Mustamlakaga o‘t ocha olmagan film – «Abdulla Oripov»

Odatda tomoshabin fenomenlar haqidagi filmlardan ko‘p narsa kutadi. Ayniqsa, Lev Tolstoy, Motssart, Hemenguyey kabi shaxslar gavdalantirilgan jahon kino asarlarini ko‘rgan talabchan tomoshabin bo‘lsa...
Madaniyat va ma'rifat
2613 09:39 | 12.09.2023 09:39

Kuni kecha "Abdulla Oripov" filmi ekranga chiqdi-yu, ana shunday talabchan, sinchkov tomoshabinlarning hujumiga uchradi. Nimaga?


Bu haqda keyinroq. Hozir film kamchiliklarini emas, uning ustun taraflari haqida o‘ta shaxsiy fikrlarimni keltirsam.


Mustaqillik degan so‘zni, umuman «Mustaqilmiz», degan hayqiriqni kitobda aytish boshqa, minbarda aytish boshqa. Shuningdek, bu so‘zni kino bilan aytish umuman boshqa masala. Gap shundaki, mustaqillik g‘oyasini kino orqali aytish qaysidir ma’noda jur’at va siyosiy irodaga bog‘liq, menimcha.


O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga 32 yil bo‘ldi. Shu vaqt ichida olingan birorta badiiy filmda mustaqillik e’lon qilinishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarga ko‘zim tushmagandi. Vaholanki, allaqachon bunday badiiy filmlar ishlanishi zarurat edi.


"Abdulla Oripov" filmi nazarimda, bu yo‘ldagi dastlabki qadam. Filmda SSSRda Navro‘z bayramini yo‘q qilishga bo‘lgan harakatlar, to‘y va ma’rakalarni, umuman, milliy qadriyatlarni taqiqlash jarayonlari ochiq ko‘rsatildi. Ayniqsa, Navro‘z bayramida militsiyalarning sumalak qozoniga qum otib, to‘kib tashlagani, bu ishga nisbatan xalqning qarshiligi kulminatsion nuqta bo‘lgan.


Kinoda Davlat Mustaqilligi e’lon qilinadi. Oddiy qishloq kishisi "Mana, ko‘ringlar, Abdulla Oripovning o‘zi mustaqillik bilan tabriklayapti. Xoooy raykom, endi sening SSSRing ham, partiyang enasinikiga ketdi", deb g‘urur va sevinch bilan gapirdi. Aynan shu kadr, aniqrog‘i, shu gaplarni film darajasida aytilishi ham O‘zbekiston uchun yangilik. Ushbu tasvirlarni ko‘rib, bejiz u Mustaqillik bayrami arfasida qo‘yilmabdi, degan fikrlar xayolimdan o‘tdi. Lekin kinodagi ikki davr almashishi va aytiladigan boshqa gaplar asosiy planga chiqib, Abdulla Oripov ikkinchi darajaga tushib qolgan. Odatda mohir rejissyorlar bir shaxs taqdiri va obrazi orqali butun davrning fojiasini, holatini ochib tashlaydi. Buni Eron kino ijodkorlari talqinida ko‘p ko‘ramiz. Ammo "Abdulla Oripov" rejissyori buni aksini qilgan - shaxs orqali davrni emas, davr orqali Abdulla Oripovni ochishga uringan. Ana shu jarayonda Abdulla Oripov shaxsi yo‘qotib qo‘yilgan. Mustaqillik bilan bog‘liq sahnalarni esa yanada hayajonliroq talqinda olish mumkin edi. Umuman stsenarist ham, rejissyor ham filmni ko‘rsatmoqchi emas, uni tushuntirmoqchi bo‘lganday. Aytiladigan kerak-keraksiz gaplar shu qadar ko‘pki, kino davomida kishi o‘zini tomoshagoh emas, hisobot o‘qilayotgan auditoriyada his qiladi.



Kinoning yana bir minus jihati unda shaxs, uning xarakteri ko‘zga tashlanmaydi. Shoirning suronli yillarini gavdalantirgan Shodmonqul Salom hissiz, go‘yo robot kabi namoyon bo‘ladi.


Hayronman, bosimlarga, haqoratlarga nisbatan ijodkor hayqirig‘i, ijodkor isyoni nega yo‘q?



Axir ijodkor borki, unga isyon meros. Abdulla Oripovda o‘zgacha isyon va jo‘shqinlik ulkan edi. U qalban, ruhan ozodlikka tashna shoir edi. Biroq uning ijodiga nisbatan o‘tkazilgan bosimlarga shoir juda sovuqqon munosabatda bo‘ladi. Ochig‘i, men ko‘p kadrlarda buyuk shoir siyratini emas, nari borsa, oddiy maktab muallimining harakatlarini ko‘rganday bo‘ldim.


"Tilla baliqcha" she’ri yomonotliq qilinib, shoir millatchilikda ayblanganda ijodkorning chuqur qayg‘usi, shoirlik iztirobi namoyon qilinadi, deb kutdim. Ammo ko‘zlarda, holatda shoir o‘kinchi, isyoni, ko‘rinmadi. Hilvatda o‘kirib yosh to‘kkanda, tog‘larga chiqib hayqirganda yo hech bo‘lmasa ichganda ham men buni qabul qilardim.



Ammo unday bo‘lmadi. Kinoda Abdulla Oripov fojiasi ham, shaxsi ham mavhum qolgan. Film ijodkorlari qandaydir "odobli" odamni zo‘rma-zo‘raki yasamoqchi bo‘lishganday. Biror ortiqcha harakat qilmaydigan, atrofdagi ishlarga reaktsiyasiz, befraq kishi "Sevgisiz odam", "Munojotni tinglab", "Temir odam" degan og‘riqli she’rlarni yoza olishi mumkinmi? Favqulodda buyuk talant egasining po‘rtana qalbi, faryodi qani? Filmni tomosha qilarkanman mana shu fikrlar xayolimdan o‘taverdi...


Xulosa...


O‘ylaymanki, shoir haqida, Mustaqillikka bo‘lgan harakatlar va Mustaqillikka erishilgan kunlar haqida kelgusida ko‘p kinolar olinadi. «Abdulla Oripov»da kamchiliklar, uzuq-yuluqliklar ko‘p bo‘lsa-da, muhimi mustamlaka yillari amalga oshirilgan ba’zi qing‘irliklarni ko‘rsatishga urinish bor. Maqola sarlavhasi esa bekorga «Mustamlakaga o‘t ocha olmagan film» deb qo‘yilmadi. Nazarimda, kinoning asosiy maqsadidan biri ham Abdulla Oripov shaxsiyati orqali mustamlaka va mustaqillik o‘rtasidagi chiziqni tortish va ko‘rsatish bo‘lgan. Ammo afsuski, kino ijodkorlari buni maromiga yetkazib uddalay olmagan, yoki umuman uddalay olmagan.


Nima bo‘lganda ham, qanday ishlanganda ham, istiqlolga qo‘yilgan qadamlar filmda ko‘rinish bergani yaxshi voqealik.


Mafutuna KARIMOVA, Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Madaniyat va ma'rifat
Bahodir Yo‘ldoshev hikmatlari
0 2740 12:03 | 06.08.2023
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat