Shveytsariyaning 2026 yildagi YeXHT raisligi: ishonch, muloqot va hamkorlikning yangi bosqichi
Geosiyosiy o‘zgarishlar va global xavf-xatarlar kuchaygan bugungi davrda xalqaro tashkilotlarning o‘rni har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2026 yilda Shveytsariya Shimoliy Amerika, Yevropa va Markaziy Osiyodan 57 ta a’zo mamlakatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy xavfsizlik tashkiloti — Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga (YeXHT) raislik qilish vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Bu davrda Shveytsariya davlatlar o‘rtasida samimiy muloqotni rivojlantirish, o‘zaro ishonchni qayta tiklash va umumiy xavfsizlik muammolariga birgalikda yechim topish uchun YeXHT institutlari, dala missiyalari va ishtirokchi mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston YeXHT faoliyatida muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori yurtimizda xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish va davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu hamkorlik O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma «Yo‘l xaritasi» asosida yangi bosqichga ko‘tariladi.
Shveytsariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Konstantin Obolenskiy ushbu raislik mamlakatning muloqot va amaliy hamkorlikka bo‘lgan yuqori sodiqligini ifodalashini ta’kidladi. Elchining fikricha, bugungi murakkab xalqaro sharoitda YeXHT ishtirokchi davlatlar uchun o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va umumiy xavfsizlik masalalarida bir yoqadan bosh chiqarib ishlash uchun eng zarur platforma bo‘lib qolmoqda va Shveytsariya bu ezgu ishni O‘zbekiston hamda butun mintaqadagi hamkorlari bilan birgalikda davom ettirishdan faxrlanadi.
Shveytsariya o‘zining ko‘p yillik betaraflik, vositachilik va xalqaro muzokaralar markazi sifatidagi tajribasiga tayangan holda, tashkilotning muloqot forumi sifatidagi nufuzini yanada oshirishni maqsad qilgan. YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen O‘zbekistonning tizimli islohotlar va mintaqaviy sheriklik yo‘lidagi qat’iy qadamlarini yuqori baholadi. Uning qayd etishicha, YeXHT davlat institutlarini mustahkamlaydigan, muloqotni rivojlantiradigan va pirovardida oddiy fuqarolarga aniq foyda keltiradigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdan mamnun bolib, Shveytsariya raisligi ushbu qo‘shma maqsadlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun juda qulay imkoniyat yaratadi.
Shveytsariya raisligi davrida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishni rag‘batlantirish hamda ko‘p tomonlama sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu jarayonda Markaziy Osiyo eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi. Shveytsariya 2026 yil davomida YeXHTning asosiy tamoyillarini himoya qilish, umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida tashkilot hududi bo‘ylab barcha sheriklar bilan samarali ish olib borishni ko‘zda tutmoqda.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0