Toshkentda milliy terma jamoa o‘yinlari uchun 13 ta yirik muxlislar maydoni tashkil etiladi
Toshkent shahri hokimligi O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi o‘yinlarini jonli tomosha qilish uchun poytaxt bo‘ylab katta ekranlar o‘rnatiladigan manzillar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, maxsus tomosha maydonlari shaharning har bir tumanida hamda «Bunyodkor» stadionida tashkil etiladi. Ularda milliy terma jamoa ishtirokidagi bahslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etiladi.
Katta ekranlar quyidagi hududlarda joylashtiriladi:
— Bektemir tumani — «Rohat» mahallasi;
— Mirobod tumani — «Furqat» bog‘i;
— Mirzo Ulug‘bek tumani — Central Park istirohat bog‘i;
— Olmazor tumani — «G‘alaba bog‘i»;
— Sergeli tumani — Markaziy xiyobon;
— Uchtepa tumani — Seul Eco Park;
— Chilonzor tumani — «G‘afur G‘ulom» bog‘i;
— Shayxontohur tumani — «Anhor-Lokomotiv» bog‘i;
— Yunusobod tumani — Yunusobod sport majmuasi;
— Yakkasaroy tumani — «Do‘stlik» bog‘i;
— Yangihayot tumani — INDEX Park;
— Yashnobod tumani — «Ashxobod» sayilgohi.
Eng katta muxlislar maydoni «Bunyodkor» stadionida tashkil etilib, u yerda bir vaqtning o‘zida 10 ming nafargacha muxlis milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichidagi birinchi uchrashuvini 18 iyun kuni soat 07:00 da o‘tkazadi. Portugaliyaga qarshi bahs 23 iyun kuni soat 22:00 da, Kongo DR terma jamoasiga qarshi o‘yin esa 28 iyun kuni soat 04:30 da bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, respublika bo‘ylab 208 ta tuman va shahardagi maktablarda ham «Muxlislar maydoni» tashkil etiladi. Bu yerlarda o‘quvchilar, ota-onalar va futbol ishqibozlari milliy terma jamoa o‘yinlarini katta ekranlar orqali birgalikda tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0