Xodimning dam olish va ovqatlanish tartibi qanday?
Ushbu savolga sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Xorazm viloyati bo‘yicha mehnat huquq inspektori Rasulbek Allaberganov javob beradi.
Mehnat kodeksining 204-moddasiga binoan, har bir xodimga ish kuni (smena) davomida ovqatlanish va dam olish uchun davomiyligi ikki soatdan ko‘p va o‘ttiz daqiqadan kam bo‘lmagan tanaffus berilishi shart. Ushbu tanaffus ish vaqtiga kiritilmaydi va xodim bu vaqt uchun haq olmaydi, binobarin, mazkur vaqt oralig‘ida xodim ish beruvchining nazoratidan ozod bo‘ladi va o‘z vaqtini xohishiga ko‘ra tasarruf etadi, hatto ish joyidan chiqib ketish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Tanaffus berishning aniq vaqti va davomiyligi korxonaning ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi individual kelishuvda belgilanadi. Agar xodimning kunlik ishi to‘rt soatdan oshmasa, ichki qoidalarda bunday tanaffusni bermaslik imkoniyati ham nazarda tutilishi mumkin. Biroq, agar ish vaqti jamlab hisobga olinadigan tartibda ishlayotgan xodimlarning ish kuni sakkiz soatdan oshib ketsa, ish beruvchi ularga kamida ikkita dam olish va ovqatlanish tanaffusini taqdim etishi lozim bo‘ladi.
Shu bilan birga, ishlab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari tufayli tanaffus berish imkoni bo‘lmagan ish joylarida (masalan, uzluksiz jarayonlar) ish beruvchi xodimga ish vaqti davomida dam olish va ovqatlanish uchun sharoit va joy tashkil qilib berishi shart. Bunday istisnoli holatlar korxonaning ichki lokal hujjatlarida aniq ko‘rsatilishi lozim. Shuningdek, ayrim toifadagi xodimlar uchun (masalan, og‘ir sharoitda ishlaydigan yoki sog‘lig‘iga ko‘ra imtiyozga ega shaxslar) qonunchilik va sanitariya normalarida qo‘shimcha dam olish tartiblari ham belgilanishi mumkin.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0