Mehnat huquqi
3694 10:14 | 12.09.2023 10:14

Savol: Tanishim ishlaydigan korxona qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq. Shu sababli maoshining bir qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘lanadi. Biroq ayrim vaqtlarda bu mahsulotlarni olish uchun hosil yig‘im-terimini kutishga majbur. Ish haqi qisman mahsulotlar bilan to‘lanishi qonuniymi?


Tanzila O‘RMONOVA,
Toyloq tumani


Javob: Mehnat qonunchiligiga muvofiq xodimga ish haqi milliy valyutada (so‘mda) to‘lanadi. Ish haqini qarz majburiyatlari, tilxatlar, kuponlar tarzida to‘lash, shuningdek, mehnatga natura shaklida haq to‘lash taqiqlanadi.


Shu bilan birga, Mehnat kodeksining 256-moddasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda mehnatga natura shaklida haq to‘lashga ham yo‘l qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.


Shu asosda 2023 yil 13 iyulda Vazirlar Mahkamasining «Ish haqini natura shaklida to‘lashni tartibga solish to‘g‘risida»gi 286-sonli qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, xodimning yozma roziligiga asosan ­quyidagi hollarda mehnatga natura shaklida haq to‘lanadi:


– xodim yoki uning oilasi iste’moli uchun ish beruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish;


– o‘ziga xizmat ko‘rsatilishi va uy xo‘jaligini yuritishda ko‘maklashish maqsadida uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan uy xizmatchilariga oziq-ovqat va vaqtincha yashash uchun uy-joy bilan ta’minlash shaklida hisob-kitob qilish.


Ish haqini natura shaklida to‘lash sharti xodimning roziligi asosida u bilan tuziladigan mehnat shartnomasida ko‘rsatilishi kerak. Bunda ish haqining natura shaklidagi umumiy summasi 30 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.


Shuningdek, qishloq xo‘jaligi tovar va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi ish beruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlarning narxini ularning tannarxidan yuqori belgilash taqiqlanadi.


Huquq va xalqaro hayot bo‘limi



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid