SUVDA KIM ChAQQON? Aviatsiya xodimlari kubok uchun bellashdi
Yugurish, arqon tortish kabi sport o‘yinlarida ko‘pchilik musobaqalashishi mumkin. Ammo suzishga kelganda hamma ham bellashishga qodir emas. Vaholanki, suzish eng foydali sport turlaridan biri.
Yaqinda O‘zbekiston aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan “Respublika kengashi kubogi” uchun shiori ostida tashkil etilgan suzish musobaqasida tarmoqdagi korxona va tashkilotlarning ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
Bellashuv O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Suv sporti saroyida o‘tkazilib, uning ochilish marosimida saroy direktori Bahodir Tojiev va Aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Alisher Mullabekovlar so‘zga chiqishdi. Ular ishtirokchilarga omad tilar ekan, sportning jamoada sog‘lom muhit hamda faol hayot tarzini shakllantirishdagi ahamiyatiga ham to‘xtalishdi.
Shundan so‘ng yosh toifalari bo‘yicha bahslar boshlandi. Har bir ishtirokchi g‘alaba uchun bor kuchini ishga soldi. Qizg‘in va murosasiz bellashuvlar yakunida 18–25 yoshli erkaklar o‘rtasida Otabek Ibrohimov («Uzaeronavigatsiya» MChJ) birinchi, Otabek Po‘latov («Qarshi xalqaro aeroporti» MChJ) ikkinchi, Javohir Hayitboev («O‘zbekiston havo yo‘llari» AJ) uchinchi o‘rinni egalladi.
26–35 yoshli erkaklar bahsida Yuriy Gulushko (Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi) g‘olib bo‘ldi. Bahodir Masimov («Ketring» MChJ) ikkinchi, X.Mahmudov («O‘zbekiston havo yo‘llari» AJ) uchinchi o‘rinni oldi.
Ayollar o‘rtasida 18–25 yosh toifasida Sevinch Yuldashova (“O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ) birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 26–35 yoshli ayollar bahsida Kseniya Xen («O‘zbekiston Airports» AJ) g‘oliblikni nishonladi.
Melek Nailova («I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti» MChJ) ikkinchi, Jansulu Saparalieva («Uzaviatsiya» agentligi) uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
Zebo NAMOZOVA
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0