Soyliqda olimpiya rekordchisi Akbar Jo‘rayev nomidagi sport maktabi ochildi

Sport
789 11:06 | 26.03.2026 11:06

Shukur, Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo. Ayniqsa, hozirgi tahlikali davrda osoyishtalik va xotirjamlik qadrini, uning bebaho ne’mat ekanini teran anglab yetyapmiz. Tinch va osuda yurtga esa to‘yu tantana, bunyodkorlik ishlari oltin uzukka qo‘yilgan olmos ko‘zdek yarashadi.



Navro‘z va muborak Ramazon hayiti arafasida yurtimizda bir qator tarixiy ahamiyatga ega voqealar ro‘y berdi. Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yangi mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Poytaxtda ko‘p asrlik tariximizni Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti bilan bog‘laydigan Islom tsivilizatsiyasi markazi ochildi. Samarqandda esa Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu kabi bunyodkorliklarni dunyo hamjamiyati mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi sifatida e’tirof etmoqda.


Ana shunday xayrli ishlar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida ham davom etdi. Go‘zal tog‘lar qo‘ynida joylashgan, xalq orasida «O‘zbekiston Shveytsariyasi» deb ta’riflanadigan ushbu hududda yana bir muhim inshoot – Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport maktabi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda ijodkor ziyolilar, faxriylar, sportchilar, jamoatchilik faollari jam bo‘lishdi.



Dastlab O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov so‘zga chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash yo‘lida Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, ayniqsa, sportga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlarni alohida ta’kidladi. Soyliqliklarni yangi inshoot bilan qutladi. Nuroniylar esa yangi maktabdan kelajakda yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitadigan Akbar Jo‘rayev singari taniqli sportchilar yetishib chiqishini tilashdi.



Shundan so‘ng tantanali ravishda lentalar kesilib, Akbar Jo‘rayevga maktabning ramziy kaliti topshirildi.


Tarixiy manbalardan ma’lumki, Soyliq qishlog‘i azaldan o‘zining boy o‘tmishi, ma’naviy merosi va fidoyi farzandlari bilan tanilgan. Bu zamin XV asrda Xoja Ahror Valiyning vaqf yerlari bo‘lgani, keyingi davrlarda esa ko‘plab olim va ziyolilarni yetishtirgani bilan alohida ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ushbu tabarruk maskandan chiqqan sportchilar jahon maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. Xususan, Olimpiya rekordchisi, «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni sohibi, uch karra jahon chempioni, kasaba uyushmasi sportchisi Akbar Jo‘rayev kabi afsonaviy sportchilarimizni bugungi kunda butun dunyo taniydi va tan oladi.



Yangi sport maktabining barpo etilishi aynan shu an’analarning davomi bo‘ldi. Bundan o‘n yillar oldin tog‘li va chekka hududda jahon standartlariga javob beradigan bunday majmua qurilishi ko‘pchilik uchun ushalmas orzudek tuyulardi. Bugun o‘sha orzular amalga oshdi.



Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport maktabi Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Majmua zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi. Unda keng va qulay sport zali, bir nechta mashg‘ulot xonalari, stadion, majlislar zali, metodik xonalar, yotoqxona va oshxona kabi barcha zarur infratuzilma yaratilgan. Bu chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularni sportga jalb qilish va iqtidorini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.



Sport maktabi kelgusida yangi chempionlar, Vatanimiz bayrog‘ini xalqaro arenalarda yanada baland ko‘taradigan yoshlarni tarbiyalaydigan muhim maskanga aylanishi shubhasiz. Zero, Akbar Jo‘rayevning munosib izdoshlari aynan shu yerda shakllanishi, Yangi O‘zbekistonning yangi oltin avlodi yetishib chiqishi uchun zamin hozirlandi.


Muxtasar aytganda, Soyliqda bunyod etilgan mazkur inshoot nafaqat bir hudud yoki bir soha yutug‘i, balki mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish yo‘lida olib borilayotgan izchil siyosatning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.



G‘ulomjon MIRAHMEDOV
Ishonch.uz


Foto: E’zoza Umr


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0