Zidanning “kalla qo‘yishi”, “Asr goli”, Maradonaning qo‘li: jahon chempionatidagi tarixiy vaziyatlar
Shimoliy Amerika yashil maydonlarida o‘tuvchi futbol bo‘yicha jahon chempionati ham yetib keldi. Bu mundial o‘zbekistonliklar uchun alohida ahamiyatga ega. Unda terma jamoamiz o‘z tarixida ilk bor ishtirok etadi. Umuman olganda, jahon chempionatlari musobaqalar ichida eng qizg‘in va kurashlarga boy bo‘lishi bilan ajralib turadi. Masalan, frantsiyalik futbochi Zeniden Zidanning italiyalik raqibini bosh bilan urib yiqitgani atrofida hanuz bahslar bo‘lib turadi. 1930 yildan buyon
davom etayotgan turnirda turli shov-shuvli voqealar kuzatilgan. Ulardan ayrimlari bilan quyida tanishib o‘tamiz.
Maradonaning ayyorligi
1986 yilgi jahon chempionati mashhur yulduz Diyego Maradonaning ayyorligi bilan yodda qoldi. Uning chorak finalda inglizlar bilan o‘yinda qo‘l bilan kiritgan goli bahsga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu paytda Folklend orollari tufayli sodir bo‘lgan urushga bor-yo‘g‘i 4 yil bo‘lgandi.
Ushbu o‘yinda Maradonaning dubli Angliyani mag‘lub etishga yordam berdi. To‘rt daqiqa ichida Diyego jahon chempionati tarixidagi eng ajoyib ustomonlikni amalga oshirdi va ortidan XX asrning eng yaxshi individual golini urdi. Birinchi bo‘limda hech qanday muhim voqea sodir bo‘lmadi. Futbol zerikarli, temp sust edi. Bunga asosan shafqatsiz yonayotgan quyosh sabab bo‘ldi. 51-daqiqada Maradona maydon markazidan harakatlana boshladi, Glenn Xoddlning yonidan o‘tib, Xorxe Valdanoga uzatma berdi va keyin javob uzatmasini kutib oldinga yugurdi. Angliyalik yarim himoyachi Stiv Xodj to‘pni jarima maydonchasidan uzoqlashtirishga urindi, ammo to‘p osmonga ko‘tarildi. Maradona esa Mexikodagi Atsteka stadionida barcha 114 000 kishi guvoh bo‘lgan, maydondagi 22 futbolchi ham tushungan, ammo tunislik hakam Ali Bin Nasser va bolgariyalik chiziq hakami Bogdan Dochev ko‘rmay qolgan vaziyatda qo‘li bilan to‘pni darvozaga kiritib yubordi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Maradona hakamlar shubhaga tushib qolmasligi uchun golni astoydil nishonlagan. To‘rt daqiqadan so‘ng u “asr goli” nomini olgan to‘pni kiritdi. U kuchli driblingni amalga oshirdi va naq besh raqib futbolchisini aldab o‘tdi. Golning ajoyibligini hatto raqiblar, jumladan, Garri Lineker va Piter Shilton ham e’tirof etdi. “Biroq, birinchi g‘irrom gol bo‘lmaganda, balki bu ajoyib gol ham bo‘lmasdi. Bizning jamoa to‘rt daqiqa avval sodir bo‘lgan voqeadan hayratda qolgandi”, deya vaziyatni izohlagandi Angliya terma jamoasi darvozaboni Piter Shilton.
Ushbu voqeadan keyin FIFA qo‘l yordamida kiritilgan golni hisoblagan tunislikni hakamni umrbod futboldan chetlatdi. Bolgariyalik qanot haqami Dochev ham futboldan ketdi. Ammo Argentina ushbu jahon chempionatida g‘alaba qozondi va natijalar o‘zgarmay qoldi.
Badjoning xatosi
AQShda o‘tgan 1994 yilgi Jahon chempionati italiyalik futbolchi Roberto Badjoning mashhur penaltisi bilan eslanadi. Ushbu chempionat finalgacha Badjoning benefisiga aylandi. Italiya terma jamoasi turnirni juda yomon boshladi, ammo pley-off bosqichida Badjo jamoani bir o‘zi finalgacha sudrab bordi: nimchorak finalda Nigeriyaga qarshi qahramonlik ko‘rsatdi (88-daqiqada hisobni tenglashtirdi, qo‘shimcha vaqtda g‘alaba golini urdi). Chorak finalda Ispaniyaga qarshi 88-daqiqada g‘alaba golini kiritdi. Yarim finalda esa Bolgariyaga qarshi dubl qayd etdi. Italiya Badjoning sehrli o‘yini evaziga finalga chiqdi. Ammo finaldan oldin u yana jarohat oldi. Shu bo‘lsa-da, u Braziliyaga qarshi o‘yinga og‘riq qoldiruvchi ukollar bilan maydonga tushdi.
Afsuski, hal qiluvchi penaltilar seriyasida butun turnir davomida porlagan futbolchi dahshatli xatoga yo‘l qo‘ydi. U tepgan to‘p mutlaqo noaniq edi. Natijada, Braziliya jahon chempioniga aylandi. Qiziq tomoni, yaqinda OAVga intervyu bergan Badjo 32 yildan so‘ng ham haliyam o‘sha vaziyatni unutmaganini va o‘zini kechira olmayotganini tan oldi.
Zidan – bu Zidan!
2006 yil Germaniyadagi JCh finalida Italiya va Frantsiya o‘zaro to‘qnash keldi. Frantsuzlar yetakchisi Zidan o‘z faoliyatini yakunlashi aniq edi va bu jahon chempionatida g‘alaba qozonish uning uchun juda muhim edi. Hal qiluvchi vaziyatlar yaqinlashganda italyanlarning ayyorligi va provokatsiyasi o‘z mevasini berdi. Qo‘shimcha vaqtlarda Zidan Marko Materatstsiga boshi bilan zarba berdi, futbolchi yerga quladi, hakam esa frantsiyalikka qizil kartochka ko‘rsatdi. Bu vaziyatni so‘z ustasi Hojiboy Tojiboyev juda zo‘r tasvirlagan – butun dunyo “vuuuv” deb yubordi. Finaldagi o‘yinda ruhiy ustunlik Italiya tarafiga o‘tdi, penaltilar seriyasida Frantsiya imkoniyatni boy berdi.
Zinedin Zidan keyinchalik Frantsiyaning Canal Plus kanaliga bergan intervyusida Jahon chempionati finalida Marko Materatstsi bilan bo‘lgan mojarosining tafsilotlarini oshkor qildi. Frantsiya terma jamoasi sardori italiyalik himoyachi uning onasi va singlisini haqorat qilganini da’vo qildi. Zidan muxlislardan o‘z xatti-harakati uchun uzr so‘radi, ammo qilmishlaridan afsuslanmasligini aytdi. “U onam va singlimga nisbatan qo‘pol so‘zlar aytdi. Men uning gaplarini e’tiborsiz qoldirishga harakat qildim, ammo u yana haqoratni takrorladi”, dedi Zidan.
Luis Suares darvozabon o‘rnida
2010 yil JARda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Urugvay terma jamoasi yorqin o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa, chorak finalda Gana bilan kechgan o‘yin dramatik ko‘rinish oldi. Uchrashuv 1:1 hisobida kechayotganda ganalik futbolchilardan biri Urugvay darvozasini aniq nishonga oldi. Hamma gol bo‘lishini kutayotgan edi, ammo hujumchi Luis Suares oxirgi himoyachi rolini bajardi va to‘pni qo‘llari bilan qaytarib yubordi. Hakam standart qaror chiqardi: Suares maydondan chetlatildi va Urugvay darvozasi tomon penalti belgilandi. Ammo shu onda kutil(ma)gan holat ro‘y berdi. Ganalik futbolchi penaltini ijro eta olmadi. Bu paytda Suares endi maydondan chiqib ketayotgan edi. Uning bu vaziyatni quvonch bilan nishonlagani ekranlarga muhrlandi. Eng asosiysi, ruhiy ustunlik evaziga Urugvay penaltilar seriyasi Ganani yengdi va Suaresning harakati to‘liq o‘zini oqladi. Janubiy Amerika jamoasi yarim finalga chiqdi va Niderlandiyaga mag‘lub bo‘lsa-da, qattiq qarshilik ko‘rsatdi.
Braziliyaning sharmandaligi
2014 yilgi jahon chempionatida eng kutilmagan va hayratlanarli voqea Braziliya va Germaniya termalari o‘rtasidagi o‘yinda kechdi. Jahonning eng kuchli termalaridan biri bo‘lgan braziliyaliklar o‘z tarixida unutib bo‘lmaydigan darajada dahshatli mag‘lubiyatga uchradi. Bu mag‘lubiyat o‘z maydonida sodir bo‘lgani, uning salmog‘ini battar oshirdi. Braziliya o‘z maydonidagi turnirda faqat chempionlikni maqsad qilgan edi. Ammo yarim final oldidan jamoa ikkita ulkan yo‘qotishga uchradi: termaning asosiy yulduzi Neymar chorak finalda Kolumbiyaga qarshi o‘yinda umurtkasidan og‘ir jarohat olib, safdan chiqdi. Buning ustiga jamoa sardori va himoya yetakchisi Tiago Silva sariq kartochkalari ko‘payib ketgani uchun o‘yinni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, stadionga yig‘ilgan 58 000 muxlis va butun mamlakat Braziliyaning g‘alabasiga ishonayotgan edi. O‘yin boshlandi va nemislarning “mashinasi” ishga tushdi. Tomas Myuller 11-daqiqadayoq hisobni ochdi. Ammo haqiqiy dahshat 23-daqiqadan boshlandi. Germaniya atigi 6 daqiqa ichida Braziliya darvozasiga 4 ta gol urdi. Birinchi bo‘limning o‘zidayoq hisob 0:5 ko‘rinishiga keldi. Braziliyalik himoyachilar (ayniqsa David Luiz va Dante) nima qilayotganlarini tushunishmas, maydonda sarosima hukm surardi.
Stadiondagi minglab, ekran qarshisidagi millionlab braziliyaliklar yig‘lashardi. Braziliya ko‘chalarida tartibsizliklar boshlandi, odamlar bayroqlarni yoqishdi. Bu 1950 yilgi “Marakana” (Urugvaydan uchragan mag‘lubiyat)dan ham og‘irroq zarba edi. Yoaxim Lyov shogirdlari shu qadar kuchli ediki, ular gollarni deyarli nishonlashmadi ham — raqibga nisbatan hurmat saqlashdi. So‘ngra Germaniya keyinchalik finalda Argentinani mag‘lub etib, chempion bo‘ldi. Braziliya esa o‘sha o‘yindan so‘ng na 2018 yilda, na 2022 yilda o‘zini ko‘rsata olmadi. Bu safar nima bo‘larkin, vaqt ko‘rsatadi?
Abror Zohidov,
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0