“Sog‘lom tanda – sifatli tibbiyot”: tibbiyot xodimlari sport maydonida bellashdi

Sport – salomatlik garovi. Ayniqsa, inson salomatligi uchun xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlari uchun jismoniy faollik nafaqat sog‘lom turmush tarzining bir qismi, balki mehnat unumdorligini oshirishda ham muhim omil hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent shahar kengashi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida “Sog‘lom tanda – sifatli tibbiyot” shiori ostida sport musobaqalari tashkil etildi.
Sport
666 11:17 | 12.05.2026 11:17

Mazkur musobaqalarda sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar faol ishtirok etdi. Hududiy bosqichlarda 1400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, ulardan 348 nafari Toshkent shahar bosqichiga yo‘llanma oldi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar sportning turli yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashib, jamoaviy hamjihatlik va sportga bo‘lgan qiziqishlarini namoyon etdilar.


Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadiganlar sonini ko‘paytirish, tibbiyot muassasalari xodimlarini sport tadbirlariga keng jalb etish hamda ularning jismoniy faolligini oshirishdan iborat. Shuningdek, tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan sport sektsiyalari va to‘garaklar ishini rivojlantirishga ko‘maklashish ham musobaqaning muhim vazifalaridan biri bo‘ldi.


Ta’kidlash joizki, tibbiyot xodimlari kundalik faoliyatida insonlar hayoti va salomatligi uchun xizmat qiladi. Ushbu sport musobaqalari esa ular uchun nafaqat bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoaviy birdamlikni mustahkamlash va ruhiy tetiklikni oshirish uchun ham muhim maydonga aylandi.


Musobaqa yakunida faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. G‘olib jamoa esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi hamda 30 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Bu kabi musobaqalar nafaqat sportni ommalashtirish, balki mehnat jamoalarida sog‘lom muhitni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0