Iqtisod
3259 16:15 | 05.08.2023 16:15

O‘z farzandlariga aliment to‘laydigan otalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo, farzandidan aliment oladigan ota-onalar kam. Bu hamma farzandlar ota-onasiga mehribon deganimas albatta. Shunchaki, farzandimga og‘irim tushmasin, bolam qiynalmasin deydigan ota-onalar ko‘pligidan.


O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi konstitutsiyasi 80-moddasida voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi aytilgan.


Oila kodeksining 110-moddasida voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ta’minot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan.


Farzandidan haqini talab qiladigan ota-onalar ham yo‘q emas.


Shovot tumanlararo sudiga murojaat qilgan ota farzandlarining e’tiborsizligi oqibatida qarigan chog‘ida moddiy ta’minotsiz qoldirishgani uchun aliment undirib berishlarini so‘radi.


“Farzandlarimni voyaga yetguniga qadar tarbiyalab, har tomonlama ta’minlab keldim. Lekin hozirgi kunga kelib nafaqaga chiqqanimda va kasal holimda farzandlarim holimdan umuman xabar olmay qo‘yishdi. Oladigan nafaqa pulim yetmayapti. Moddiy tomondan qiynalib qoldim” deydi ota.


Muammo qonuniy asosda hal etildi. Sud qaroriga ko‘ra, farzandlar otaga aliment to‘laydigan bo‘lishdi.


Bu voqeani eshitgan kishida nega ahvol shunchalikka bordi degan savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, M.T. turmush o‘rtog‘i bilan 20 yillik turmushdan keyin qonuniy ajrashgan. To‘rt nafar farzandi ona qaramog‘ida qolgan. Ota esa uyida bitta o‘zi yashagan.


Kuch-quvvatdan qolgan ota endi e’tiborga muhtoj. Uning oilasiga, onasiga qilgan nohaqligini kechirolmagan farzandlar otani unutishgan. Qonun yordamida ota moddiy ta’minotga ega bo‘ldi. Biroq, qonun farzandlar mehrini kafolatlay olmaydi.


Afsuski, atrofimizda bemehr otalar, oqibatsiz farzandlar yo‘q emas. Bu voqea ularga saboq bo‘ladi degan umiddamiz. Zero, “ekkaningni o‘rasan” deydi dono xalqimiz.


Muhabbat TO‘RABOYeVA
ISHONCH.UZ


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid