Turkiy olam XXI asr strategiyasini shakllantirmoqda TDTning norasmiy sammitidan keyingi mulohazalar

21 may kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lib o‘tgan norasmiy sammit Turkiy davlatlar tashkilotining keng ko‘lamli faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Deklarativ uchrashuvlardan to‘liq siyosiy-iqtisodiy hamkorlik formatigacha bo‘lgan uzoq yo‘lni bosib o‘tgan ushbu tashkilot bugun Yevroosiyo hamkorlik arxitekturasida munosib o‘rin egallashga harakat qilmoqda. Turli sammitlar, yuqori darajadagi uchrashuvlar, Turkiy inves­titsiya jamg‘armasini tashkil etish kabi muhim tashabbuslar kelgusida global sahnada raqobat qila oladigan ittifoq poydevorini mustahkamlaydigan dastlabki qadamlardir.
Siyosat
1776 12:12 | 02.04.2026 12:12

Bu jarayonda O‘zbekiston nafaqat demografik nufusi va geografik joylashuvi, balki Turkiy davlatlar tashkiloti g‘oyalarini aniq siyosiy, iqtisodiy va madaniy yo‘nalishlardagi amaliy ishlarga aylantirayotgan davlat sifatida ham muhim rol o‘ynamoqda. Shubhasiz, bunda bugungi kun turk olamining dolzarb masalalarini shakllantirayotgan asosiy me’morlardan biri – davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etish zarur.
Turkiy davlatlar tashkiloti tarixini shartli ravishda uch bosqichga bo‘lish mumkin. Birinchi bosqich – 1992 yildan (Anqarada o‘tkazilgan birinchi turkiy tilli davlatlar sammitidan) to 2009-2010 yillarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tuzilgungacha bo‘lgan davr. Ikkinchi bosqich – 2011-2021 yillardagi institutsionallashuv bosqichi bo‘lib, unda aniq qo‘shma dasturlarni amalga oshirish jarayoni boshlangan. Uchinchi bosqich esa 2021 yilda Turk kengashining Turkiy davlatlar tashkiloti deb qayta nomlanishi bilan bog‘liq. Bu o‘zgarish tashkilotning geosiyosiy va ­geoiqtisodiy nuqtai nazardan yanada rasmiy, uzoq muddatli yo‘nalishga o‘tishini anglatadi.
TDTga 2019 yili qo‘shilgan O‘zbekiston juda qisqa fursat ichida iqtisodiy va madaniy tashabbuslarning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. 2022 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammit va ayniqsa, kuni kecha Budapeshtda bo‘lib o‘tgan norasmiy sammit Turkiy davlatlar tashkilotida katta maqsadlar sari yo‘naltirilgan transformatsiya jarayonlari yuz berayotganini ko‘rsatdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti tarixida ilk bor norasmiy sammit kuzatuvchi maqomiga ega davlat hududida, Yevropaning qoq markazi – Budapesht shahrida o‘tkazildi. Qolaversa, tadbir odatiy uchrashuvlardan farqli o‘laroq, turkiy integratsiyaning chinakam strategik laboratoriyasiga aylandi – TDT rahbarlari tashkilotga a’zo hamda kuzatuvchi maqomidagi davlatlar oldida turgan asosiy chaqiriqlar, global imkoniyatlar va ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi ufqlarini muhokama qildilar.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban raisligida bo‘lib o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Prezidenti Rejep ­Tayyip Erdog‘an, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ­Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti ­Sadir ­Japarov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti ­Qasim-Jomart Toqayev hamda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasida ko‘p qirrali aloqalarning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr-mulohaza bildirildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari sammitning shiddat bilan o‘zgarayotgan global vaziyat va oldindan aytib bo‘lmaydigan murakkab jarayonlar, geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlari kuchaygan bir sharoitda o‘tayotganini ta’kidlar ekan, «Shu sababli dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimizning umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirish har qachongidan ham muhimdir», dedi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sherik­lik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Prezidentimiz savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida o‘zaro savdo ulushini oshirish maqsadida «Turk-treyd» onlayn platformasini yaratish va Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish ­bo‘yicha amaliy dastur qabul qilish taklifini bildirdi.
Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish haj­mining o‘sishini ta’minlash va bojxona-chegara tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalish bo‘ylab «yagona darcha» va «yashil yo‘laklar» tizimini joriy etishga chaqirdi. Prezidentimiz bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida shu yilning noyabr oyida Toshkent shahrida Turkiy davlatlarning multimodal transport va logis­tika xalqaro forumini o‘tkazish rejalashtirilganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Turkiy investitsiya jamg‘armasi ta’sis etilganini olqishlab, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘shma venchur kompaniyasi va tashkilotga a’zo mamlakatlarning investitsiyaviy imkoniyatlarini taqdim etadigan yagona portal tashkil etish, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida esa kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari iqlim kun tartibiga to‘xtalar ekan, yaqinda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro iqlim forumi davomida «yashil» taraqqiyot sohasida global va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yi­­cha qator muhim tashabbuslar ilgari surilganini qayd etdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Budapesht shahrida Qurg‘oqchilikning oldini olish institutini ishga tushirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Uning faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga keng­roq jalb qilish uchun qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish taklif qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti fan, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetining ochilishi tashkilotga a’zo mamlakatlarning ta’lim dasturlarini amalga oshirish va iqtidorli yoshlarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY faoliyati va tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Turkiy madaniyat jamg‘armasi kengashining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston TDTga qo‘shilgandan buyon o‘zini kontseptual va amaliy yetakchi sifatida namoyon etib kelmoqda. Mamlakatimiz strategiyasi iqtisodiy pragmatizm, madaniy-gumanitar yakdillik va texnologik kelajak kabi uchta asosiy ustunga tayanadi.
O‘zbekiston 2023 yilda TDTdagi raisligi davomida 100 dan ortiq tadbirlar o‘tkazdi. Raqamlashtirish, transport, turizm va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida dasturlar ishlab chiqildi. «Turk-treyd» platformasini yaratish tashabbusi turkiy davlatlar o‘rtasida hozircha 7 foizdan oshmaydigan o‘zaro savdo hajmini oshirish va to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslardan biri, xolos.
TDT Bosh kotibiyati ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ichki savdo aylanmasi umumiy tashqi savdoning 7 foiziga yetdi. Bu avvalgi 3-4 foizlik ko‘rsatkichga nisbatan jiddiy o‘sish hisoblanadi. Asosiy maqsad 2030 yilga kelib, bu ko‘rsatkichni 15 foizga olib chiqishdan iborat.
Aynan shu maqsadda Turk investitsiya jamg‘armasi tashkil etilyapti. U transport, energetika, logistika va raqamlashtirish sohalaridagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmiga aylanishi kerak.
Jami 2,1 trillion dollarlik iqtisodiyot va salkam 175 millionlik aholiga ega davlatlarni birlashtirgan tashkilotning salohiyati ulkan. Darhaqiqat, ushbu salohiyatni real kuchga aylantirish uchun davlat rahbari nutqida bot-bot yangragan bojxona tartib-taomillarini muvofiqlashtirish, qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini tashkil etish, «yashil» investitsiyalar va tranzitni soddalashtirish kabi tizimli yechimlar talab etiladi.
Bu jarayonda O‘zbekiston nafaqat tashabbuskor davlat, balki ehtimoliy xab sifatida ham ko‘rilyapti. ­Geografik jihatdan mamlakatimiz Xitoy, Hindiston, Rossiya, Eron, Afg‘oniston va Turkiyani bog‘lab turadi. Iqtisodiy jihatdan esa yangi sanoat loyihalari va raqamli yechimlar uchun maydon taqdim etadi.
«Sharq va G‘arbning uchrashuv nuqtasi» mavzusida tashkil etilgan norasmiy sammit davlat rahbarlari uchun ustuvor sohalarda hamkorlikni mustahkamlash va umumiy mintaqaviy hamda global masalalar yuzasidan fikr almashish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Davlat rahbarlari kengashi tomonidan «Turkiy Davlatlar Tashkiloti norasmiy sammiti Budapesht dek­laratsiyasi», «O‘zbekiston Respublikasining Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasiga qo‘shilishi to‘g‘risida»gi hamda «TDT Bosh kotibining vakolat muddatini uzaytirish to‘g‘risida»gi qarorlari, «Davlat rahbarlari kengashining Afg‘oniston masalasi bo‘yicha bayonoti» imzolandi va qabul qilindi.
71 banddan iborat deklaratsiya tashkilotning savdo, energetika, transport, raqamlashtirish, xavfsizlik va madaniyat kabi ko‘plab strategik yo‘nalishlar bo‘yicha aniq yo‘l xaritasi sifatida namoyon bo‘ldi.
Deklaratsiyada, shuningdek, O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston va boshqa TDT a’zo davlatlarining xalqaro tashkilotlardagi, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashi va YuNESKOdagi rahbarlik lavozimlariga nomzodlari qo‘llab-quvvatlanishi qayd etilgan.
«Budapesht deklaratsiyasi hamkorlikning yangi bosqichiga umumiy qarashni aks ettirdi. U mamlakatlarning integratsiyani mustahkamlash va infratuzilmani yangilashdan tortib, ilmiy innovatsiyalar va yashil energetikagacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi», dedi TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev.
Budapesht sammiti Turkiy davlatlar tashkiloti o‘zining integratsiyaviy tarixi uchun yangi tafakkurni shakllantirayotganini namoyon etdi. Bu deklaratsiyalar davridan amaliy harakatlar bosqichiga o‘tib, mintaqaviy hamkorlikni strategik boshqarish modelini yaratish deganidir. Sammitda qabul qilingan qarorlar transmilliy miqyosdagi istiqboldagi maqsadlar uchun yagona maydon yaratishga urinish, deya baholanmog‘i kerak. Hozirgi murakkab geosiyosiy vaziyatda TDT tashabbuslari zamirida mustaqil tashqi siyosat yuritayotgan, o‘z taraqqiyot modelini o‘zi yaratayotgan davlatlarning hamkorlik ko‘lamini kengaytirish maqsadi yotibdi.
Kelgusi yillar Turkiy davlatlar uchun transport loyihalarini moliyalashtirishdan tortib, umumiy bozor mexanizmlarini ishga tushirish, raqamli suverenitet kabi ko‘plab sinovlarni olib kelishi turgan gap. Ammo ushbu norasmiy sammit TDT amaliy ishlarga tayyor ekanini namoyon etdi. Zero, «Turk-treyd», «yashil yo‘laklar», qo‘shma forumlar va o‘zaro yechim mexanizmlari integratsiya alomatlaridir.
Xo‘sh, bu jarayon qanchalik bardavom bo‘ladi? Turkiy davlatlar tashkiloti endilikda tashqi ta’sirlarga qarshi emas, ichki birdamlik va taraqqiyot loyihasi sifatida shakllanmoqda. Agar bu sa’y-harakatlar mutanosiblik va o‘zaro ishonchga asoslansa, kelajakda turkiy olam nafaqat o‘z xalqlari, balki global siyosiy iqtisodiyot uchun ham ahamiyatli aktorga aylanishi, shubhasiz.


Jahongir NAHANOV
«SHONCH»


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid