Bahodir Yo‘ldoshev hikmatlari
Teatr, adabiyot, san’atkor shaxsi, san’at hamda ijod to‘g‘risida
San’at asarining miqyosi
Ilm, ijod, umuman, go‘zallikning poyoni yo‘q. Agar poyoni bo‘lganida faqat bitta odam «Hamlet»ni sahnalashtirardi. Boshqa rejissyorlar esa bu haqda bosh qotirmasdi. Lekin voqeasi hammaga ma’lum o‘sha yagona «Hamlet»ni yuzlab rejissyorlar yana boshqatdan yaratishadi. Har biri turli nuqtai nazardan yondashadi va o‘z Hamletini kashf etadi. Yoki Alisher Navoiy g‘azallaridagi bitta baytning bir necha xil sharhi bor. «Navoiyni tushunib bo‘ldim!» degan azamat bu dunyoda bormikan? Hazratning har bir g‘azali undan oldingi yozgan g‘azaliga javob bo‘lib keladi. Va keyingi g‘azali uchun savolligicha qoladi…
San’atkor hayoti
Men studiyadagi bolalardan samimiy bo‘lishni talab qilaman. Katta-katta ishlar qilib ham hayotdan ta’masiz, iddaosiz o‘tgan zotlarga hurmat tuyg‘usini uyg‘otishga urinamiz. Bu bolalar kelajagi haqida oldindan «Ha, ular o‘zbek teatrining porloq ertasi, umidim cheksiz…» deb aytolmayman. Ular – mening kemamga kelib-ketayotgan yo‘lovchilardan bir guruhi. Keladi-ketadi… Balki ketib to‘g‘ri qilar. O‘zi uchun afzalroq yo‘lni topar. Yo‘llar ko‘p. Lekin shaxsni Shaxs qiladigan yo‘llar boshi berk ko‘chalardir. Chiqib ketishing uchun tayyor yo‘l yo‘q bo‘lgan vaziyatdagina dunyo sen uchun o‘z sir-sinoatini ochadi. Va shunda o‘zingni anglay boshlaysan.
Bilasizmi, yumshoq o‘rin ruhni lanj, qalbni majruh qilib tashlaydi. Tushuntirib berolmayman, aktyorlar hayoti, umuman, ijod odamlarining yashash tarzi qiziq-da. O‘zining hayoti abgor, oilasi g‘urbatxona, xo‘rlangan, aldangan, shuncha g‘ami yetmaganday, yana Hamlet yo Dezdemonaning iztirobini o‘ylaydi. Bu g‘avg‘olarning senga nima hojati bor, deysiz.
O‘nqir-cho‘nqir bo‘lsa ham, baribir san’atkor go‘zal hayot kechiradi. U shu hayotning o‘zidayoq ham Romeo, ham Otello, ham Richard, ham Tsezar… Garchi fojiaviy bo‘lsa-da, bir qancha taqdirni yashab o‘tadi. O‘zining hayoti, baxtsizligi ular qismati oldida zarra bo‘lib ko‘rinadi. Oddiy odamlar esa faqat o‘z hayotini yashaydi.
Iste’dod va iste’dodsizlik
Iste’dodsizlar o‘z yo‘lini topib olaveradi, siz iste’dodni himoya qiling, asrang, degan fikrda katta hikmat bor. Chunki iste’dodning tugilgan mushti bo‘lmaydi, ko‘ngli juda bo‘sh bo‘ladi. Shu uchun iste’dodli odamlar hamisha boy berib kelishgan.
Go‘zallikning irodasi mo‘rt. Kurashuvchanlik – ezgulik uchun misoli bir begona o‘t. U bu dag‘allikni o‘z bag‘riga sig‘dirolmaydi. Iste’dod egasi odamlar bilan emas, asosan, o‘z xayoli, o‘zligi bilan band. Unga orzusidagi mukammallikka intilishiga xalal berishmasa bo‘ldi. Bu mukammallikni iste’dodsizlar o‘z darajasida – karera, shon-shuhrat, obro‘-e’tibor va yana allambalo deb tushunishadi.
Chin iste’dod esa faqat bitta manzilni ko‘zlaydi – YeTUKLIK! Ya’ni shamollaru alangalarga qilt etmasdan, tik turish san’ati. O‘zingni topish yo‘lida esa qarama-qarshiliklar, to‘siqlar nihoyatda ko‘p. Atrofdagi odamlar, muhit bor kuchi bilan insonning inson bo‘lishiga xalal beradi. Nafs, hasad, nazari ochlik kabi qora tuyg‘ular o‘zingni anglashga yo‘l qo‘ymaydi. Qolaversa, ich-ichingdan yuksalishingga yolg‘iz o‘z kuching yetmaydi. Buning uchun, albatta, atrofingda seni tushunadigan, xayrixoh odamlar bo‘lishi darkor. Sharq mutafakkirlarida shunday fikr bor: «Iskandar zamoni bo‘lsa ham pirsiz yurma!». Ya’ni odam bo‘laman desang, oldingda ma’naviy rahnamong bo‘lishi shart.
Iste’dodlilar haqida
Emishki, Suqrot «u yoqda Arastu bilan uchrashaman», degan o‘yda o‘ziga olib kelingan zaharni paysalga solmay ichgan ekan. Ya’ni ajal – Suqrot uchun go‘yo Arastu eshigini ochib beruvchi bir yo‘l. Donishmand diydoriga yetishish oldida og‘u hech narsa emas! Ustozim Toshxo‘ja Xo‘jayev aytardilar: «Agar sen Alisher Navoiy, Shekspir kabi ijodkorlarga o‘tmish shoirlari yo moziydagi bir odam deb qarasang, ular chindanam, olisdagi bir afsona bo‘lib qolaveradi. Ularni zamondoshingdek qabul qil. Go‘yoki sen hozir shu zotlar bilan uchrashasan, gaplashasan…». Shundagina ular bizni ham o‘ziniki qilib oladi.
Qo‘yayotgan spektaklimni shu siymolar ko‘rganda nima der ekan, deb xayoldan o‘tkazsang, ish umuman boshqacha tus oladi. O‘ylashimcha, shoirlar «agarda she’rimga Navoiyning ko‘zlari tushganda u kishi ne der edilar?», deya istihola qilganda edi, qanchadan-qancha she’rlar, yostiqday-yostiqday kitoblar yozilmagan bo‘lardi. Lekin hayotda bunday printsip bilan yashashni hammayam eplayvermaydi-da! Nima bo‘lgan taqdirdayam, Navoiylarni o‘zimizdan uzoqlashtirmasdan, yaqin do‘stdek qabul qilish, ular bilan suhbatlashish kerak. Chunki olam hali tugagani yo‘q. To‘rt-besh asr dunyo uchun hech narsa emas.
Ijodiy jarayon jozibasi
Rejissyor uchun spektakllar faqat repetitsiya davridagina yashaydi. Repetitsiya rejissyorning umriga umr qo‘shadi, muhokamalar esa umrni qirqadi. Garchi premeralar ham repetitsiya hisoblansa-da, lekin biz uchun bu asarning o‘lgani. Shuning uchun ham bir vaqtlar odamlar Meyerxoldning repetitsiyalariga pul to‘lab kirishgan. Chunki jarayon qiziq.
Asl san’at egalari
San’at aslida xoslarniki, u hech qachon ommaniki bo‘lmagan. Asl teatr tarbiya ko‘rgan, o‘qimishli, san’atni tushunib qadrlaydiganlar uchun muhimroq. Teatr tarbiyalaydi, deyishadi, bu – yolg‘on! Teatr tarbiyalamaydi. Hech qachon kitob o‘qimagan, muzeyga bormagan odamlarni zo‘rlab teatrga olib kelib bo‘lmaydi. Ular san’atning qadriga yetishmaydi. Chunki uning mohiyatini tushunmaydi. Shuning uchun ham Leninning san’at xalqnikidir degan shiornamo gapi haqiqatdan mutlaq uzoq. Afkor ommaga san’at emas, birinchi o‘rinda non kerak. Ularga san’atning soyasi ham kifoya. Hech qaysi davrda Alisher Navoiy yoppasiga o‘qilmaydi. Hozirda Muhammad Yusuf she’rlarini yoddan aytib yurgan odamlar Rauf Parfi degan nomni eshitgan, xolos.
Haqiqiy baho
Voqeasi hammaga ma’lum, o‘ta jo‘n seriallardayam tomoshabin yig‘laydi. Har bitta odamning yig‘isi burnining uchida bo‘ladi. Agar ovozni baland ko‘tarib «Onajon, nega bizni tashlab ketdingiz!» deb baqirsayam, yig‘laydigan odam yig‘layveradi. Chunki har kimning yuragida o‘zining «Ona!» degan muqaddas so‘zi bor. Qolaversa, yig‘i bilan yig‘ining, kulgi bilan kulgining farqi katta. Tomoshabin qarsaklari, olqishlaru ko‘zyoshlar spektaklning haqiqiy bahosini belgilay olmaydi. Asarning bahosini faqatgina san’atkorning o‘zi beradi. Shuning uchun Pushkin aytadiki, «Faqat bitta hakam bor, u – mening o‘zim!». San’atkorning o‘zigina o‘ziga hakam bo‘la olishi mumkin. Jurnalistlar, san’atshunoslar uni qanchalar ko‘kka ko‘tarib maqtashmasin, baribir, uning ko‘ngli to‘lmaydi. O‘rtamiyona spektakl sahnalashtirsa, hechqursa yotishdan oldin «Baribir, yomon spektakl qo‘ydim» degan o‘y, albatta, xayolidan o‘tadi.
Yana kimlar qarsak chalishi mumkin? Nima ko‘p, o‘zbekning qarindosh-urug‘iyu oshna-og‘aynisi ko‘p. Zalning yarmidan ko‘pini to‘ldirib turgan shular qarsak chaladi-da!
Yaxshi ijodkor,
albatta, yaxshi inson
bo‘lishi kerakmi?!
Bu – qonun emas. Ko‘pchilikning tasavvurida o‘rnashib qolganki, bu yozuvchimi, demak, u yaxshi odam bo‘lishi kerak. Lekin bu qarash har doim ham o‘zini oqlayvermaydi. Yaqin o‘tmishga nazar tashlaylik. Ijodkor shaxsiyatining nihoyatda murakkab ekanligini, ular ham hamma qatori ojiz kimsaligini o‘ttizinchi yillar davri yaqqol isbotlaydi. Shekspir Yagoni yozishi uchun uning o‘zida Yago bo‘lishi kerak. Shundagina u yagolar ruhiyatini teranroq his etadi, ochib beradi. Xasislik borasida hammani ortda qoldiradigan Qori ishkambaning muallifi Ayniy haqidagi gaplar ham bejiz emas. Ular o‘zining illatlari ustidan kulib yozsalar, fojialaridan yig‘lab yozadilar.
Muhabbat va nikoh
Jahon adabiyotiga nazar tashlasangiz, Romeo va Juletta, Tohir va Zuhro, Layli va Majnunlar muhabbatining hech qaysisi nikoh bilan yakunlanmaydi. Biz hamisha nikohni muhabbatning eng yuksak ko‘rinishi deb aytamiz. Aslidayam shundaymikin? Visol muhabbat uchun to‘ydan keyingi janoza emasmikin?!
Muhabbat – juda og‘ir tuyg‘u. Buning mas’uliyatini yelkaga olish nihoyatda qiyin. Insonga Ollohdan rassomlik, yozuvchilik, qo‘shiqchilik iste’dodi berilganidek, sevish iste’dodi ham beriladi. Seva bilish ham qobiliyat. Shuning uchun bu tuyg‘u hammaga ham berilavermaydi. Insoniyatni davom ettirish uchun tabiatan erkak va ayolga qandaydir tuyg‘u berilgan, lekin bu muhabbat emas. Haqiqiy muhabbatlar nasl qoldirishni emas, komillikni o‘ylaydi. Juletta bilan Romeo ikki soat ichida qarib ketadilar. Muhabbat odamni ulg‘aytirib, kamolga yetkazadi, ammo nihoyatda tez qaritadi. Chunki dunyoda boshqa qiladigan ish qolmaydi. Hamma ma’noyu sir-asrorlarning tagiga yetib bo‘lishadi. Bir-birini kuchli sevgan insonlar bu zaminda birgalikda baxtli hayot kechirishlari qiyin. Bunga atrofdagi tashqi kuchlar, yagolar xalaqit beradi.
Yosh san’atkorlarga…
Men bolalarning ko‘proq kitob bilan do‘st tutinishlarini xohlar edim. Bilimsiz hech narsa qilib bo‘lmaydi. «Qur’on»ni uqish uchun ham katta ilm kerak. Agar kitob javoningizda «Qur’oni Karim» tursa-yu, o‘qilmasa, bu muqaddas kitobni uvol qilgan bo‘lasiz! Hadisi sharifdayam aytilgan-ku, «Beshikdan to qabrgacha ilm izla!», deb.
Har yili imkon qadar Shekspirni qayta-qayta o‘qib chiqishni xohlayman. Alisher Navoiyni har kun o‘qish kerak deb bilaman. Hech bo‘lmaganda bir g‘azalini mutolaa qilib mag‘zini chaqish shart. Bitta romanni o‘qigandek bo‘lasan.
O‘zi dunyoda o‘n oltita syujet bor. Navoiy va Shekspir bularning barisida qalam tebratgan. Ulardan keyingi ijodkorlarning asarlarida mana shu syujetlar aylanib yuradi.
Uchinchi ko‘z
Insoniyat hech qachon o‘zgarmaydi! Hazrat Navoiy va Shekspirlarning klassikligi shundaki, ular o‘z asarlarida odamdagi barcha hissiyotlarning hamisha yashashini isbotlaganlar. Yagoning qilmishi – hech qachon o‘lmaydigan qilmish. «Otello» tragediyasida qahramonlarning bari o‘ladi, faqat Yagogina «Men yaralandim!» deydi. «O‘ldim!» demaydi. Shekspir uni «tirik qoldiradi».
Yomonlikni, yovuzlikni, fitnani faqatgina yaralash mumkin, xolos. Uni o‘ldirib bo‘lmaydi. Odamzod qanday bo‘lsa, o‘shandayligicha qoladi. Hayotdagi biror-bir johillik yangidan o‘ylab topilgan johillik emas. Jaholatning yangisi yo‘q. Har bir yozuvchi esa o‘zi bilganicha dunyoning bir eshigini ochadi-da, o‘sha yerdan turib, «Hey odamlar, sizlar insonsizlar!» deb ularga inson ekanliklarini eslatadi. Hayot haqiqatlariga nigoh tashlashga undaydi. Rejissyor esa uni o‘zining dunyoqarashidan kelib chiqib talqin qiladi.
Hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda, basirat ko‘zini ochmoq kerak. Bu – insondagi ichki qudratni aks ettiruvchi peshonadagi uchinchi ko‘z. Aslida, hindlarning peshonasidagi xol ham uchinchi ko‘zni aks ettirish ma’nosida qo‘yiladi. Bunday ko‘zga ega insonlar qush tilini tushunadi, mo‘’jizalar yaratadi. Butun olamni, tabiatni idrok etadi. Jahonning joni ular ko‘ksida gupirib, olam bilan birlashadi.
Aslida, bizning barcha urinishlarimiz, nigohimiz mana shu uchinchi ko‘zni ochishga qaratilgan.
Iqbol QO‘ShShAYeVA
tayyorladi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0