumiy maydoni 42 ming kvadrat metrdan ziyod, gumbazi balandligi esa 65 metrni tashkil etadi. Markaz ekspozitsiyalarida islomgacha bo‘lgan davr, IX–XIII asrlardagi ilmiy va maʼrifiy yuksalish, Temuriylar davri hamda zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyoti aks etgan. Qurʼon zalida esa islom olamining nodir yodgorligi — Usmon Mushafi joylashtirilgan.
Tarixchi Jasur Haydaralievning taʼkidlashicha, markaz kutubxonasida 2500 dan ortiq qo‘lyozma va toshbosma asarlar, 40 mingga yaqin bosma nashr hamda 350 mingdan ziyod elektron materiallar jamlangan. Bu erda Ibn Sino, Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek, Bobur va Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz asarlarining nusxalari, zamonaviy va interaktiv texnologiyalar orqali taqdim etilgani tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirmoqda.
Sayohat davomida gazeta xodimlari o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, markaz ajdodlarimizning jahon tsivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini aniq dalillar va noyob eksponatlar orqali ko‘rsatib beradigan betakror maskan ekanini eʼtirof etishdi.
Zebo NAMOZOVA, Ishonch.uz
Suratlar muallifi: Eʼzoza UMURZOQOVA



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0