Feminizm XXI asrda qanday talqin qilinmoqda?!

Bugungi globallashuv va axborot tezligi davrida insoniyat hayotining har bir jabhasida yangi tushunchalar, yangi ijtimoiy g‘oyalar paydo bo‘lmoqda. Ularning ayrimlari jamiyat taraqqiyoti va adolat g‘oyasini mustahkamlasa, baʼzilarining noto‘g‘ri talqini jamiyatni bo‘linishga, qadriyatlardan uzoqlashishga olib kelmoqda. Ana shunday masalalardan biri – feminizm tushunchasidir.
Jamiyat
122 16:37 | 08.09.2026 16:37

So‘nggi yillarda dunyo miqyosida feminizm harakati keng yoyilib, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning asosiy vositasiga aylangan. Aslida feminizmning maqsadi erkak va ayol o‘rtasida tenglikni taʼminlash, ularning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashdir. Ammo, afsuski, bugungi kunda ushbu g‘oya ayrimlar tomonidan radikal va biryoqlama talqin qilinib, uning asl mohiyatiga zid tarzda namoyon bo‘lmoqda.


Feminizm tarixan XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ayollarning saylov huquqi, taʼlim olish va mehnatga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish harakati sifatida shakllangan. O‘sha davrda jamiyatning ijtimoiy tuzilmasi patriarxat bo‘lgani sababli ayollar ko‘p hollarda ikkinchi darajali ijtimoiy qatlam sifatida qaralgan. Shu sababli feminizmning paydo bo‘lishini insoniyat ijtimoiy adolatga intilishining tabiiy natijasi sifatida ko‘rish mumkin.


Feminizmning zamonaviy talqini esa ayollarni erkaklarga qarshi qo‘yish emas, balki ularning imkoniyatlarini tenglashtirish orqali jamiyatda muvozanatni taʼminlash g‘oyasiga asoslanadi. Zero, jamiyatning yarmi ayollar, ularning faolligi va salohiyatisiz taraqqiyot haqida so‘z yuritish mumkin emas. Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda gender tenglik siyosati nafaqat ayollarni, balki erkaklarning ham huquqlarini himoya qiladi. Har ikki jins jamiyatda o‘z salohiyatini erkin namoyon etish imkoniga ega bo‘ladi.


Ammo so‘nggi paytlarda, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar rivoji ortidan, feminizm atamasi ayrim blogerlar, jamoatchilik faollari va hatto ommaviy axborot vositalari tomonidan siyosiy, shaxsiy yoki g‘oyaviy manfaatlar uchun noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayrimlar feminizmni «erkaklardan ustunlik», «erkaklardan voz kechish», yoki «ayollar hukmronligi» kabi tushunchalar bilan aralashtirib yubormoqda. Natijada jamiyatda fikriy qutblanish, jinslar o‘rtasida o‘zaro ishonchsizlik va nosog‘lom munosabatlarni yuzaga keltirmoqda.


Eng xavflisi, bu jarayon yosh avlod ongiga ham taʼsir etmoqda. Ular feminizmni radikal yoki buzg‘unchi kuch sifatida ko‘ra boshlamoqda.
Aslida feminizmning radikal talqini insoniyat tarixidagi boshqa har qanday adolat g‘oyasining noto‘g‘ri yo‘naltirilgan shakli kabi jamiyatni birlashtirolmaydi. Bunday holat ijtimoiy barqarorlikka ham, maʼnaviy qadriyatlarga ham putur etkazadi.


Axborot asrida bir og‘iz fikr millionlab odamlarga taʼsir qilishi mumkin. Shu sababli, har qanday ommaviy minbarda chiqish qilayotgan shaxs o‘z so‘zining mazmunini, ijtimoiy taʼsirini, va eng muhimi, masʼuliyatini chuqur anglamog‘i kerak. O‘zining shaxsiy auditoriyasiga ega inson, xoh u jurnalist, xoh bloger yoki boshqa bir mashhur shaxs bo‘lsin, ijtimoiy mavzularda gapirar ekan, avvalo ilmiy, madaniy va axloqiy asosga tayanishi zarur.


Feminizm – bu jamiyatdagi adolat, insonparvarlik va tenglik g‘oyasining ifodasi. U hech qachon erkaklarga qarshi kurash emas, balki insonning layoqati, aqli va mehnati orqali o‘z o‘rnini topish huquqini himoya qilishdir. Feminizmni radikal shaklda talqin qilish, uni bir jinsning ustunligi sifatida ko‘rsatish bu g‘oyaning mohiyatiga emas, ko‘rinishiga xizmat qilish hisoblanadi.


Aslida har bir inson, xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin, bir-birini teng va hurmatli hamkor sifatida qabul qilgan jamiyatgina haqiqiy taraqqiyot sari boradi. Shu bois, har kim, ayniqsa ommaviy auditoriyaga ega shaxs, so‘zining masʼuliyatini chuqur his etib, g‘oyalarni nafaqat his-tuyg‘u bilan, balki bilim, madaniyat va tafakkur asosida etkazmog‘i lozim.



Dildora DO‘SMATOVA
Ishonch.uz



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid