Hayotbaxsh yangilanishlarning mantiqiy davomi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan poytaxtimizda «Kasaba uyushmalari nashrlari transformatsiya sharoitida: konvergentsiya sari yo‘l» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tmoqda
Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi «Chinobod Plaza» sanatoriysida «Kasaba uyushmalari nashrlari transformatsiya sharoitida: konvergentsiya sari yo‘l» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya boshlandi.
Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya hamda Tojikistondan kasaba uyushmalari sohasining media va tarmoq xodimlari, olimlar, amaliyotchilar, shuningdek, turli davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.
Konferentsiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari
Federatsiyasi raisi, senator
Qudratilla Rafiqov nutq so‘zlab, anjuman ishiga
muvaffaqiyat tiladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Qudratilla Rafiqovning «Kasaba uyushmalari nashrlari transformatsiya sharoitida: konvergentsiya sari yo‘l» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyadagi nutqi
Assalomu alaykum!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Qadrli mehmonlar!
Muhtaram faxriylar, jurnalistlar, media sohasi vakillari, olimlar va hamkorlar!
Avvalo, barchangizni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan «Ishonch» gazetasi tashkil topganining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyamiz bilan chin qalbimdan qutlayman.
Barchangizni shu nufuzli anjumanda ko‘rib turganimdan bag‘oyat mamnunman.
Bugun mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida so‘z va axborot erkinligi, ochiqlik, jamoatchilik bilan muloqot, inson qadrini ulug‘lash kabi tamoyillar hayotimizning muhim mezoniga aylanib bormoqda. Ommaviy axborot vositalariga munosabat ham tubdan o‘zgardi. Bu o‘zgarishlar, tabiiyki, matbuot zimmasiga nafaqat keng imkoniyat, balki yanada katta mas’uliyat ham yuklaydi.
Bugungi anjumanni yurtimizda kechayotgan ana shunday hayotbaxsh yangilanishlarning mantiqiy davomi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ayni paytda muhtaram Prezidentimizning 2025 yil 17 oktyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari bilan uchrashuvda bildirgan quyidagi fikrlari biz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi:
«Axborot kommunikatsiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda odamlarga ishonchli ma’lumotlarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri yetkazish juda muhim.
Kasaba uyushmalarida buning uchun imkoniyat ham, sharoit ham, salohiyat ham yetarli.
Eng katta auditoriyaga ega bo‘lgan kasaba uyushmalari halol va fidoyi mehnatni targ‘ib qilish hamda mehnat munosabatlarida qonuniylikni ta’minlashga oid axborotlarni jamoatchilikka birinchilardan bo‘lib yetkazib borishi kerak».
Bu fikrlar kasaba uyushmalari tizimi oldiga juda aniq va dolzarb vazifalarni qo‘yadi. Ya’ni biz faqat mehnatkashlar haq-huquqini himoya qiladigan tuzilma emasmiz. Biz ishonchli so‘z, haqqoniy munosabat va jamoatchilik oldidagi mas’uliyatni ham zimmamizga olgan tizimmiz.
Ayniqsa, bugungi tadbirda mamlakatimiz axborot, media, jamoatchilik va davlat boshqaruvi sohasida yuksak obro‘-e’tiborga ega nufuzli mehmonlar ishtirok etayotgani barchamiz uchun quvonarlidir. Chunki bugungi muloqot matbuot, raqamli texnologiyalar, inson huquqlari, adabiyot, parlament va fuqarolik jamiyatini o‘zaro bog‘laydigan muhim masalalarni qamrab olmoqda.
Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Ozarbayjon va Turkiyadan tashrif buyurgan mehmonlarimizni ham samimiy qutlayman. Ularning ishtiroki tufayli bu anjuman oddiy yubiley tadbiri doirasidan chiqib, tajriba almashish, fikrlarni uyg‘unlashtirish va kasaba uyushmalari nashrlarining kelajagi haqida birgalikda o‘ylash maydoniga aylanmoqda. Bu, albatta, juda muhim.
Hurmatli ishtirokchilar!
Bugungi anjuman nafaqat «Ishonch» gazetasi tahririyati, balki butun kasaba uyushmalari harakati, milliy matbuotimiz va jamoatchilik fikri taraqqiyoti uchun ham alohida ahamiyatga ega voqelikdir. Chunki biz bugun oddiy bir sanani nishonlayotganimiz yo‘q. Biz ishonchni, so‘z mas’uliyatini, fidokorona mehnatni va jamoatchilik oldidagi burchni ulug‘layapmiz.
Ma’lumki, «Ishonch» gazetasining ilk soni 1991 yil 21 mart kuni nashr etilgan. Shu vaqtdan buyon uning 5 ming 500 dan ortiq soni mushtariylar qo‘liga yetib bordi. Bu raqamlar ortida uzoq yillik mehnat, tahririyat tajribasi, turli avlod jurnalistlarining izlanishlari va eng muhimi, o‘quvchilar ishonchi mujassam.
Bugun «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» nashrlari mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotini yoritib kelayotgan, mehnat ahli hayoti, uning huquq va manfaatlariga doir mavzularni muntazam ko‘tarib chiqayotgan nashrlar sifatida e’tirof etilmoqda.
Gazetalarning umumiy adadi 37 ming 500 nusxaga yetgani, ijtimoiy tarmoqlardagi jami auditoriyasi esa 250 mingga yaqinlashgani ularning o‘z o‘quvchisi, o‘z kuzatuvchisi, o‘z ta’sir doirasi borligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu holat tahririyat zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
So‘nggi yillarda tahririyat faoliyatida qator yangilanishlar ko‘zga tashlanyapti. Tahririyat negizida mediamarkaz tashkil etildi, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ishga tushirildi, gazetaning bosma shaklini hududlarda chop etish va tezkor tarqatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, har yili gazeta sahifalarida e’lon qilingan eng sara maqolalar asosida kitoblar nashr etish an’anasi ham shakllandi.
Lekin ochiq aytish kerak – tahririyatdagi konvergentsiya jarayoni hali to‘liq shakllanib bo‘lganicha yo‘q. U endigina tizimli tus olyapti. Bugungi anjumanning ahamiyati ham aynan shunda – u bizga mavjud holatni xolis baholash, kamchilik va ehtiyojlarni aniq ko‘rish, kelgusi qadamlarni belgilab olish imkonini beradi.
Muhtaram ishtirokchilar!
Kasaba uyushmalari – bu, eng avvalo, inson manfaati degani. Shu ma’noda, kasaba uyushmalari nashrlari ham doimo inson qadri, mehnat huquqi, ijtimoiy himoya, adolat va hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarga xizmat qilishi lozim.
Shunday ekan, «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalarini faqat axborot tarqatuvchi nashr desak, kamlik qiladi. Ular – mehnatkash insonning dardi, huquqi, orzu-intilishi va jamiyatdagi o‘rnini ifoda etishga intilib kelayotgan minbardir.
Bugungi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyamiz ham bejiz «Kasaba uyushmalari nashrlari transformatsiya sharoitida: konvergentsiya sari yo‘l» deb nomlanmagan. Zero, zamon o‘zgarmoqda, auditoriya o‘zgarmoqda, axborot iste’moli shakllari tez sur’atlarda yangilanmoqda.
Endi gazeta faqat qog‘ozda chiqadigan nashr emas. U sayt, video, Telegram, YouTube, Instagram, foto va videokontent, tezkor raqamli muloqot imkoniyatlari bilan uyg‘unlashgan yaxlit media muhitning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi anjuman tajriba almashish, fikrlashish, hamkorlikni kuchaytirish va kelgusi vazifalarni belgilab olish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Biz Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya va Ozarbayjondan tashrif buyurgan hamkorlarimiz ishtirokini ana shu jihatdan yuksak qadrlaymiz. Ishonamizki, bu muloqot kasaba uyushmalari nashrlari o‘rtasida tajriba va yondashuvlarni o‘zaro boyitishga, media sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qadrli do‘stlar!
Har qanday natija ortida inson mehnati turadi. Shu ma’noda, bugungi bayram – avvalo, ushbu gazetalarning shakllanishi va bugungi faoliyatiga hissa qo‘shgan faxriylar, muharrirlar, muxbirlar, tarjimonlar, dizaynerlar, texnik xodimlar va barcha ijodkorlar bayramidir.
Biz jamiyatimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni shunchaki yoritmay, ularning mazmun-mohiyatini ochishga intilgan, odamlar qalbiga yo‘l topgan, mehnat ahlining ovozini jamoatchilikka yetkazishga harakat qilgan barcha fidoyi qalam ahliga chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Ana shu xizmatlarni munosib qadrlash maqsadida bugun tahririyat xodimlari, faxriylar va soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir qator insonlar taqdirlanadi. Bu – e’tirof ramzi. Bu – mehnatga hurmat ifodasi. Bu – fidoyilik hech qachon e’tiborsiz qolmasligining amaliy tasdig‘idir.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Bugun biz 35 yillik tarixga tayanib, ertangi kun haqida ham jiddiy o‘ylashimiz kerak. Oldimizda turgan asosiy vazifa – kasaba uyushmalari nashrlarini yangi bosqichga olib chiqish, ularning ta’sirchanligini oshirish, raqamli muhitdagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, yosh auditoriya bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tahliliy va multimedia kontent salmog‘ini kengaytirishdan iborat.
Bizga an’ana va yangilanishni uyg‘unlashtiradigan, ishonch va tezkorlikni birlashtiradigan, so‘z erkinligi bilan so‘z mas’uliyati o‘rtasidagi muvozanatni saqlay oladigan media kerak.
«Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari ana shu yo‘lda izlanmoqda. Endi bu harakatlarni yangi davr talablari asosida yanada kuchaytirish – barchamizning umumiy vazifamiz.
Ishonamanki, bugungi konferentsiya, uchrashuvlar va fikr almashuvlar kasaba uyushmalari nashrlarining kelgusi taraqqiyoti uchun yangi g‘oyalar, yangi hamkorliklar va yangi tashabbuslarga yo‘l ochadi.
Fursatdan foydalanib, «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari jamoasini, ularning barcha faxriylari va bugun mehnat qilib kelayotgan xodimlarini, ushbu nashrlar atrofida birlashgan minglab o‘quvchilarni, hamkor tashkilotlar va barcha media vakillarini yana bir bor samimiy qutlayman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat, ilhom va muvaffaqiyat tilayman.
«Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari xalq bilan muloqot, haqiqat va adolat maydoni bo‘lib xizmat qilishda davom etsin. Kasaba uyushmalari nashrlarining ovozi yanada teran, so‘zi yanada ta’sirchan bo‘lsin.
E’tiboringiz uchun rahmat!



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0