Yosh bolali va homilador ayollarga ish faoliyatida imtiyoz beriladimi?
Savolga O‘zbekiston kasaba uyushmalari
Federatsiyasining Navoiy viloyati kengashi mehnat-huquq inspektori Alisher Rahmatov quyidagicha javob berdi:
— Homilador va uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarni, ularning homiladorligi yoki bolasi borligini vaj qilib ishga qabul qilmaslik, ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish deb hisoblanadi.
Ularni ishga qabul qilishni rad etish va ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma’lum qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Shuningdek, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga dastlabki sinov belgilanmaydi.
Qonunchilikka ko‘ra, yillik asosiy ta’til xodimlarga birinchi ish yili uchun olti oy ishlangandan keyin beriladi. Lekin ayollarga homiladorlik va tug‘ish ta’tili oldidan yoki undan keyin, ularning xohishi bo‘yicha olti oy o‘tmasdan oldin beriladi.
Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko‘rsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi.
Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo‘lgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0