Biznesni rivojlantirish banki – Yangi O‘zbekiston aholisi uchun yangi imkoniyatlar eshigi
35 yil. Mustaqil davlat o‘laroq bosib o‘tilgan bu shonli yo‘l Yangi O‘zbekiston tarixiga muhim burilish nuqtasi sifatida muhrlanmoqda. Binobarin, ushbu qutlug‘ sana oldidan mamlakatimiz hayotida yana bir muhim jarayonni kuzatmoqdamiz. U ham bo‘lsa, islohotlarning mazmuni va mohiyati, samarasi tobora xalqimizning kundalik hayoti, mahallasi va oilasidagi o‘zgarishlar bilan o‘lchanmoqda. O‘z navbatida, milliy bank tizimidagi yangilanishlar ham ayni mezon bilan hamohang ravishda hayotga tatbiq etilmoqda.
Eng asosiysi, Davlatimiz rahbari ilgari surgan “Inson qadri uchun” degan tamoyil barcha islohotlarimizning negizini tashkil etayotgani, “Inson-jamiyat-davlat” degan yangi tizim to‘liq ishga tushganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Mahalladagi imkoniyat – mamlakat iqtisodiyotining yangi nuqtasi
Joriy yilning 16 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda davlat rahbari mahallalarda kichik loyihalar uchun banklar tomonidan olti oyda 18,5 trln so‘m resurs ajratilgani, natijada 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming nafar inson ish bilan taʼminlanganini qayd etdi. Shu bilan birga, ayrim mahallalarda mavjud imkoniyatlardan hali to‘liq foydalanilmayotgani asosli tanqid qilindi.
Bizningcha, ushbu raqamlar bir haqiqatni ko‘rsatadi: imkoniyat bor, endi uni natijaga aylantirish kerak.
Shu bois mahalla bankiri institutining mazmuni ham o‘zgarmoqda. Bank xodimi uchun endilikda savol “qancha kredit berdik?” emas, balki “qancha ish o‘rni yaratildi?”, “qancha oila daromadli bo‘ldi?”, “qaysi mahallaning qaysi imkoniyati iqtisodiy loyihaga aylandi?” bo‘lishi kerak.
Bu yondashuv mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning inson manfaatiga yo‘naltirilganini yana bir bor namoyon etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi hamda tegishli Qarorlari bilan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB qayta tashkil etilgandan so‘ng bankimizning asosiy faoliyat yo‘nalishi ustivor ravishda mamlakatimizda kichik bizesni rivojlantirishga qaratildi. Bu borada ilgari kuzatilmagan loyiha va xizmatlar ishlab chiqilib, mijozlarga taklif eitlmoqda. Bu boradagi faorliyat mahalla, mahalla orqali xonadon darajasiga tushirildi.
Zero bugun bank haqida gap ketganda, avvalgidek faqat kredit, omonat yoki hisobraqam tushunchalari bilan cheklanib bo‘lmaydi. Zero zamonaviy bank – bu mijozning vaqti, ehtiyoji va imkoniyatini hisobga oladigan xizmatlar tizimi. Ushbu haqiqat bugun bankimiz mehnat jamoasining eng asosiy dasturilamalidir. Barcha o‘ziga berilgan ishonch va masʼuliyatni chuqur va teran anglagan holda, dunyo miqyosidagi eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish yo‘li bilan yangilik kiritishga eʼtibor qaratmoqda.
Tan olish lozim, bir necha yil avval bankda oddiy hisobraqam ochish uchun ham hujjatlar bilan filialga borish, navbat kutish va maʼlum vaqt sarflash odatiy hol edi. Bugun esa, raqamli texnologiyalar bu jarayonlarni sezilarli darajada o‘zgartirayotganiga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz. Buni aynan bankimiz misolida oladigan bo‘lsak, hisobraqam ochish jarayoni 70 daqiqadan 10 daqiqagacha qisqartirilgani va eng ommabop xizmatlardan biri – kredit mahsulotlarining 60 foizi avtomatlashtirilganiga guvoh bo‘lamiz. “BRB Biznes 24/7” orqali 16 mingdan ortiq mijozga masofaviy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Alohida eʼtirof etish joiz, bu – shunchaki texnologiya yutug‘i emas, balki buning ortida bitta oddiy maqsadimiz bor: yurtdoshlarimizning vaqtini tejash va ularga bank xizmatlarimizni yanada yaqinlashtirish orqali “Inson qadri uchun” tamoyiliga sodiqligmizni bildirish. Zotan ushbu tamoyil bugun Yangi O‘zbekistonni yagona maqsad sari jipslashtirmoqda.
Bank filialdan mahallagacha yaqinlashmoqda
Alohida eʼtirof etish kerak, Yangi O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning eng muhim xususiyatlaridan biri – ularning tobora quyi bo‘g‘inga, mahallaga tushayotganidir.
2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani negizida ham islohotlarning manzilliligini taʼminlash orqali aholining real daromadlarini oshirish, pirovardida turmush sharoitlarini yaxshilash, xorijda mehnat qilayotgan yurtdaoshlrimizni vatanga qaytarishdek muqaddas burch yotibdi, nazarimizda. Bunga Prezident Shavkat Mirziyoevning 16 iyul kuni mahallalarni rivojlantirish va “mahalla ettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ham asosiy eʼtibor odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish, mahallaning mavjud imkoniyatlarini ishga solishga qaratilganida yana bir bor guvoh bo‘ldik.
Davlat rahbari banklar oldiga har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlash, tashabbuskorlarni topish va daromadli loyihalarni ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi. Bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktirilishi belgilandi. Bu yondashuv bank tizimidagi katta o‘zgarishni anglatishini barchamiz tushunib turibmiz, albatta. Shundan kelib chiqqan holda, Biznesni rivojlantirish bankiga biriktirilgan jami 610 ta mahallaga qo‘yilgan mahalla bankirlari soni qisqa fursatda 160 nafardan dan 218 nafarga oshirildi va zarur mutaxassislar bilan butlandi.
Eng muhimi, mahalla bankiri endi faqat kredit berish bilan emas, balki hududdagi ish o‘rinlari va ularga bo‘lgan talabni aniqlash, ishsizlarni zarur kasblarga yo‘naltirish va ularni ishga joylashtirish jarayoni bilan ham shug‘ullanadi. Yaʼni bank mijozning o‘zi kelib murojaat qilishini kutib o‘tirmaydi. Aksincha, uning zarur ehtiyojlarini oldindan o‘rganish, g‘oyasini loyihaga aylantirish, agar tayyor bo‘lsa, loyihasini ko‘rish, imkoniyatini baholash va zarur moliyaviy echimni taklif etishga intiladi.
Pirovardida, “bankdan kredit olish” tushunchasidan “bank bilan birga biznes qilish” tushunchasiga o‘tilmoqda.
Raqamlar ortida – real taqdirlar
Quvonarlisi, “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bu jarayonning amaliy natijalarini ham ko‘rsatmoqda. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, ilk mevasini bermoqda.
Zero bank tahlillariga ko‘rsa, 2023 yildan 2026 yil 1 maygacha bo‘lgan davrda 56 210 ta yangi kichik va o‘rta biznes subʼektining tashkil topishida bank bevosita ishtirok etdi. Ularning 45 383 tasi, yaʼni 80,7 foizi bugungi kunga kelib, iqtisodiy jihatdan faol korxonalarga aylangan.
Yana bir muhim jihat shundan iboratki, yangi tashkil etilgan bizneslarning 29 493 tasi bank tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirilgan. Ularga ajratilgan moliyalashtirishning umumiy hajmi 6 trln so‘mdan oshib ketganini ko‘rsatmoqda.
Sir emaski, keltirilgan raqamlar ortida yangi tadbirkor, yangi ish o‘rni, oilaviy daromad yoki bozorga kirib kelayotgan yangi mahsulot yotibdi.
Bundan anglashiladiki, davlat rahbari boshchiligida tizimda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida, zamonaviy bank xizmatlarining haqiqiy samarasini faqat tranzaktsiyalar soni yoki ajratilgan kredit hajmi bilan emas, u inson hayotida qanday o‘zgarish yasagani bilan baholash tobora muhim bo‘lib bormoqda.
Texnologiya – maqsad emas, vosita
Tan olish lozim, bank sohasida mijozlarga qulaylik yaratishda zamonaviy texnologiyalarni chetlab o‘tish imkonsiz. Shu boisdan, sunʼiy intellekt, avtomatlashtirish, raqamli platformalar haqida ko‘p gapirilmoqda va hamma o‘z faoliyatida ularni tobora kengroq qo‘llashga urinmoqda. Ammo aytish joiz, bankimiz uchun texnologiyaning o‘zi hech qachon yakuniy maqsad bo‘lib qolmaydi.
Nega?
Gap shundaki, bizning maqsadimiz yangi texnologiyalarni hamma qilayotgani uchun emas balki, inson manfaatlariga yo‘naltirilganlik nuqtai nazaridan baholash orqali joriy qilib, mijozga tezroq, qulayroq va aniqroq xizmat ko‘rsatishga erishishdan iborat.
Shundan kelib chiqqan holda, bankimizda so‘nggi davrda 65 ga yaqin yangi mahsulot va servis ishga tushirildi. “BRB Neo”, “Talim.brb.uz”, “BRB Biznes 24/7” kabi raqamli echimlar, onlayn omonatlar, avtomatlashtirilgan kreditlash mexanizmlari shular jumlasidandir.
O‘z navbatida, “Mening biznesim” platformasida esa, 54 ming nafar tadbirkor ro‘yxatdan o‘tib, 45 ta kasb-hunar yo‘nalishida xizmat ko‘rsatishni boshlagan. Platforma orqali o‘zini-o‘zi band qilish, onlayn buyurtmalar qabul qilish, elektron mehnat daftarchasi va pensiya hisobraqamini avtomatik shakllantirish kabi imkoniyatlar yaratilgani uning ommabopligi oshib borishiga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, yaqinda bank korporativ mijozlar uchun mo‘ljallangan “BRB Biznes 24/7” platformasini Dibank xizmati bilan integratsiya qildi. Bu orqali endilikda bank mijozlari o‘z hisobvaraqlari bo‘yicha asosiy operatsiyalarni internet-bankka o‘tmasdan, bevosita o‘z hisob tizimidan - “1S” yoki “Didox” dasturidan amalga oshirishlari mumkin. Ishonamizki, endilikda mijozlarimiz hisob tizimining o‘zidan turib to‘lov topshiriqnomalari va ish haqi ro‘yxatlarini yuborish, hisobvaraq ko‘chirmalari va joriy qoldiqlarni olish, to‘lovlar holatini kuzatib borish, tushum va chiqimlarni buxgalteriya hisobida avtomatik aks ettirish hamda hujjatlarni bankning elektron raqamli imzo (ERI) kaliti bilan imzolash iimkoniyatlaridan faol foydalanadilar va bundan mamnun bo‘ladilar.
Bir so‘z bilan aytganda, biz uchun raqamlashtirishning eng muhim natijasi texnologiyaning murakkabligi emas, odamga osonlik yaratishidir.
Sunʼiy intellekt: bank xizmatlarida yangi imkoniyatlar
Bankimiz tomonidan sunʼiy intellektga asoslangan 20 dan ortiq loyiha ustida ishlar davom etmoqda. Ulardan 5 tasi amaliyotga to‘liq joriy etilgan.
Xususan, biznes-reja tayyorlashda sunʼiy intellekt yordamchisi. Mazkur tizim tadbirkor taqdim etgan maʼlumotlar asosida biznes-rejani avtomatik shakllantiradi. Natijada avval 2–3 kun davom etgan jarayon 5 daqiqaga qisqardi. Bugunga qadar 30 nafar yuridik shaxsga 2,4 milliard so‘mlik kredit ajratildi, dastlabki tekshiruv bosqichida vaqt 70 foizga tejalishiga erishildi.
Yana bir loyiha asosida, mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayoniga avatarli virtual yordamchi ham joriy etildi. U real vaqtda savollarga javob beradi, bank mahsulotlari haqida maʼlumot taqdim etadi va ayrim to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Tizim o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlashi mijozlarga yanada qulaylik yaratmoqda.
Bankning yana bir muhim raqamli echimi — «BRB-GPT» chatboti. U kredit, omonat, to‘lovlar, valyuta kurslari va bank ofislari haqida 24/7 rejimda maʼlumot beradi. Bugunga qadar chatbot orqali 20 dan ortiq foydalanuvchining 90 mingdan ortiq murojaatiga javob berildi.
Shuningdek, bankda RPA texnologiyalari asosida ichki jarayonlar avtomatlashtirilmoqda, TTS-STT echimlari orqali ovozli xizmatlar rivojlantirilmoqda. “Videoanalitika” loyihasi esa, ofislarda mijozlar oqimi va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini tahlil qilish orqali samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Muhimi, bu loyihalarning barchasi bir maqsadga — zamonaviy texnologiyalar orqali mijoz uchun yanada tezkor, qulay va sifatli bank xizmatlarini yaratishga qaratilgan.
Xulosa o‘rnida
Muxtasar qilib aytganda, mustaqillikning 35 yilligi biz uchun nafaqat o‘tgan yo‘lga nazar tashlash, balki kelgusi taraqqiyot mezonlarini belgilash pallasi hamdir.
Bugungi bank uchun esa bu mezonlar aniq:
xizmat – yanada qulay bo‘lishi;
qaror – tez qabul qilinishi;
moliya – manzilli yo‘naltirilishi;
texnologiya – insonga xizmat qilishi;
kredit – natija berishi;
mahalla – iqtisodiy imkoniyatga aylanishi kerak.
Fikrimizcha, shu yo‘l bilangina bank tizimi islohotlarning oddiy ishtirokchisi emas, balki ularni yurtdoshlarimiz hayotiga taʼsirchan natijaga aylantiruvchi muhim institutga tom maʼnoda aylanadi.
Zero, iqtisodiy islohotlarning eng to‘g‘ri o‘lchoqi – murakkab raqamlar emas. Ularning natijasi insonlar hayotida qanchalik aks etishidir.
Saxi Annaklichev,
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi raisi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0