Tarixiy adolatni tiklash millatni yuksaltirish demakdir

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi,  Oliy Majlis Senati a’zosi Qudratilla RAFIQOV bilan suhbat
Madaniyat va ma'rifat
1050 17:31 | 13.11.2025 17:31


– Donishmandlardan biri – tarix insoniyatning buyuk xotirasidir, deganida haq edi. Zotan, o‘zlik mudom xotiradan kuch oladi. Aynan u – o‘tmish saboqlarigina inson qalbini ezgulik yo‘llariga chorlab turadi. Ba’zan odam uzoq safarga chiqqanida, biron manzilga yetgach, ortiga bir qur nazar soladi, bosib o‘tgan yo‘lini sarhisob etadi.


Shu ma’noda, tashkilotlarni ham insonga mengzash mumkin. Ularning ham o‘z o‘tmishi, achchig‘u shirin xotiralari bor. Bu eslamlarda ba’zan ravon, ba’zan o‘ydim-chuqur yo‘llarning sabog‘i, yaxshi-yu yomon kechmish­lar qoldirgan hikmatlar aks etib turadi.


Bugun o‘zining 120 yillik yubileyini nishonlayotgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakati ham bundan mustasno emas, albatta.


Bilishimcha, bu tarixni o‘rganishga yaqindan boshlab jiddiy kirishildi. Meni o‘ylantirgani: ushbu zarurat endi yuzaga keldimi? Holbuki, o‘tmishga adolat ko‘zi bilan qarash, tarixni xolis yoritish uchun berilgan in’om – Millat istiqloliga erishilganiga o‘ttiz yildan oshiq fursat o‘tdi...


– Siz aytayotgan mavzu – ya’ni, nega aynan bugunga kelib tarixga «yuz burganimiz»ga bir so‘z bilan mufassal javob berish murakkab ish. Uning o‘ziga xos tomonlari, ijtimoiy-siyosiy xarakteri, qolaversa, ob’ektiv va sub’ektiv jihatlari borki, ularni sharhlash uchun bir qator o‘ta muhim va jiddiy masalalarga bosh suqish kerak bo‘ladi. Xuddi shu bois, bunga sal keyinroq to‘xtalib, hozir savolingizning birinchi qismi – tarix, kasaba uyushmalari o‘tmishini o‘rganish borasidagi tajribamiz haqida gap­lashsak yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman.


Biroq, so‘zim avvalida bir gapni aytib o‘tishim kerakki, ayni mavzu garchi nechog‘lik maftunkor, ommaviy ehtiros va olqishlarga eng ko‘p chulg‘angan bo‘lmasin, xolisona aytganda, ikkimiz ham professional tarixchi emasmiz. Biz dalilu dastak izlab, o‘tmish sahifalari aro chang yutmaganmiz, arxivlarda qatlari sarg‘aygan dasta-dasta qog‘ozlarni titmaganmiz. Shu bois, nazarimda, suhbatimizdan maqsad tarixdan xulosa olish bo‘lsa, ayni muddao bo‘lar edi. Zotan, har bir inson o‘tmish xususida bahslashar ekan, undan o‘zligini izlaydi, kimligi (identiteti)ni isbotlashga harakat qiladi.


«Timsollar yordamida biz baxtga erisholmaymiz. Bu yerda birmuncha jiddiyroq boshqa bir narsa bor...», degan edi farang faylasufi Alber Kamyu bir paytlar. Garchi tarixga aloqasi yo‘qdek tuyulsa-da, bu fikrlarda men aynan o‘tmish g‘ildiragini ko‘rganday bo‘laman. Insoniyatning baxtli hayot haqidagi orzu-umidlari ro‘yobini, mashaqqatli mehnati rohatini ko‘rish istagi shu timsollarda aks etgan, deb o‘ylayman.


Kasaba uyushmalari ham insoniyat tarixi, uning baxtli hayot orzusi bilan chambarchas bog‘liqki, u qay ko‘rinishda bo‘lmasin, mudom odamzodni birlashishga, farovon hayot uchun kurashishga chorlab kelgan. Ko‘hna moziyning bizga ma’lum sahifalaridan – u tosh­­ga o‘yilgan bitiklar bo‘ladimi, qog‘ozlarda sarg‘aygan yozuvlar bo‘ladimi, xalq og‘zaki ijodi bo‘lgan dostonlar, termalaru maqollarda bo‘ladimi, barcha-barchasida ayni shu jilvalar aks etadi.


Bizning turkiy ajdodlarimiz, ­dunyoga o‘z so‘zini aytgan bobolarimiz yaratgan davlatchilik tarixida ham bugungi jahon kasaba uyushmalari harakatining o‘ziga xos unsurlari bor. Ular aynan «kasaba uyushmalari» deb nomlanmagan bo‘lsa-da, ma’lum soha vakillarini o‘zida mujassam etgan edi. O‘zaro saylab ­qo‘yilgan yetakchilar jamoadoshlari, safdoshlarining huquq va manfaatlari uchun kurashgandilar.


Ayni shu yo‘nalishlarda chuqur tadqiqotlar o‘tkazish, ajdodlarimizning ishonchga asoslangan birlashmalari faoliyatini fundamental o‘rganish, mening nazarimda, nafaqat o‘zimiz, balki dunyo kasabachilik harakati uchun ham foydadan xoli bo‘lmaydi.


Ehtimol, yosh tarixchilarimiz bu borada izlanishlar olib borishar. Shunda yanada aniqroq xulosalar olsak, dunyoga o‘rnak bo‘ladigan jihatlarni topolsak, ajab emas.


– O‘zbekning buyuk yozuvchisi Abdulla Qodiriy iborasi bilan aytganda, «Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir» deysiz-da?..


– Shunday. Darvoqe, jadid alloma Abdulla Qodiriy ham kasabachilik harakatining yetakchilaridan biri, Turkiston kasabalar sho‘rosining sarkotibi bo‘lganini bilasizmi?


– Yaqindagina shu haqda o‘qigandim.


– Nafaqat Abdulla Qodiriy, balki Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Hoji Muin Shukr­ullayev, Sultonxo‘ja Qosimxo‘jayev, Muhammad Said Ahroriy, Tavallo kabi buyuk jadidlarimiz bor bu safda. Hamza Hakimzoda Niyoziy ham kasaba uyushmalari taraqqiyotiga o‘ziga xos ulush qo‘shgan. U bir muddat Xorazm kasaba uyushmalari Markaziy qo‘mitasi apparatida Madaniyat bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan.


Bu ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Vatan ozodligi uchun kurashgan ulug‘larimiz Millat istiqboli yo‘lida birlashishda kasaba uyushmalari harakatining ahamiyatini chuqur ang­lab yetganlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy «Haq berilmas, haq olinur», deb ta’kidlaganida ham aynan shu haqiqatni nazarda tutgan bo‘lsa, ne ajab...


Umuman, jadidlar davridagi kasabachilik harakati kattagina va xiyla og‘ir kechmish. Bu tarixga, mavridi kelsa, yana to‘xtalamiz. Ya’ni aytmoqchimanki, siz boya zarurat xususida so‘ragandingiz, o‘sha savol javoblarini izlashda aynan jadidlar davri kasabachiligi tarixiga nazar solish kerak bo‘ladi.


Hozir esa O‘zbekistonda kasabachilikning ilk harakatlari haqida so‘zlashsak. Zero, bu davr mavzuimizning asosiy nuqtalaridan biridir.


– Mening bilishimcha, shu vaqtgacha tariximizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakati 1925 yildan boshlangan degan faktlar ustuvor edi. Bu, anglashimcha, «O‘zbekiston» nomi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak?


– Fikringizga qisman qo‘shilaman. Ammo bu bizning yangi tarixnavisligimizdagi nuqsonlar bilan bog‘liq. Biz sovet davrida o‘sha mafkura ostida yozilgan tarixni o‘qib, katta bo‘lganmiz. Istiqlol yillarida esa o‘sha kitoblarning muqovasi va bir necha boblarigina almashdi, xolos. Muarrixlarimiz yozilgan o‘tmish bitiklarini «sovet» ko‘zoynaklarida – o‘sha mafkura nigohi bilan tahrir qildilar.


Mayli mavzudan chalg‘imaylik. So‘nggi uch yil ichida kasaba uyushmalari harakati tarixi ilmiy jihatdan o‘rganilib, ko‘pgina manbalar tahlil etildi. Ular asosida O‘zbekis­tonda kasaba uyushmalari harakatiga 120 yil to‘lgani isbotlandi.


Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Turkistonda kasaba uyushmalari paydo bo‘lishidan oldin ishchi-xizmatchilar turli to‘garak, yig‘in va uyushmalarga birlasha boshlashgan. Tahlillar 1905-1907 yillarda hozirgi O‘zbekiston hududida, haqiqatan ham, kasaba uyushmalari faoliyat yuritganidan dalolat beradi. Oldingilarining nomida «kasaba» so‘zi mavjud bo‘lmasa-da, ular tabia­­ti va xususiyatiga ko‘ra, ishchi-xizmatchilar tomonidan o‘z iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tuzilgani, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalari bilan shug‘ullangani bois boshqa mamlakatlardagi hozirgi kasaba uyushmalariga to‘la-to‘kis mos keladi.


Kasaba uyushmalari faoliyatining bilimdoni bo‘lgan Avloniy 1920 yilda «Kasabachilik harakati» jurnalining noshiri va bosh muharriri bo‘ladi.


Ushbu jurnalning 1921 yil 1 apreldagi 7-sonida «Ilgarigi va hozirgi kasaba ittifoqlari» sarlavhali maqola berilgan. Unda Abdulla Avloniy «Ishchilar sinfining dastmoya (yirik ish egalari, boy, zodagonlar) bilan kurashuv uyushmalari sifatida bo‘lg‘on kasaba ittifoqlari bizning Rusiyada (Rossiyaga qaram bo‘lgan Turkiston zaminida) 1905 yilda tashkil qilinub, kasabachilik harakatining birinchi davri mana shul sanadan bosh­lanadur», deb yozadi.


Sovet tarixi entsiklopediyasining 14-tomida bitilishicha, Turkis­tonda birinchi norasmiy to‘garak­lar 1903 yili Toshkentda, keyingi yil Samarqandda paydo bo‘lgan. Umuman olganda, 1905 yil kuzida Toshkentda ishchilarning 15 ta to‘garagi faoliyat yuritgan. Uyushma sifatida shakllangan bu to‘garaklar keyingi uch yillikdagi ish tashlashlar va namoyishlarda faol qatnashganlar.


Turkiston o‘lkasida ilk kasaba uyushmalarining dunyoga kelishi O‘rta Osiyo va Orenburg – Toshkent temir yo‘l qurilishi bilan bog‘liq, desak, yanglishmaymiz. Tarix fanlari doktori, professor L.V.Gentshkening fikricha, 1905 yil kuzida Butunrossiya temir yo‘l uyushmasining Turkis­ton bo‘limi tashkil etilgan. Oradan to‘rt-besh oy o‘tar-o‘tmas, u O‘rta Osiyo va Orenburg – Toshkent temir yo‘llarining 8 ming nafar ishchi-xodimini o‘z safiga qamrab olgan.


«Samarqand» gazetasining 1905 yil 10 iyundagi 116-sonida chop etilgan «Temir yo‘l xizmatchilari uyushmasi» nomli maqolada temir yo‘llari tizimidagi turli kasb egalari va ishchi-xizmatchilarni qamrab olishu birlashtirishga qodir kasaba uyushmalarini tuzish zarurati tug‘ilgani eslatilgan.


– Men o‘qigan manbalarda qayd etilishicha, 1905 yil 14 oktyabrda Turkiston temir yo‘llarining ishchi-xizmatchilari mehnat haqi kamligi, ish sharoiti og‘irligi sababli namoyishlar o‘tkazishadi. Ularga boshqa korxonalar ishchilari, temir yo‘l bataloni askarlari, hatto Amudaryo flotiliya­­si matroslari ham qo‘shilib, ish tashlaydilar. Chor hukumati 19 oktyabrda namoyishchilarni yoppasiga o‘qqa tutadi. Bu qirg‘inbarotda halok bo‘lganlarni dafn etish marosimlari xalq g‘azabini qaytadan qo‘zg‘aydi. 15-16 noyabrda takroran qo‘zg‘olonlar va namoyish­lar bo‘ladi. Taassufki, ular ham mehnatkashlar vakillarini otish bilan yakunlanadi...


– Afsuski, tashkilotimiz tarixining ilk davrlarida shunday ayanch­­li kechgan xotiralar ham bor. Ammo o‘sha yilning dekabrida temir yo‘lchilarning ish tashlashlari to‘xtaydi. 13-20 dekabr kunlari O‘rta Osiyo temir yo‘llari ishchi va xizmatchilarining I Qurultoyi o‘tkaziladi. Unda kelayotgan yanvar oyidan e’tiboran 8 soatlik ish kunini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. 1906 yilning 1 iyulida esa Toshkentda O‘rta Osiyo va Orenburg – Toshkent temiryo‘lchilarining birinchi Turkiston birlashgan Qurultoyi bo‘ladi va Temiryo‘lchilar kasaba uyushmasining Ustavi ma’qullanadi. O‘sha hujjat hozir O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyida saqlanmoqda.


Toshkentdagi aloqa xodimlarining 1905 yil 24 oktyabrda bo‘lgan yig‘ilishida esa Turkiston Poch­ta-telegraf uyushmasi tashkil etiladi. Yig‘ilishda uyushma ishlarini bosh­qarish uchun qo‘mita saylash to‘g‘risidagi qaror chiqariladi.


«Turkestan», «Turkestanskiye vedomosti» va «Russkiy Turkestan» gazetalarining 1905-1907 yillardagi ba’zi sonlarida berilgan ma’lumotlar ham o‘sha kezlar yuqorida tilga olingan kasaba uyushmalari tuzilganini tasdiqlaydi.


Ochig‘i, suhbat avvalida aytganimdek, biz tarixchi emasmiz. Shu bois o‘tmish xronikasi bilan tarixchilar shug‘ullangani ma’qulroq. Batafsil bilishni istaganlarga esa «O‘zbekis­ton kasaba uyushmalari: 120 yil xalq bilan» nomli ikki tomlik kitobni o‘qishni tavsiya etgan bo‘lar edim. Ushbu asar O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining shonli 120 yilligi munosabati bilan nashr etilgan bo‘lib, davrlar tarixi xolis va batafsil yoritilgan.


– Ushbu kitobni men ham o‘qib chiqdim. Unda jadid bobolarimizning Millat va Vatan yo‘lida kechirgan ayanchli qismati haqida ham bitiklar mavjud. Siz suhbatimiz avvalida jadidlar davri kasabachilik harakati haqida kengroq fikr bildirishga ishora qilib o‘tgandingiz. Ayting-chi, bu davr 120 yillik tarix solnomalari o‘rganilishi ehtiyoji nimalarda aks etadi? Va hali keyinroqqa surgan savolingiz – nega bugunga kelib tarixga yuzlanayotganimiz haqdayam, imkoni bo‘lsa, gapirib bersangiz.


– Men ko‘p davralarda, matbuotda qayta-qayta aytgan bir fikrimda sobitman: uzoq yillar ko‘p balolarni boshidan kechirishga majbur bo‘lgan bu yurt va uning xalqi endilikda nafaqat mamlakat suverenitetini mus­tahkamlash, balki unuttirilgan va bag‘ridan yulib olingan ulug‘ o‘tmish xotirasi, madaniyati va ajdodlari merosini tiklash hamda bu sharafli harakat o‘laroq o‘z kimligini topishga, ma’naviy yangilanishga bel bog‘lagan.


Sovet zamonlari o‘z-o‘zicha tushunarli. Ammo mustaqillikning chorak asrdan ortiq, biz shonli, deb ko‘klarga ko‘tarib kelgan davrda ham o‘tmish tariximizga yondashuv o‘zgarmay qoldi. Anglashimcha, tarixni, millatning o‘zligini chin ma’noda ko‘rsatish milliy tuyg‘ularni qo‘zg‘ab yuborishi mumkin, degan hadikka borishgan bo‘lishsa, ajab emas. Qolaversa, o‘zini mudom «klassik qudrat» hisoblovchi o‘yinchi mafkuralar kechagacha bizning maktablarimizda milliy tarix qanday o‘qitilishi kerakligi haqida ochiq xavotir bildirib kelishdi. Tabiiyki, bunday bosim va xavotirlarni yengib o‘tish har kimning qo‘lidan keladigan ish emas. Men yaqinda bo‘lib o‘tgan qurultoyimizdagi ma’ruzamda muhtaram Prezidentimiz amalga oshirgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarni hech ikkilanmasdan «inqilob» deb bilishimni aytdim. Darhaqiqat shunday! Tarixni tiklash ham, shubhasiz, inqilob – ma’naviy revolyutsiya!


Siyosatchilar tilida istehzo aralash «qaram mustaqillik» degan bir termin-atama yuradi. Bu istiloh ko‘proq biz – postsovet davlatlariga nisbatan qo‘llaniladi. Nazarimda, buni ortiqcha sharhlash shart emas. Sodda aytganda, bu «mus­taqilsan, ammo shu bilan birga, qaram hamsan», deganidir. Mafkuraviy jihat – tarixni o‘rganish, madaniyat va axborot sohalarida biz «an’anaviy uslub»ga qaram edik. O‘ylaymanki, umumiy va lo‘nda aytilgan shu asosning o‘zi ham Shavkat ­Mirziyoyev qisqa davrda biz bugun yetarlicha ang­lay olmayotgan, ammo buyuk ishni amalga oshirganini isbotlashimiz uchun yetarli asos bo‘la oladi.


– O‘zingiz yuqorida eslatganingizdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyi bilan bog‘liq muhim bir ma’lumotni aytib o‘tdingiz. Kasaba uyushmalarining uzoq o‘tmishiga guvoh bo‘lgan ushbu inshoot Yangi O‘zbekis­ton davrida shaxsan Prezidentimiz tomonidan Federatsiya ixtiyo­riga berildi.


Kasaba uyushmalari tarixi bilan bog‘liq saroyning Federatsiya hisobiga o‘tkazilishida men siz ­e’tibor qaratgan bir timsolni – o‘zlikning yana o‘z o‘zaniga qaytayotganini ko‘rgandek bo‘ldim.


– Darhaqiqat, bu muhtasham inshootning tarixi – uzoq. Uning 100 yildan ortiq vaqtga ega kechmishi xalqimizning nafaqat ma’naviy, balki ijtimoiy-siyosiy hayoti bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Biz esa bu tarixning ko‘proq madaniyatga oid, xususan, bu dargohda bir vaqtlar milliy san’atimiz va jahon madaniyatining mashhur darg‘alari o‘zining betakror va yorqin iste’dodini namoyon etganidangina xabardor edik, xolos.


Ammo tarixni o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, bugungi katta avlod «Sverdlov» kontsert zali sifatida biladigan maskan ilk faoliyatini o‘tgan asrning boshida «Kolizey» teatri nomi ostida boshlagan. O‘z vaqtida Toshkentdagi 1100 o‘ringa mo‘ljallangan eng katta tomosha zaliga ega bo‘lgan.


Tarixiy manbalarga ko‘ra, ushbu saroyda 1905-1907 yillarda Turkis­ton kasaba uyushmalarining ilk ta’sis yig‘ilishi, 1920 yilda Turkis­ton Res­publikasi kasaba uyushmalarining II S’ezdi, 1925 yil mart oyida O‘zbekis­ton kasaba uyushmalari Kengashining (Uzsofprof) I Qurultoyi bo‘lib o‘tgan. Shubhasizki, ushbu faktlar, majoziy ma’noda ayt­ganda, ayni dargoh tashkilotimiz uchun beshik vazifasini bajarganini ko‘rsatadi, desam, to‘g‘ri ayt­gan bo‘laman. Bu mulohazalarim bilan ushbu maskan kasaba uyushmalari ixtiyoriga berilishi ma’naviy tomondan to‘g‘ri bo‘lganini yana bir bor aytmoqchiman. Qolaversa, bu amaliyot – tarixiy bo‘lgan ushbu saroyga ega topib berishning boshqa sabablari ham bor edi. Bu haqda sal keyinroq aytaman.


Hozir esa bevosita saroyimizning o‘tmishiga kengroq to‘xtalsam. Zotan, u ko‘pchilik uchun juda qiziq. 1914 yili Abdulla Avloniy rahbarligidagi o‘zbek havaskor truppasining dastlabki spektakli – Behbudiyning «Padarkush» dramasi asosida tayyorlangan spektakl ham shu yerda qo‘yilgan. Binobarin, mazkur dargoh milliy san’a­timiz tarixiga daxldor, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Keyinchalik qayta rekonstruktsiya qilingan «Kolizey»ga Ya.Sverdlov nomi beriladi. Yuqorida aytganimdek, katta avlod uchun bu joy xotiralarga juda boy. Chunki ushbu saroy o‘z vaqtida nafaqat poytaxtning, balki mamlakatimizning muhim madaniy maskani bo‘lgan.


Biroq san’at sohasiga, akademik musiqa va hassos akustikaga ega bo‘lgan ushbu noyob dargoh uzoq yillar egasiz qolganday bo‘ldi. Bir u tashkilot, bir bu tashkilot qo‘lma-qo‘l qilib, uning nufuziga ham, tarixiy qiymatiga ham putur yetkazdi. Eng yomon tomoni, «ega»lar koshonaning ovozni tabiiy toblab turuvchi «tabiati»ga zarar yetkazishgan. Buzishgan, sindirishgan, teshishgan, xullas, madaniyat ulashadigan nodir bir tarixiy saroyni oddiy ofisga aylantirishgan.


Kezi kelganda shuni aytishim kerakki, ushbu san’at maskani o‘tmishi va taqdiri Prezidentimizni uzoq vaqtlar o‘ylantirib yurganiga shaxsan o‘zim guvohman. Shavkat ­Miromonovich uning tarixini o‘ziga qaytarish, eski holatdagi faoliyatini tiklash adolatli ish bo‘lishi to‘g‘risida bir necha bor gapirgan. Biroq u paytlar buni amalga oshirishning mavridi bo‘lmagan edi.


Prezidentimiz bu binoni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufiga o‘tkazishdagi ko‘zlagan maqsadlaridan biri, yuqorida ayt­ganimdek, uning tarixiy shuhrati va jozibasini qaytaradigan «ega» qo‘liga topshirishdan iborat edi, nazarimda. Albatta, vayron qilingan nozik didli me’moriy qurilish ishlarini qayta o‘ziday tiklash katta mehnat, bilim va taj­riba talab etadi. Shuning uchun biz dunyoning turli nuqtalaridan bunday ixtisoslashgan, noyob yechimli zallarni qurish va jihozlash bo‘yi­­cha katta malakaga ega mutaxassislarni Toshkentga chaqirdik, ularning maslahatini, ko‘magini oldik. Uzoq yillar «o‘z o‘qi»dan chiqib ketib, sarson bo‘lgan tarixiy koshona Prezidentimiz tashabbus­lari bilan yana xalqimizga qaytarildi.


Bugun ushbu san’at dargohi o‘zbek madaniyati va san’atini yanada ravnaq toptirish, yosh avlodning ma’naviy dunyosini yuksaltirishdek ezgu ishga o‘zining hissasini qo‘shmoqda.


Bu ham Millat Liderining tashab­busi bilan xalqimiz uchun yana bir adolatning tiklanishiga misol bo‘la oladi.


– Agar tarix yozilayotganda bir harf tushib qolsa ham, bu xato nafaqat bugungi kunga, balki kelajakka o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Kasaba uyushmalarining bir asrdan ziyod tarixini o‘rganish bosqichlari qanday bo‘lishi kerak? Mening tusmolimcha, siz hozirgacha ikki davr haqida so‘z yuritdingiz: biri – O‘zbekistonda kasabachilik harakatining paydo bo‘lishi, ikkinchisi – jadidlarning kasaba uyushmalari bilan bevosita bog‘liq harakatlari.


Sobiq sho‘rolar davrida kasaba uyushmalari nimalarni boshdan kechirgan? Uning rivojlanishi qanday kechgan? Bu savollar ham odamni o‘ylantirishi tabiiy, albatta.


– Tarix xolis va adolatli yozilmog‘i lozim. Siz aytgan davr, garchi mustabidlik zamoni bo‘lgan va u davr­­da, nafaqat tarix yozish, balki butun tizim hukmron mafkuraga bo‘ysundirilgan edi. Ammo qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u bizning tariximiz.


Eng muhimi, bu davr kasaba uyushmalari hayotida o‘ziga xos rivojlanish pallasi bo‘lganidan ko‘z yummasligimiz kerak. Bu tarixni o‘rganish birmuncha oson va silliq kechishini esa gapirmasam ham bo‘ladi. Chunki arxivlarda ma’lumotlar yetarli. Bizning endigi vazifamiz ularni xolis o‘rganmoqdir.


Men ayni damda Ikkinchi jahon urushi yillarida kasaba uyushmalarining sa’y-harakatlari xususida biroz to‘xtalish lozim, deb o‘ylayman. Zotan, ayni o‘sha jarayonlarda kasaba uyushmalari odamlarni safarbar qilish, birlashtirishda qanday salohiyatga ega ekanligini ko‘rsata olgan.


Urush boshlanishi bilan tashkilot asosiy e’tiborni ishlab chiqarishni harbiy sanoatga moslashtirishga va mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratishga majbur bo‘lgan. Xususan, 1941 yil 25-26 iyun kunlari ipak sanoati, poyabzal sanoati, tikuvchilar, metall buyumlari va davlat muassasalari kabi tarmoq kasaba uyushmalari Toshkent va Samarqand viloyatlarida yig‘ilib, 10 soatlik ish kuniga o‘tish, zavod va ­fabrikalarni harbiy mahsulot ishlab chiqarishga o‘tkazish bo‘yi­­cha tezkor choralar ko‘rish to‘g‘risida qaror qabul qilishgan. Deyarli barcha korxona va tashkilotlarda jamoa shartnomalari qayta ko‘rib chiqilgan, muddatidan oldin topshiriqlarni bajarish majburiyatini olishgan.


Kasaba uyushmalari korxona va tashkilotlarda front uchun umumxalq yordami harakatiga boshchilik qilishgan. Kasaba uyushmalari oldidagi yana bir muhim vazifa – evakua­tsiya qilingan korxonalarni hududlarga joylashtirish va tezda ishga tushirish bo‘lgan. Ana shunday 46 ta zavod va fab­rikada kasaba uyushma tashkilotlari qayta tashkil etilgan.


Yangi sanoat ob’ektlari qurilishida bo‘lgani kabi malakali ishchilarni tayyorlash, kasbga o‘qitish ishlarida ham kasaba uyushmalari faollik ko‘rsatishgan. Umuman olganda, kasaba uyushmalari yordamida 1941-1945 yillarda 135 mingdan ortiq malakali ishchi tayyorlangan.


Kasaba uyushmalarining Ikkinchi jahon urushidagi eng katta xizmatlaridan yana biri urush hududlaridan evakuatsiya qilingan aholini joylashtirishdan iborat bo‘lgan. Frontdagilarning oilalari uchun dam olish maskanlari, bog‘chalar, kvartiralar ajratish vazifasi ham kasaba uyushmalari zimmasiga tushgan. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 137 400 nafar o‘g‘il-qiz bolalar muassasalariga joylashtirilgan. 1943 yilda 50 ming nafari oromgohlarda dam oldirilgan.


O‘zbekiston kasaba uyushmalari Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy safarbarlikni amalga oshirish va og‘ir sharoitda mamlakat iqtisodiyotini ko‘tarish, front ortini mus­tahkamlash, jangchi-askarlar va aholini ruhlantirishda faol ishtirok etib, g‘alabani ta’minlashga ulkan hissa qo‘shdi.


Aytmoqchi bo‘lganim shuki, har bir xalqning o‘z tarixi, o‘z o‘tmishi bor. Uning yaxshisini bo‘yab-bejab ko‘rsatish, yomonini yashirib, ba’zi joylariga ko‘z yumib o‘tish kechirib bo‘lmas holdir. Shu bois, kasaba uyushmalarining mustabidlik yillaridagi tarixi yanada chuqurroq o‘rganilishi, unda xolislik va adolat eng muhim tamoyil bo‘lishi tarafdoriman.


– Yaqin o‘tmish – Mustaqillik yillaridagi tariximiz haqidagi fikrlaringiz?


– Bu davr, ayniqsa, tarixga, chin mustaqillikka bo‘lgan qarash va intilish haqida yuqorida qisqagina gapirdim. To‘g‘ri, tanqid qilishdan osoni yo‘q. Har zamonning o‘z zayli bo‘ladi. Qolaversa, o‘sha aravaning ustida o‘zimiz ham bo‘lganmiz. Ammo masalaga o‘zimiz, kasaba uyushmalari nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak, boshqa soha va tarmoqlar qatori bizning tashkilotda ham katta ma’nodagi o‘zgarish bo‘lmadi: yopig‘liq qozon yopig‘lig‘icha qoldi, deganlaridek, «profsoyuz» an’anaviy roli – ishchi-xizmatchilarga sihatgohlarga yo‘llanma tarqatadigan tashkilot maqomida qolaverdi.


– Eng yangi tariximiz – Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari faoliyati haqida so‘z yuritish fursati keldi, nazarimda.


– Bu savolingizga Prezidentimizning O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va a’zolariga yo‘llagan tab­rigidagi mana bu iqtibos bilan javob bersam maylimi?


Unda shunday deyilgan edi: «Salkam 120 yillik tarixga ega O‘zbekis­ton kasaba uyushmalari faoliyati davomida yuksalish va pasayish davr­lari ham yuz bergan, lekin bu tashkilot hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari hayotida yangi rivojlanish bosqichi boshlandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi».


Ha, O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yillik tarixida ­keyingi 9 yil asrlarga tatigulik davr bo‘ldi. Buni hamma ko‘rib-bilib turibdi.


Esingizda bo‘lsa, biz suhbatimiz avvalida kelishib olgan edikki, «Tarix xronikasi emas, undan chiqadigan saboq xususida gaplashamiz», deb. Ammo kasaba uyushmalarining yangi tarixidagi muhim voqealarni ta’kidlab o‘tishni istardim. Zotan, ular muhtaram Yurtboshimiz oqilona siyosatining sohamizdagi aksidir.


Takror aytamanki, kasaba uyushmalari keyingi to‘qqiz yilda asriy yangilanishlarning guvohi bo‘ldi. ­11 noya­br­­ning «Kasaba uyushmalari kuni» deb e’lon qilinishi shonli tariximizga zarhal harflar bilan yozildi. 2021 yil «O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi» muzeyi tashkil etildi.


Federatsiya qoshidagi Malaka oshirish instituti bugun soha mutaxassislari uchun ixtisoslashgan muassasaga aylantirildi.


O‘tgan davrda davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan Federatsiya tasarrufida Markaziy Osiyo­­da yagona bo‘lgan Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi tashkil etildi. Mazkur o‘quv dargohi bugunga kelib, soha uchun yetuk mutaxassislar ­tayyorlashda muhim platforma vazifasini bajarmoqda.


Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan 1991 yildan 2017 yilgacha o‘tgan 26 yil davomida tizimda 1 ta yangi sanatoriy qurilgan bo‘lsa, oxirgi to‘qqiz yilda 14 ta yangi sanatoriy qurilib, foydalanishga topshirildi. Yana 10 ga yaqini rekons­truktsiya qilindi.


Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, 2022 yilda Federatsiya tizimida Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti ish bosh­ladi. Faoliyatini to‘xtatgan yoki samarasiz ishlayotgan 82 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi Federatsiya balansiga o‘tkazildi va tasarrufdagi shunday maskanlar soni 110 tadan oshdi. O‘tgan davr mobaynida 9 ta yangi bolalar oromgohi qurildi, 76 tasi kapital ta’mirlandi.


2024 yilda «Yakkasaroy» sport-sog‘lomlashtirish majmuasida xalqaro talablarga javob beradigan Suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi. O‘tayotgan yilda u yerda mamlakatimizda ilk bor sinxron suzish va suzish bo‘yicha birinchi Markaziy Osiyo ochiq chempionati o‘tkazilishi, hech shubhasiz, sportimiz sohasida tarixiy voqea bo‘ldi.


XX asrning boshlarida shakllangan tashkilotimiz demokratik muhitda dunyoga kelganini, bu harakatda ko‘plab jadidlarimiz bevosita ishtirok etganini ko‘pchilik juda yaxshi biladi. Orada zamonlar o‘zgarib, kasaba uyushmalari o‘z hayotida turg‘unlik yillarini ham boshidan kechirdi. Ammo bugun – Yangi O‘zbekis­ton davriga kelib, u o‘zi ilk erkin qadam olgan muhitga qaytdi.


Men buni bejiz eslamadim. Zotan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixida ilk bor, bu yil o‘tkazilgan saylovlarda barcha darajadagi kasaba uyushmalari organlari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari muqobillik asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi. Ayni tashabbus tashkilotimizning xalqaro darajadagi nufuzini oshirdi, desam, yang­lishmagan bo‘laman.


O‘tgan qisqa davr ichida O‘zbekis­ton kasaba uyushmalarining xalqaro miqyosdagi o‘rni va obro‘yi ham oshdi. Jumladan, davlatimiz rahbarining ochiqlik, do‘stlik va ishonchli hamkorlik siyosatlari natijasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan 2021 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari kengashi, 2023 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya milliy kasaba uyushma markazlari ishtirokida Turkiy davlatlar kasaba uyushmasi tashkiloti ta’sis etildi.


2024 yil dekabr oyida kasaba uyushma faollarining yana bir uzoq yillik orzusi amalga oshdi. Federatsiyamiz 169 ta davlatning 333 ta kasaba uyushmalarini birlashtirgan, 250 milliondan ziyod a’zoga ega Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining haqiqiy a’zoligiga qabul qilindi.


Bularning barchasi mamlakatimiz kasaba uyushmalari tarixidagi muhim va unutilmas voqelik hisob­lanadi.


Hozir men Yangi O‘zbekis­ton kasaba uyushmalari tarixidagi eng muhim voqea – Prezident ­Shavkat Mirziyoyevning kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvi bo‘lganini aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Zotan, men ushbu uchrashuvda uzoq yillar davomida dilimdan o‘tkazgan anglamlarimning hayo­tiy ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim.


Davlat rahbari, tarix haqida so‘zlar ekan, jumladan, shunday dedi:


«Hayot bir haqiqatni doimo ta’kidlab keladi: tarixni puxta bilmasdan turib, kelajakni barpo etib bo‘lmaydi. Shu bois, har bir tashkilot va muassasa tarixini o‘rganish, ularda mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz».


Mening anglamlarim nima edi?


Men ko‘p yillar hamroh bo‘lgan, ko‘p bora suhbatlashgan inson sifatida Shavkat Mirziyoyevning botinidagi ulug‘ bir tuyg‘uni anglagandek bo‘laman. Bu Millat va Vatanning turli davrlarda toptalgan, ba’zan tahqirlangan qadr-qimmatini tiklash, uning bir vaqtlardagi buyuk shonu shavkatini ulug‘lash tuyg‘usidir.


Ana endi siz suhbatimiz avvalida so‘ragan va men sal avvalroq qisman javob bergan savolingizga doir mulohazalar bilan o‘rtoqlashsak bo‘ladi. Ya’ni, bungacha so‘rovingizning ijtimoiy-siyo­siy jihatlariga to‘xtalgan bo‘lsam, endi uning mafkuraviy-ma’naviy tomonlariga e’tibor qaratamiz.


Avvalo, shuni ishonch bilan aytishim kerakki, O‘zbekiston kasaba uyushmalarining tarixini chuqur va keng o‘rganish zarurati mamlakatimizdagi bugungi ma’naviy o‘zgarish­lar sabab yuzaga keldi.


Ochiq gapirishdan tortinmaslik kerak, bundan 7-8 yil oldin kasaba uyushmalari, desa odamlar qanday tashkilotni tushunishgan?! O‘ylaymanki, bu savolga hammada aniq javob bor. Ammo bugun u xalqning orasiga kirdi. Milliy siyosatimizni amalga oshirishda Prezidentimizning ko‘makchisiga aylandi. Kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan xalqparvar loyihalar – «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Temir daftar» va boshqa ijtimoiy dasturlarning amalga oshishida kasaba uyushmalari faollari, a’zolarining munosib ulushi borligini bugun e’tirof etsak, adolatdan bo‘ladi.


Shu ma’noda, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi chindan xalq tashkilotiga aylandi, jamiyatda ham, davlat oldida ham obro‘si ortdi. Bularning barchasi, avvalo, Prezidentimizning siyosatlari tufaylidir. Tariximizni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqimiz ham, hech shubhasiz, Shavkat ­Miromonovich tabiatidagi noyob xususiyatdan «nusxalangan», desam, ishonavering.


E’tibor qilsangiz, Prezident tarix haqida juda ko‘p gapiradi, o‘tmishga mudom ehtirom ko‘rsatadi, ajdodlar merosiga chuqur hurmat bilan qaraydi. Buni Toshkentda qad rostlagan buyuk loyihalar – Yangi O‘zbekiston bog‘i, Islom tsivilizatsiyasi markazi, Samarqandda bunyod etilgan Imom Buxoriy majmualari misolida ham yaqqol ko‘rishingiz mumkin. Siz davlat rahbarining shu inshootlarga poydevor qo‘yilganidan buyon ularning qurilishi, ish jarayoni bilan tanishish uchun necha martalab borgani, har borganlarida qanchalar o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritganini sanab bera olasizmi?!


Har bir tashrif ehtiromdir. Bu ehtirom negizida esa Millat va Vatanga bo‘lgan cheksiz sadoqat, yorqin muhabbat turadi. Zotan, Vatanini sevgan, Millatiga mehrli bo‘lgan insongina o‘z tarixini ulug‘laydi, ajdodlari bilan faxrlanadi, ularga munosib farzand bo‘lishga intiladi, ulkan bunyodkorliklarga qodir bo‘ladi.


Shukrki, Alloh bizga shunday Yetakchini bergan. Uning xalqiga bo‘lgan cheksiz mehri kabi bitmas-tuganmas shijoati bugun 8 millionlik kasaba uyushmalari a’zolarini ham ulkan marralarga ruhlantirmoqda, ularni Yangi O‘zbekiston tarixining zarhal sahifalarini yozishga undamoqda.



– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!


Suhbatdosh:


Husan ERMATOV,


O‘zbekiston Respublikasida


xizmat ko‘rsatgan jurnalist


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Madaniyat va ma'rifat
Bahodir Yo‘ldoshev hikmatlari
0 2740 12:03 | 06.08.2023
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat