Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib fond birjasini zabt etgan SQB
Xorijiy investitsiya, transformatsiya yoki aktivlar kabi so‘zlarni iqtisodiy xabarlarda juda ko‘p eshitamiz. Lekin bu tushunchalar oddiy insonlar hayotiga qanday ta’sir qiladi? Bugun O‘zsanoatqurilishbank jurnalistlar uchun tashkil etgan matbuot anjumanida o‘tgan va joriy yilning shu davrigacha bo‘lgan natijalari hamda kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Raqamlarni chetga surib, amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlasak, quyidagi asosiy yutuq va amaliyotlar ko‘zga tashlanadi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, 2025 yilda SQB aktivlari hajmi 102 trln so‘m, kapitali 12 trln so‘m, depozit bazasi 31,5 trln so‘m, shundan aholi omonatlari hajmi 10,5 trln so‘mni tashkil etdi. Sof foyda 2025 yil yakuniga ko‘ra, 1,9 trln so‘m bo‘lib, bank mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha tijorat banklari orasida yetakchi o‘rinni egalladi. Iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sohasiga 26, 7 trln so‘m miqdorida kredit ajratilib, 120 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi.
Ishonchli hamkorlik va natijalar
O‘zsanoatqurilishbankning xalqaro moliya bozoridagi obro‘si yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. Buni bankning xorijiy sheriklar bilan olib borayotgan manfaatli hamkorligi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Birgina o‘tgan yil davomida bank tomonidan dunyoning o‘ttizga yaqin nufuzli moliya institutlari va chet el banklaridan 932,3 mln dollar miqdoridagi moliyaviy resurslar jalb qilindi. Ushbu mablag‘larning asosiy qismi Yevropa, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaqin Sharq hamda Arab davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xo‘sh, buncha hajmdagi investitsiyalar aslida nimalarga sarflandi va iqtisodiyotimizga qanday foyda keltirdi? Ushbu savolga O‘zsanoatqurilishbank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Abdurashid Hakimov quyidagicha javob berdi:
– Jalb etilayotgan xorijiy mablag‘lar uzoq muddatli va barqaror resurs bazasini yaratish imkonini beradi. Biz ushbu mablag‘lar hisobidan tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlayapmiz. Xususan, 2025 yilda korporativ, o‘rta, kichik va mikrobiznes yo‘nalishlarida 1400 ga yaqin loyiha moliyalashtirildi. Mablag‘lar asosan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi sohalar, eksportbop ishlab chiqarish, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, infratuzilma hamda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.
Xorijiy hamkorlikning amaliy natijasini kundalik hayotimizda ham sezish qiyin emas. Masalan, aynan ushbu mablag‘lar ko‘magida Toshkent shahri jamoat transporti uchun ikki yuzdan ortiq zamonaviy va ekologik toza 200 ta katta sig‘imli elektrobuslar hamda ularni quvvatlovchi uskunalar sotib olindi. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab yuqori texnologiyali beshinchi avlod aloqa tizimini rivojlantirish loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. Bunday loyihalar mamlakatning raqamli va transport infratuzilmasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Xalqaro moliyaviy sheriklik shu tariqa yurtimiz ravnaqi va aholi farovonligini oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
London fond birjasidagi muvaffaqiyat
Barchasi dunyoning eng nufuzli moliya markazi bo‘lgan London fond birjasidan boshlandi. 2024 yil iyulida SQB London fond birjasida 580 mln dollar ekvivalentidagi yevroobligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi. Qimmatli qog‘ozlarni jahonning 69 ta yirik fondi va investitsiya kompaniyasi xarid qildi, mablag‘larning 55 foizi AQSh investorlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
2025 yil oktyabrida esa bank London fond birjasida 300 mln dollarlik birinchi darajali qo‘shimcha kapital – AT1 obligatsiyalarini muomalaga chiqardi. Investorlar talabi emissiya hajmidan to‘rt barobar ziyod bo‘ldi. Ushbu bitim «GlobalCapital» nashrining «Central and Eastern Europe Deal of the Year» mukofoti bilan e’tirof etildi.
Aholi omonotlari uch barobarga oshgan
Bankning eng katta boyligi mijozlarning ishonchi. Odamlar o‘z jamg‘armalarini qayerga qo‘rqmay olib borishi haqida gap ketganda, raqamlar hammasini ochiqlab beradi. Oxirgi to‘rt yil ichida yurtdoshlarimizning ushbu bankka qo‘ygan omonatlari uch barobarga ko‘paydi. Bu aholi o‘z jamg‘armalarini ushbu moliya muassasasida saqlashni xavfsiz deb bilishining yaqqol isbotidir.
O‘zsanoatqurilishbank erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Bank iqtisodiyotimiz uchun yana bir milliard ikki yuz million dollar xorijiy investitsiya olib kirishni maqsad qilgan bo‘lib, yilning birinchi yarmidayoq bu rejaning salmoqli qismi bajarildi. Shuningdek, bank faol ravishda xususiylashtirish jarayoniga tayyorlanmoqda. Milliy investitsiya jamg‘armasining aktsiyalari ommaviy savdoga chiqarilishi ushbu yo‘nalishdagi muhim qadam bo‘ldi. Xullas, bugungi kunda ushbu bank shunchaki pul aylantiradigan idora emas, balki hayotimizni yaxshilashga xizmat qilayotgan yirik moliyaviy lokomotivdir. Chet eldan kelayotgan investitsiyalar esa yangi texnologiyalar, shinam transport va farovon turmush tarzi bo‘lib xonadonlarimizga kirib bormoqda.
Zebo NAMOZOVA
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0