O‘qituvchilar o‘rtasidagi raqobat sabab ko‘zidan ayrilgan ustoz

U nimadan pushaymon?
Mehnat huquqi
3010 16:51 | 05.08.2023 16:51

«Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q». Ayniqsa, yoshlikda ko‘p narsaning qiymati bo‘lmaydi. Go‘yo bu umr, bu shijoat va sog‘lik odamga abadiyga berilganday, hislar yoshlikda bo‘y ko‘rsatadi. Ehtimol shu bois odamlar umrining ayni shu pallasida o‘ziga ziyon ham yetkazadi. Hikoyamiz qahramoni – bir ko‘z bilan o‘qituvchilik qilayotgan qashqadaryolik yigit ham ana shundaylardan…


Suhbatdoshimiz iltimosiga ko‘ra, uning ismini oshkor etmagan holda hikoyani taqdim etamiz.


«Yoshim 26 da. O‘quv-markazida tarix fanidan repetitorlik qilayotganimga 6 yil bo‘lyapti. Qo‘shimchasiga maktabda ham dars beraman. Bugun sizlarga boshimdan o‘tkazgan bir voqeani aytib bersam, hayratdan lol qolasiz…


Oilada to‘ng‘ich farzand edim. 2015 yil kollejni tamomlab, universitetga hujjat topshirdim. O‘quv-markazda yaxshi tayyorlangan, hatto yuqori ball to‘plagan bo‘lsam ham kirolmadim. U paytlar 1 avgustdagi imtihon naqadar «shaffof» o‘tishini aytishim shart emas… O‘shanda o‘qishdan yiqilganlar oldida ikkita yo‘l qolardi: yo kirmaguncha qayta-qayta urinish yoki tirikchilik vajidan boshqa yo‘l qidirish.


Men birinchi yo‘lni tanladim. Oxirgi marta urinib ko‘rishga qaror qildim. O‘sha yili dekabrgacha o‘qishga hafsalam bo‘lmadi. Fevraldan yana o‘quv-markaziga qatnay boshladim, ammo kutilmaganda… May oyiga borib, oilaviy ahvolimiz og‘irlashib qoldi (qishloqda yashardik). Daromad kam, turmushimiz og‘ir edi.


Onam kunlik mavsumiy ishlarda ishlar, mendan boshqa farzandlarning ham bo‘yi yetib qolgandi. Hatto singlim ham mavsumiy ishlarda ishlab, onamga yordam berardi. Ular o‘quv-markazidagi qo‘shimcha darslaru xarajatlarim uchun pul topib berishayotgandi. Ko‘ra-bila turib, ularga og‘irlik qilishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Reptetitorga borishni tashlab, uyda tayyorlana boshladim.


G‘alaba


Shu yili omadim keldi. Eng yuqori ball bilan byudjet asosida universitetga o‘qishga kirdim.


Maqtanish emas, o‘zimga ishonchim juda baland edi. O‘qishga kirgach ham qalbimdagi mana shu ishonch va mag‘rurlik hissi alangalanib boraverdi. Universitetda ham eng ilg‘or talabaga aylandim.


2017 yil ikkinchi bosqichga o‘tganimda o‘zim o‘qigan o‘quv-markazi meni ishga taklif qildi. Shunday qilib, 19 yoshimdan markazda repetitorlik qila boshladim. Shogirdlarim yaxshi natija ko‘rsata boshlashdi.


Ammo, ana shunday kunlarning birida hayotimda katta burilish yasagan voqea sodir bo‘ldi.


Dars berib, xarajatlarimga uch-to‘rt so‘m pul topayotgan paytlarim edi. Afsuski, o‘quv-markazidagi o‘qituvchi-repetitorlar orasida zimdan raqobat ketardi. Ular o‘quvchilarining qanday natija ko‘rsatishi borasida qattiq bahslashardi. Tabiiyki, mag‘rurligim meni ham bu bahsga chorladi.


Keyinchalik bu raqobat o‘quv-markazidan hayotimizga ham ko‘chdi.


Bellashayotgan ustozlar o‘z o‘quvchilari bilan o‘zaro jamoa tuzib, futbol o‘ynashga kelishdik.


Shunday qilib, haftada bir futbolda ham bellashadigan bo‘ldik. Bora-bora nafaqat bilimda, balki futbolda ham mag‘lub bo‘lish har ikkala tomonga alamli tuyula boshladi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, yutqazmaslik uchun hatto tashqaridan begona o‘yinchilar yollaydigan bo‘ldik. Oqibatda, raqobat o‘ta nosog‘lom tus ola boshladi. Shunda insoniylik ham chetga surildi go‘yo.


Qaysidir o‘yinda chetdan olib kelingan o‘yinchilardan biri to‘pga sakrayotib, tirsagi bilan ko‘zimga urib yubordi. Shifokorga borsam, menga ko‘z shox pardasida qattiq ko‘chish tashxisi qo‘yildi.


Alam qilgani shuki, biz yutqazsak, keyingi safar yutishni o‘ylab kelardik, lekin bu gal unday emasdi. Kamina hayotning bu o‘tkinchi o‘yinida alamli mag‘lubiyatga uchragandi – bir ko‘zim butunlay ko‘rmaydigan bo‘lib qoldi…


Hozir bitta ko‘zim ko‘rmasligi atrofdagilarga bilinmaydi. Chetdan qaraganda sog‘ ko‘zdan farqi yo‘q. Ammo u faqat yorug‘likni arang sezadi. Shifokorlar donor topilsa, butun ko‘zni almashtirish mumkin deyishyapti. Yaqinlarimga bir ko‘zim ko‘rmay qolganini sezdirganimcha yo‘q. Axir onam eshitsa…


Pushaymon


Bu voqeadan so‘ng sog‘liqning, hayotning qadrini tushuna boshladim. Oldingidan ko‘ra ko‘proq o‘qishga harakat qilyapman, ammo bunda ko‘proq Haq yo‘lida yurish, iymonni mustahkamlashga yuzlanish kerakligini tushundim. Bir ko‘zim ishlamagani holda birinchi yili 12 nafar, keyingi yili esa 18 nafar o‘quvchim oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Mehnat huquqi
Mehnat huquqi
Mehnat huquqi
Shifokorlar huquqi tiklandi
0 3113 12:32 | 26.09.2023
Mehnat huquqi