Sherali Jo‘rayev ham uning muxlisi bo‘lgan: bor-yo‘g‘i 33 yil umr ko‘rgan Ahmad Zohir ijodi va hayoti

Shunday ijodkorlar borki, san’atga chaqmoq kabi kirib keladi. Ular oz yashaydi, lekin ijodi tarixda o‘chmas iz qoldiradi. “Afg‘on bulbuli”, “Sharq bulbuli”, “Afg‘on Elvis Preslisi” kabi nomlarni olgan xonanda Ahmad Zohir ham shunday edi. U bor-yo‘g‘i 33 yil umr ko‘rdi, sirli tarzda halok bo‘ldi. Ammo Zohir qisqa umri davomida barakali ijod qilib, o‘nlab albomlar chiqardi. Quyida sermahsul afg‘on san’atkorining umr yo‘li va ijod qirralari haqida so‘zlashamiz.
O'zgacha rakurs
1475 13:51 | 24.09.2025 13:51

Ahmad Zohir 1946 yil 14 iyunda Kobulda tug‘ilgan. Uning otasi Abdul Zohir shifokorlik bo‘yicha tahsil olgan bo‘lib, AQShning Kolumbiya universitetini tamomlagan. U podshoh Zohirshohning shaxsiy shifokori va Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan. 1971–1972 yillarda Abdulzohir hatto Afg‘oniston Bosh vaziri lavozimida ham faoliyat olib borgan.


Yosh Ahmadning musiqaga qiziqishi otasi ham bir paytlar o‘qigan Kobuldagi mashhur “Habibiya” litseyida o‘qib yurgan paytlarida paydo bo‘lgan. Ahmad ilk kontsertini shu litseyda berdi, shundan keyin unga katta shuhrat keldi va uni umr bo‘yi tark etmadi. Ahmad litseyni tamomlagach, otasi uni tibbiyot sohasida ish boshlaydi, degan umidda uni Hindistonga jo‘natadi. Ammo Ahmad u yerda musiqadan uzilmagan, sintez, ritm, ohang, dinamika, tovushlarning rang-barangligi, uyg‘unligi nozikliklarini o‘rganishda davom etgan. Ahmad Zohir qo‘shiqlari chinakam asaldek shirin ohangga ega, ular darrov qalbga singib ketadi, chunki so‘z va musiqaning ma’nosi, uyg‘unligi va lirikasi bir-biriga mos keladi, bir hil tuyg‘u va kayfiyatni aks ettiradi.



Zohirning birinchi qo‘shig‘i “Menga bir qiyo boq” deya nomlangan edi. Mazkur tarona uni professional qo‘shiqchi sifatida tanitgan bo‘lsa, keyinchalik “Ohista-ohista”, “Hamma mening do‘stim”, “Daryo-daryo”, “Seni sog‘indim”, “Gajaki” kabi o‘nlab qo‘shiqlari mashhur bo‘lib, uning shuhratga erishishiga sababchi bo‘ldi.


Xonanda o‘z qo‘shiqlari uchun asosan dariy, shuningdek, pushtun, hind, ingliz tillarida yozilgan she’rlarni o‘zgacha nozik did bilan tanlagan. Uning qo‘shiqlari Hofiz, Sa’diy, Bedil, Mavlono Balxiy, Xaliliy, Lohutiy, Nodirpur, Tursunzoda kabi tojik-fors shoirlarining so‘zlariga asoslanadi. U Parvardigor, ona, sevgi haqida, baxt va yolg‘izlik haqida kuylagan. U sharqiy va g‘arbiy ohanglarni sintez qilgan, ularni yangi aranjirovkalarda o‘zaro bog‘lagan. “Bir qo‘shiq tarixi” (www.historyonesong.com) internet portalida shunday jumlalar mavjud: “Uning qo‘shiqlari turli mavzularni qamrab olgan, jozibali musiqasi esa ko‘p qirrali edi. 70-yillarning oxirida u milliy qahramonga aylandi. O‘shanda u chinakam vatanparvar edi va uning o‘sha davrdagi ko‘plab qo‘shiqlarida kuchli siyosiy qarashlari aks etgan”.


Ahmad Zohir o‘zining 33 yillik hayoti davomida 22 dan ortiq albom yozdi, jumladan, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida seviladigan o‘nlab qo‘shiqlar ijro etdi. U 1971 yilda G‘arbning mashhur “Lylee” albomiga kiritilgan va frantsuz “Bimb-jet” diskoteka guruhi tomonidan ijro etilgan “El Bimbo” (“Tanho shudam, tanho”) qo‘shig‘ining muallifi sanaladi. Keyinchalik bu qo‘shiqning musiqiy versiyasi (tango ohangi) “Politsiya akademiyasi” filmida ishlatilgan. Faqat Frantsiyada qo‘shiqning milliondan ortiq nusxasi va butun dunyo bo‘ylab esa uch milliondan ortiq disk sotilgan. Ispaniya, Italiya, Daniya, Turkiya va Livanni ham bu ohang zabt etdi.


Ahmad Zohir taniqli amerikalik qo‘shiqchi Elvis Preslining “Its now or never” qo‘shig‘ini ingliz tilida ham, ona tilida ham kuylab, butun go‘zalligini ochib berdi. 2003 yilda Amerikaning nufuzli “The New York Times” gazetasi Ahmad Zohirni “afg‘on Elvisi” deb atadi.


Afghan Elvis' is alive through widow in Northern Va. - The Washington Post


Afg‘onistonda notinch hayotga qaramay, Ahmad Zohir doimo mashhur bo‘lib keldi. Uning qo‘shiqlari nafaqat Afg‘oniston, Tojikiston, Eron, Pokiston, Hindiston, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham sevib tinglangan, taqlid qilingan. Mashhur o‘zbek hofizi Sherali Jo‘rayev ham Ahmad Zohirning qo‘shiqlarini sevib eshitgan va uning qo‘shiqlarni kuylagan. Yozuvchi va jurnalist Karimberdi To‘ramurod “Ey sorbon...” qo‘shig‘i haqida quyidagi tarifni yozadi: “Bu qo‘shiqni avvalo afg‘on bulbuli Ahmad Zohir aytgan. Tojiklarning bulbuli Jo‘rabek Murodov aytgan. Bizdan Sherali Jo‘rayev aytgan. Sherali Jo‘rayev ijrosidagi qo‘shiq matni (ayrim satrlar qo‘shiqqa kirmagan):

Ey sorbon, ohista yur, oromi jonim boradur,
Tandin dilu jonim olib, ul dilsitonim boradur.
Qolurmu men olis bo‘lib, bechorayu ma’yus bo‘lib,
Qalbim firoq tig‘i tilib, to ustuxonim boradur.

Derdim qilib nayrang-fusun, sirrim etay pinhon bu kun,
Pinhon bo‘lolmas chunki xunh dildan nihonim boradur.
Sarkash nigorimdan judo, ayshu qarorim bebaqo.
Manqalda otashdek qaro dud birla qonim boradur.

Cheksam-da zulm bedodini, ham va’dalar barbodini,
Ko‘ksimda tutgum yodini, toki zabonim boradur.
To‘xtat bir oz, ey sorbon, karvonni qilma tez chunon,
Sarvi ravon ishqida jon — ruhi ravonim boradur.

Qilma fig‘on, ey Sa’diyo, hech arzimas ul bevafo,
Toqatni qo‘ymas bu jafo, aqlu imonim boradur.


Bu qo‘shiqni kim qanday talqin qilib aytgan, Alloh biladi, ammo bir go‘zal talqin borki, unda g‘azalni Shayx Sa’diyning Payg‘ambarimiz (s.a.v) marsiyasi deydilar. Tobutda ketayotgan Payg‘ambarimiz ortidan yig‘lab aytilgan marsiya. "Ey, sorbon, yelkalarida jonimning oromi bo‘lgan, dilimning xotirjamligi bo‘lgan Rasululloh alayhi vasallamning tobutini olib ketayotgan bu karvonni qistamang, tez olib ketmasinlar, axir unda dilimning egasi, xonumonim, aqlu iymonib ketib borayapti”, deyotgan ekanlar Shayx Sa’diy”. Ahmad Zohirning ijrosini ushbu havolada tinglash mumkin.


احمد ظاهر اسطوره موسیقی افغانستان ۴۰ سال پس از مرگ | ایندیپندنت فارسی

Ahmad Zohir 1979 yilning 14 iyun kuni (ayni 33 yoshga to‘lgan navqiron paytida) vafot etdi. Uning o‘limi sirli tarzda ro‘y berdi va turli bahslarga sabab bo‘ldi. Rasmiy talqinga ko‘ra, u avtohalokatda vafot etgan. Ammo ayrim manbalar buni rad etib, qo‘shiqchiga suiqasd qilinganini aytadi. Oradan ko‘p yillar o‘tib, OAV u haqida shunday yozgan edi: “Ahmad Zohirning ma’yus va ohangdor ovozi, kelishgan qiyofasi qizlarni maftun etardi”. Biroq, bu uning taqdirida halokatli rol o‘ynagan. Unga ko‘ra, Afg‘onistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri Hafizulloh Aminning qizi Ahmad Zohirni sevib qolgan. Ovozi singari zulukdek sochlariga ishqiboz bo‘lib, pihnona sevgan millionlab qizlar kabi...


Mashhur xonandaning qizi bilan ishqiy munosabatlaridan xabar topgan shafqatsiz Hafizulloh Amin xonanda Ahmad Zohirni Kobulning markaziy Pul-i-Charxi qamoqxonasiga tiqishni buyurdi. Bu o‘sha paytda bir necha kishigina tirik qaytgan joy edi. Ahmad Zohirni ham xuddi shunday taqdir kutgan bo‘lardi, biroq omad unga kulib boqdi. Xonanda keyinchalik boshqa ayol bilan oila qurib, ozodlikka chiqdi.



1979 yil 14 iyun kuni u do‘stlari davrasida mashinada Salang dovoniga borgan va u yerda mahalliy matbuotning yozishicha, Choryakqor tumanida avtohalokatga uchragan. Uning sherigi Mahbubulla Mahbub va mashinada bo‘lgan boshqa barcha do‘stlari tirik qolishdi, faqat Ahmad Zohir vafot etdi. Avtohalokatdan so‘ng xonandaning jasadini ko‘zdan kechirgan shifokorlar marhumning boshida o‘q teshigiga o‘xshash silliq dumaloq teshikni aniqlashgan.


Keyinchalik, Mahbubulla matbuotga bergan intervyusida Ahmad Zohirning o‘ldirilishiga aloqadorligini rad etdi. Shunga qaramay, Ahmad Zohirning o‘limi sobiq bosh vazir Aminning ad’yutanti Talun tomonidan ishlab chiqilgan puxta rejalashtirilgan harakat ekanligi haqidagi talqin hali ham xalq orasida yashab kelmoqda.


Ahmad Zohirdan ikki farzand qoldi. Uning oilasi hozirgi kunda AQShda yashab keladi. Ammo ular mashhur otalaridan farqli ravishda san’at yo‘lini tanlamaganlar. Bu mashhur xonandaning qabri hamisha muxlislar bilan to‘la bo‘ladi va hanuz yig‘lab, gullar qo‘yishadi.


Abror Zohidov


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

O'zgacha rakurs
Gap shaxslarda emas, tizimda...
0 3602 16:18 | 05.08.2023
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs