Samarqandda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining konferentsiyasi o‘z ishini boshladi
Mamlakatimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan anjumanda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning bosh direktori Tsyuy Dun’yuy, Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti, Turkiy investitsiya fondi, Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi, Yevropa chorvachilik assotsiatsiyasi a’zolari, diplomatik korpus vakillari, dunyoning 32 mamlakatidan tashrif burgan olimlar, ekspertlar ishtirok etmoqda.
Konferentsiya ishtirokchilari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, jumladan, suv va yer resurslari, raqamlashtirish va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari kabi masalalar muhokamasiga kirishdi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlarini ishlab chiqish, dengiz yo‘li mavjud bo‘lmagan mamlakatlarga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, "Yashil" va “Ekspress” yo‘laklarni tashkil etishga qaratilgan dolzarb loyihalar muhokama qilinmoqda.
Konferentsiya doirasida mehmonlarga O‘zbekistonning agro va oziq-ovqat sohasidagi salohiyati, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlari namoyish etiladi. Urug‘chilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning klaster, kooperatsiya, agrologistika usullari bilan tanishtiriladi.
Investitsiya forumi doirasida esa xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘larini, yirik loyihalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga oid kelishuvlar, savdo bitimlari imzolanishi kutilmoqda.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0