SQBda korruptsiyaga qarshi ichki nazorat va profilaktika choralari kuchaytirilmoqda

Mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish siyosati korruptsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilmoqda.
Iqtisod
273 15:28 | 27.08.2026 15:28

2026 yil 22 iyunda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korruptsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korruptsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni bilan bu boradagi huquqiy mexanizmlar kuchaytirildi. Xususan, korruptsiyaga qarshi komplaens va ichki nazorat tuzilmalarining maqomi mustahkamlanib, korruptsiyaviy xavflarni aniqlash va baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korruptsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan normalar belgilandi.



Ushbu yondashuv moliya tizimida ham ichki nazoratni kuchaytirish, inson omilini kamaytirish va jarayonlarda ochiqlikni taʼminlashni talab etadi.


Joriy yilning 27 avgust kuni O‘zsanoatqurilishbank tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda «SQB’da korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, bank xizmatlari ko‘rsatilishida ochiqlik va shaffoflik, raqamlashtirish hamda tizimli yondashuv» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida asosiy eʼtibor ushbu masalalarga qaratildi.



Taʼkidlanganidek, bank o‘z faoliyatidagi yigirmadan ortiq funktsiyalarni korruptsiyaviy xavf nuqtai nazaridan baholab chiqdi. Yuqori xavf darajasidagi funktsiya sifatida faqat bitta – kredit ajratish bilan bog‘liq jarayon topildi. Bu baho faqat ichki tahlil bilan cheklanib qolmadi. Mijozlar va xodimlar ishtirokida o‘tkazilgan anonim so‘rovda ham qatnashchilarning yarmidan ko‘pi kreditlashni eng taʼsirchan jarayon sifatida ko‘rsatdi. Shu bilan birga, 2,5 mingdan ziyod respondentning deyarli barchasi bank xizmatlari ochiq va shaffof tarzda ko‘rsatilayotganini tasdiqladi.


Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, “SQB Mobile” ilovasi foydalanuvchilari soni uch milliondan oshdi, ilova orqali amalga oshirilgan raqamli to‘lovlar hajmi 12 trillion so‘mni tashkil etdi. Davlat xizmatlari uchun raqamli to‘lovlar etti barobar ko‘paygan, kommunal to‘lovlar ikki barobarga ortgan, onlayn mikrokreditlar bo‘yicha ham sezilarli o‘sish qayd etilgan.


Yilning birinchi yarmida bankning maxsus aloqa kanallariga korruptsiya masalalariga oid o‘ttizdan ortiq xabar va murojaat kelib tushdi. O‘tkazilgan xizmat tekshiruvlaridan so‘ng yigirmadan ziyod xodimga intizomiy chora ko‘rildi, 11 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. 9 ta holat bo‘yicha materiallar huquqiy baho olish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.



Profilaktikaning ikkinchi yo‘nalishi – manfaatlar to‘qnashuvini oldindan aniqlash. To‘rt mingdan ziyod xodimdan olingan deklaratsiyalar tahlil qilinib, aniqlangan holatlar bankning “Odob-axloq” komissiyasida ko‘rib chiqish yo‘li bilan ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.


Profilaktika xodimlarning huquqiy savodxonligisiz kutilgan natijani bermaydi. Yilning birinchi yarmida mingdan ortiq xodim seminar-treninglar va mustaqil taʼlim asosida o‘qitildi, ularning bir qismi «Korruptsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» elektron platformasida hamda ISO 37001 xalqaro standarti talablari bo‘yicha maxsus o‘quvlarda qatnashdi. Hududlarda aholi va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarga 200 dan ortiq fuqaro va biznes vakillari jalb etildi.


Xalqaro mezonlar bank uchun tashqi o‘lchov vazifasini bajarmoqda. SQB korruptsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi bo‘yicha ISO 37001 sertifikatini 2022 yilda olgan, 2025 yilda uning standart talablariga muvofiqligi qayta tasdiqlangan edi. Mazkur jarayonning mantiqiy davomi sifatida matbuot anjumani doirasida “CERT Internationalxalqaro sertifikatlash tashkiloti tomonidan bankka ISO 37001:2025 standartiga muvofiqlik sertifikati rasman topshirildi.




Dildora DO‘SMATOVA
Ishonch.uz



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid