Farg‘onaga chinorlar kerak emasmi?

Farg‘ona azaldan chinorlari bilan ham mashhur. Ko‘chalar, xiyobonlar, yo‘l bo‘ylaridagi azim daraxtlar shaharga alohida fayz bag‘ishlab kelgan.
Jamiyat
187 13:49 | 06.09.2026 13:49

Ammo yillar davomida turli sabablar bilan ko‘plab chinorlar kesib tashlandi. Endi esa saqlanib qolganlari ham asta-sekin qurib, kasallanib bormoqda. Yo‘llar yoqasida barglari sarg‘aygan, shoxlari qurigan, zaiflashib ketgan ko‘plab chinorlarni ko‘rish mumkin. Hatto hali o‘sishda davom etayotganlarida ham kasallik alomatlari yaqqol ko‘rinmoqda.


Bu holatni ko‘rib, be-ixtiyor savol tug‘iladi: uzoq yil yashashi isbotlangan bu daraxtlar nima sababdan birin-ketin nobud bo‘lmoqda? Ular tabiiy ravishda qariyaptimi yoki o‘z vaqtida aniqlanishi zarur bo‘lgan qandaydir omillar bormi?


Daraxt qurisa, o‘rniga yangi ko‘chat ekish mumkin. Ammo bugun ekilgan nihol ko‘chalarga soya soladigan, shaharga ko‘rk bag‘ishlaydigan azim daraxtga aylanishi uchun o‘nlab yillar kerak. Shuning uchun borini asrash, kasallanganini davolash va har bir ko‘p yillik chinorni saqlab qolish yangi ko‘chat ekishdan ham muhimroq.


Dunyo tajribasidan ko‘ramizki, daraxtlarning sog‘lom o‘sishiga juda katta eʼtibor q a r a t i l a d i. Maxsus inʼektsiyalar orqali daraxt to‘qimalariga zarur preparatlarni etkazish, ildiz tizimini tiklash, oziqlantirish va zararkunandalarga qarshi kurashish kabi usullardan foydalaniladi. Oddiy qilib aytganda, daraxtlarda kasallik belgilari aniqlansa, sababi o‘rganilib, mutaxassislar tomonidan tegishli choralar ko‘riladi.


Masalan, Xitoyga sayohat qilgan bir do‘stimiz video orqali o‘zi yashagan mehmonxona hududidagi daraxtni mutaxassislar xuddi bemor inson kabi igna bilan davolayotganini ko‘rsatganda, hayratga tushgandik.


Bizda-chi?.. Ko‘cha bo‘ylaridagi azim chinorlarning ko‘pi qurib bormoqda. Ko‘karib turganlarini ham sog‘lom, deb bo‘lmaydi. Ammo negadir parvarishga muhtoj chinorlarning holatini kimdir maxsus o‘rganayotganini, kasallik sababini aniqlayotganini yoki ularni saqlab qolish uchun davolash ishlari olib borilayotganini kuzatmaganmiz.


Shu o‘rinda savollar tug‘iladi: Farg‘onada chinorlarning bugungi holati kimnidir jiddiy o‘ylantiryaptimi? Tegishli idoralar daraxtlarning qurib va kasallanib borayotgani sabablarini o‘rganyaptimi? Mutaxassislar tomonidan kasallangan daraxtlarni davolash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqdami?


Bu savollarga masʼul tashkilotlarning javobi hamma uchun qiziq. Agar bugun qolgan chinorlarni ham asrash, kasallanganlarini davolash, qurish sabablarini aniqlash haqida jiddiy o‘ylamasak, bir necha yildan keyin Farg‘onaning chinorlari haqida faqat o‘tmishdagi xotira sifatida gapirishimiz mumkin.


Jamshid ERGAShEV


“Ishonch” gazetasining 2026 yil 5 sentyabr, 109-sonidan olindi



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid