Turg‘un Azizov: Mustaqillik tufayli o‘zimizni tanidik

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan bir guruh fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari taqdirlandilar. Ular orasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori O‘zbekiston Xalq artisti Turg‘un Azizov ham bor. Bu yil 89 yoshni qarshilagan ustoz san’atkor “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. 
Madaniyat va ma'rifat
2572 09:35 | 12.09.2023 09:35

El sevgan, ardoqlagan aktyor Mustaqillik shukronasi, xalq e’tirofi, teatr va sahnaga bag‘ishlagan umr daftaridagi bitiklar parchasi haqida biz bilan o‘rtoqlashdi.


– Ikkinchi jahon urushi boshlanganida 7 yoki 8 yosh edim. O‘sha paytlar Toshkentga, mahallamizga boshqa yurtlardan juda ko‘p insonlar ko‘chib kelishdi. Bularning ichida har xil millat vakillari bor edi. Ularga bo‘sh uylar, o‘z xonadonlaridan joylar berishdi. Biz bilan bir ko‘chada yashashdi. Insonlar hayotini o‘zgartirib yuborgan o‘sha og‘ir davrda ular bilan opa-ukadek yashab o‘tdik.


Urush tugadi. Urush qatnashchilari biz uchun qahramonlarga aylanishdi. Mahallamizda ikkita oila erkaklari urushdan qaytib kelganida biz uyida nimaiki bo‘lsa, olma, meva-cheva topgan-tutganimizni ko‘tarib kutib olgani chiqqanimiz hamon yodimda... Ularning bizga aytib bergan achchiq hikoyalari har bir tinch va osuda kunimizga shukr qilib yashash sabog‘ini bergan.


– Siz el ardog‘ida bo‘lish baxtiga erishgan insonsiz. Bu sizga nima beradi?


– Bu juda katta yuk va mas’uliyat. O‘zini mag‘rur tutmasdan e’tirofni, e’tibor va rag‘batlarni samimiy qabul qilish kerak. Demoqchimanki, katta martabalar, sharafli onlarda inson insonligini yo‘qotmasligi uchun katta kuch bo‘lishi kerak. Uni kasbi shunday bo‘lgani va qilishi kerak bo‘lgan ishi, o‘ynagan rollari uchun qabul qilishi lozim. Bugun “Yo‘lchi”ni o‘ynab, ertaga “G‘ofur”ni o‘ynagan bo‘lsak, bundan g‘ururlanish emas, aksinchi o‘z ustingda tobora ko‘proq ishlash lozim bo‘ladi. Faqat o‘zingga, qalbingga shuni aytginki, buni o‘zing uchun, orzu qilganing uchun o‘ynagansan.


Aktyor mag‘rurlanishga nisbatan o‘zini tejab yursa, uzoq yillar sahnada yashashi, qolishi mumkin. Agar holatidan erklanib, boshqa bir yomon odatlarni kasb qilsa, tubanlik sari boraveradi.


Bizni teatr tarbiya qildi, buyuk akyorlar qo‘lida dars oldik. Ustoz san’atkorlar bizga faqat sahnada emas, hayotda ham o‘rnak bo‘lishdi. Ular juda talabchan edilar. Ishimizga ham mas’uliyat bilan yondashishni o‘rgatishgan. Tog‘am Abror Hidoyatov rollar belgilangan ro‘yxatni o‘qiganingda 9-chi sanada Otelloni o‘ynashing kerak bo‘lsa, ana shu kunga o‘zingni, jisming va ruhingni tayyorlab borish kerak, derdilar. Rollarni shunchaki o‘ynash emas, u bilan yashash kerakligini uqtirardilar.


Ana o‘shanda ko‘zingizdan yosh chiqadi. Ana o‘shanda charchamaysiz. Ana o‘shanda qahramoningiz bilan bir tanu bir jon bo‘lasiz.


Bugun 90 yosh arafasida bo‘lsam, o‘zim orzu qilganimdek, ulug‘ aktyorlar o‘ynagan rollarni ijro etish baxtiga muyassar bo‘ldim. Mening omadim – mana shu ulug‘ teatrga tushib qolganim. Va eng katta baxtim albatta, xalqimiz ardog‘ida ekanimdir.


Bayramlar siz uchun qanday ahamiyat kasb etadi?


– Aslida har bir kunimning o‘zi bir bayram. Hozirga qadar teatrga borish bir bayram bo‘lsa, sahnaga chiqish yana bir bayram. Ko‘p yoshlarni o‘qitganman, bugunda ularning yutuqlarini ko‘rish ham quvonchli.


Ilgari teatrimiz chet mamlakatlarga chiqmasdi. Mustaqillik sharofati bilan bugun san’atimiz jahon sahnalarida o‘zini namoyish etmoqda. Ilgari Yevropa davlatlari bizni faqat Samarqanddan kelib bilib ketgan bo‘lsa, bugun mamlakatimizning har bir maskanlari haqida yaxshi bilishadi, o‘rganishadi.


Mustaqillik haqida gapiradigan bo‘lsak, bu kunni har kuni bayram qilsak arziydi. Sababi, mustaqillik tufayli hayotimiz, dunyoqarashimiz o‘zgardi. O‘zimizni tanidik, har yili bobokalonlarimiz tavalludini nishonlaymiz. Ajdodlarimiz tarixini chuqur o‘rgandik.


Mana bugun bayram sayllarida odamlarga nazar solsangiz, har birining ko‘zida quvonch, yuzlarida tabassumni ko‘rasiz. Mustaqillik ana shu quvonch, tabassumni xalqimizga berdi. Odamlarning qalbi tinch va sokin, o‘z yurtimiz, tilimizga egamiz. Dunyo biz haqimizda, millatimiz haqida biladi, ajdodlarimizni bilishadi, biz ham dunyoni taniyapmiz, olg‘a, dadil qadam tashlayapmiz.


Biz yoshlarga buning qanchalik muhim ekanini uqtirib borishimiz lozim. Katta avlod qanday qilib ularga shu kunlarni sovg‘a qilganini, erkning, hurriyatning qadr-qimmatini doim tushuntirib borishimiz kerak.


ishonch.uz muxbiri
Gulruh Odashboyeva suhbatlashdi.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Madaniyat va ma'rifat
Bahodir Yo‘ldoshev hikmatlari
0 2740 12:03 | 06.08.2023
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat