Katta Langar Qurʼoni — Markaziy Osiyoning noyob merosi
Toshkentdagi Islom tsivilizatsiyasi markazida «Katta Langar Qurʼoni — Markaziy Osiyoning afsonasi» mavzusida taqdimot o‘tkazildi.
Unda mazkur noyob qo‘lyozmaning tarixi, saqlanishi va islom tsivilizatsiyasidagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Rustam Jabborovning taʼkidlashicha, Katta Langar Qurʼoni yurtimizda saqlanib kelayotgan eng qadimiy Qurʼon nusxalaridan biri hisoblanadi.
Qo‘lyozmaning saqlanib qolgan sahifalari asrlar davomidagi eʼtiqod, ilm-fan va madaniy meros tarixini o‘zida mujassam etgan.
«Katta Langar» nomi Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi shu nomli qishloq bilan bog‘liq. Mazkur hudud asrlar davomida tasavvuf tariqatlari faoliyati bilan mashhur bo‘lgan. Xususan, Ishqiya tariqatining davomchilaridan biri Abul Hasan Ishqiy shu erda yashab, faoliyat olib borgan. Uning maqbarasi ham Katta Langar qishlog‘ida saqlanib qolgan.
Taqdimot davomida Katta Langar Qurʼonining kelib chiqishi, uning qanday yozilgani, turli davrlarda saqlanishi va tadqiq etilishi haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, ushbu noyob qo‘lyozmani o‘rganish bo‘yicha bir necha yillar davomida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik natijalari haqida so‘z yuritildi.
Ayni paytda Katta Langar Qurʼoni O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning bebaho maʼnaviy-madaniy merosi sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Islom tsivilizatsiyasi markazida uning faksimile nusxasi bilan ham tanishish mumkin.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0