BOYOVUTDAGI 35-BOG‘CHADA BOLALARGA ACHIGAN NON BERILGANI AYTILMOQDA

Jamiyat
1749 15:47 | 26.08.2026 15:47

Vaziyatga kim javob beradi?

«Ishonch.uz»ga bog‘cha bolalari bilan bog‘liq jiddiy murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani Yangiobod MFY hududida joylashgan 35-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 25 avgust kuni bolalarga sifatsiz, yanayam aniqrog‘i, achigan va eyish uchun yaroqsiz holga kelgan non mahsuloti berilgani aytilmoqda. Ota-onalar esa bu holat yuzasidan mutasaddilardan izoh va chora kutishmoqda.


Maʼlum bo‘lishicha, bog‘chada ishlovchi xodimlardan biri nonlarning ayrim qismlari sifatsiz, isteʼmolga yaroqsiz holatga kelganini ko‘rib, ularni kesib, video tasvirga olgan va ota-onalar guruhiga yuborgan. Keyinchalik ota-onalar bilan bo‘lgan yig‘ilishda aytilishicha, mazkur non mahsulotlari bog‘chaga yakshanba kuni olib kelingan. Shunga qaramasdan, seshanba kuni ham bolalarga berilgan. Bu bog‘chada sifatsiz oziq-ovqat mahsuloti bilan bog‘liq ilk holat emasligi haqida ham gap-so‘zlar bor. Ota-onalar o‘tgan yili ham bog‘chada bolalarga hidlangan go‘sht mahsulotidan ovqat tayyorlab berilgani haqida eshitishgan, ammo unda qo‘llarida jiddiy asos bo‘lmagani bois yuqori tashkilotlarga murojaat qila olmaganini aytishdi. O‘shanda oshpazlar va tarbiyachilar rahbariyatga eʼtiroz bildirib, bolalarga sifatli mahsulot etkazib berish zarurligini taʼkidlashgan. Ammo, bog‘cha mudirasi tomonidan xodimlarga «Har kim o‘z ishi bilan shug‘ullansin» qabilida munosabat bildirilgan.


Shundan so‘ng xodim bu safar ham bolalar salomatligi haqida qayg‘urib, holatni ota-onalar eʼtiboriga havola qilishga qaror qilgan. Ishonch.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan otalardan biri Temur Rajabov bu holatdan jiddiy tashvishga tushganini bildirdi.
– Shu paytgacha farzandlarimni bog‘chaga xotirjam yuborib kelayotgan edim. Lekin ota-onalar guruhiga tashlangan videoni ko‘rib, juda xavotirlandim. Bolalarimga shunday sifatsiz mahsulot berilib, ularning sog‘lig‘iga zarar etsa-chi? Biz bolalarimizning xavfsizligiga ishonib, xotirjam yurgan edik. Nega ularga bunday mahsulot berilishiga yo‘l qo‘yilmoqda? Taʼminotchi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish yoki sifatsiz mahsulot etkazib bergani uchun chora ko‘rish imkoni yo‘qmi? Oxir-oqibat buning uchun kimdir javob berishi kerak-ku?, – deydi T. Rajabov.


Ota-onalarni qiynayotgan asosiy savol ham shu: maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalar isteʼmoli uchun etkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati kim tomonidan va qay tartibda nazorat qilinadi?


Agar mahsulot haqiqatan ham yaroqsiz holda etkazib berilgan bo‘lsa, uni qabul qilishga va bolalar dasturxoniga chiqarishga qanday yo‘l qo‘yilgan? Taʼminotchi tashkilotning masʼuliyati qani? Bog‘cha rahbariyati mahsulot sifatini tekshirishda qanday chora ko‘rgan? Bu savollarga masʼul tashkilotlar aniq javob berishi kerak. Chunki gap oddiy non haqida emas, ota-onalar ishonib topshirgan bolalarning salomatligi haqida ketmoqda. Bir martalik eʼtiborsizlik ham bola salomatligi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ayni holat yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, non mahsulotining sifati, uning bog‘chaga qachon va kim tomonidan etkazib berilgani, qabul qilish jarayonida qanday nazorat amalga oshirilgani haqida huquqiy baho berilishi kerak.
«Ishonch.uz» mazkur holat yuzasidan masʼul tashkilotlarning munosabatini ham kutadi.


Zebo Namozova
Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid