«Tashkent Water Week-2026»: tafakkur va nafosat uyg‘unligi

Tabiat o‘zgarishlari, shiddat bilan eriyotgan muzliklar va tobora zamin qa’riga chekinayotgan obihayot manbalari bugun insoniyatni jiddiy imtixon qarshisiga qo‘ymoqda. Shu bois ham joriy yilning 25-26 mart kunlari ko‘hna va navqiron Toshkent shahri global suv diplomatiyasining strategik markaziga aylandi.
Iqtisod
1449 10:35 | 29.03.2026 10:35

«Tashkent Water Week-2026» xalqaro forumi o‘z ishini boshlar ekan, poytaxtimiz ko‘chalarida nafaqat bahor nafasi, balki kelajak avlodlar uchun mas’uliyat hissi ufurib turardi. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Milliy tadqiqot universiteti va nufuzli xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjuman suv inqiroziga qarshi jahon hamjamiyatining birlashgan irodasi ifodasi bo‘ldi.


Forumning ilk kuni «JW Marriott Hotel» majmuasining muhtasham zallarida dunyoning 19 ta mamlakatidan tashrif buyurgan 1 200 dan ortiq delegat va 80 nafar xalqaro ekspertlar jam bo‘ldi. Avstriyadan to Xitoygacha, Frantsiyadan to Saudiya Arabistonigacha bo‘lgan davlatlar vakillari bir stol atrofida suvning tomchisida aks etgan kelajakni muhokama qilishdi. Forum doirasidagi «Vazirlar muloqoti» mintaqadagi yuqori va quyi oqim davlatlari o‘rtasidagi ishonch ko‘priklarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero transchegaraviy daryolarning taqdiri faqatgina muvofiqlashtirilgan qadamlar, gidrometrik ma’lumotlarning ochiq almashinuvi va mushtarak rejalashtirish orqaligina ijobiy yechim topishi mumkin. Bu yerda yangragan har bir fikr, har bir raqam ortida qaqragan zamin va yashil vohalarning taqdiri turardi.


Forumning teran jihatlaridan biri «Women Water Week» (Ayollar suv haftaligi) tashabbusi bo‘ldi. Bu yilgi Butunjahon suv resurslari kunining «Suv va gender tengligi» shiori ostida nishonlanishi zamirida katta haqiqat yotibdi. Ayol xonadon farishtasi bo‘lish bilan birga, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini jamiyat ongiga singdiruvchi asosiy kuchdir. Mahalliy va xalqaro hamkorlar ta’kidlaganidek, suv boshqaruvida ayollarning rolini oshirish shunchaki ijtimoiy tenglik emas, balki tizim samaradorligining eng muhim garovidir. Soha bilimdonlari tomonidan taqdim etilgan yangi strategiya va 2025 yilda qabul qilingan Suv kodeksining mazmun-mohiyati haqidagi ma’ruzalar sohada huquqiy va institutsional islohotlar yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatdi.


26 mart kuni forum o‘z ishini TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetida yanada qizg‘in davom ettirdi. «Fish Pool» sessiyalarida BMT va Jahon banki kabi nufuzli tashkilotlarning rahbar ayollari o‘z hayotiy tajribalari va liderlik sirlari bilan o‘rtoqlashdilar. Bu muloqotlar yosh kadrlar va soha mutaxassislari uchun haqiqiy mahorat maktabiga aylandi. Haftalik yakunida soha rivojiga hissa qo‘shgan ayollarning taqdirlanishi tadbirning mantiqiy xotimasi bo‘ldi.


Ayniqsa, «Women Water Week» doirasida tilga olingan raqamlar va tahlillar jamiyatni chuqur mushohadaga chorlaydi. Tadbirda qayd etilganidek, suv inqirozining og‘irligi eng avvalo, ayollar va bolalar zimmasiga tushadi, biroq aynan ayollarning tabiiy resurslarni boshqarishdagi noyob intuitsiyasi va mas’uliyati bu inqirozdan chiqishning kaliti bo‘lishi mumkin. Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) va YuNESKO kabi nufuzli tashkilotlarning ekspertlari tomonidan ta’kidlanishicha, suv xo‘jaligida ayollarning yetakchiligi iqtisodiy samaradorlikni oshirish bilan birga ijtimoiy adolatni ham ta’minlaydi.


Forumning mazmuniy muhitida «bilimdan amaliyotga» tamoyili ustuvor bo‘ldi. Milliy tadqiqot universitetida o‘tgan sessiyalarda nafaqat tajribali olimalar, balki suv sohasiga endigina qadam qo‘yayotgan yosh innovator qizlarning g‘oyalari ham tinglandi. Ularning fikricha, ayollar tomonidan taklif etilayotgan yechimlar ko‘pincha ekologik barqarorlik va inson omiliga asoslangani bilan ajralib turadi. Bu esa mintaqa davlatlari o‘rtasidagi suv munosabatlarini «raqobat» tilidan «hamkorlik» tiliga o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Forum yakunida qabul qilingan tavsiyalar va strategiyalar O‘zbekistonning suv siyosatida yangi davrni boshlab berishi shubhasiz. Toshkent forumi dunyoga yana bir bor isbotladi: suv tinchlik va taraqqiyot manbai bo‘lishi uchun unga bo‘lgan munosabatda ayollarning mehri va ilmning qudrati mujassam bo‘lishi lozim. Zero suvni asrash – hayotni asrash demakdir, bu muqaddas ishda esa ayollarning ovozi har qachongidan ham balandroq va ishonchliroq yangramoqda.


Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Toshkent suv forumi quruq statistik ma’lumotlar almashinuvi emas, balki mintaqaviy birdamlik va innovatsion tafakkurning g‘alabasidir. Biz bugun suvni qanday boshqarishni o‘rgansak, ertaga farzandlarimiz bizdan shunchalik minnatdor bo‘lishadi. Ushbu xalqaro haftalik O‘zbekistonning suv diplomatiyasi yo‘lidagi ulug‘vor qadami sifatida tarix sahifalaridan munosib o‘rin oladi.


Nodira Ibrohimova,


Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid