Gap shaxslarda emas, tizimda...
Surxondaryodagi voqea yuzasidan faollar nima deydi?
“Kerak bo‘lsa, miltiq bilan otib tashlang...” Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunovaning Surxondaryo viloyati hokimiga qarata aytgan bu xitobi o‘zbek media segmentida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Muhokamalar hanuz tinmayapti. Ishonch.uz sayti jamoatchi faollarning munosabatini bir joyga jamladi.
Ular orasida voqeaning bunday tus olishiga nima sabab bo‘ldi ekan, deyayotganlar juda ko‘p. Ma’lumotlarga qaraganda, maktab direktori va hokimning kelishmovchiligi 26 iyul kunidan boshlangan. Hokimning topshirig‘iga ko‘ra, direktorga nisbatan mayda bezorilik jinoyati bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va u shu kuniyoq hibsga olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi zalida Umida Tursunovani “baqir-chaqir qilganlik”, hokimga “Qo‘lingizda miltiq bo‘lsa, otib tashlang!”, “Hayf sizdek viloyat hokimiga” deb aytgani, ichki ishlar xodimlari tinchlantirishga uringanida bo‘ysunmaganini noqonuniy harakat sifatida baholangan. Shundan so‘ng sud direktorni 10 kunlik ma’muriy qamoq jazosiga hukm etgan. Qamoq qarori ish faqat kassatsiya tartibida qayta ko‘rilgandagina 7 kunga qisqartirilgan va yana 1 million 650 ming miqdorida jarima tayinlangan.
Ikki kundan keyin Surxondaryo viloyat sudi ayni hukmni o‘z kuchida qoldiradi. 1 avgustda esa Oliy Sud kassatsiya instantsiyasi hukmni qisman to‘g‘ri, ammo jazoni og‘ir deya malakalaydi. O‘n kunlik jazo muddati tugagach, Termizdan uyiga qaytgan Umida Tursunovani 7 nafar ichki ishlar xodimi kutib oladi va chaqiriq qog‘oziga bo‘ysunmaganlikda ayblab, yana Sariosiyo IIBga olib ketadi.
Mavzu ijtimoy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgach, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri ushbu vaziyatni o‘z nazoratga olganini bildirdi va bu vazirlikning rasmiy sahifasidan ham joy oldi. Vazir Hilola Umarovaning voqeaga munosabati so‘ngida “Shu o‘rinda ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs o‘z muomala madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligini eslatib o‘tmoqchiman”, deya ta’kidlangan qismiga yana e’tirozlar oshdi.
Faollardan biri – jurnalist Ilyos Safarov shunday yozmoqda:
— Hilola Umarova ishda nimani va qanday nazoratga olgan, bilmadimu, u maktab direktorini qamoqdan chiqarmadi. Direktor jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgachgina ozodlikka chiqdi. Bu keysda eng xavfli narsa – qonunlarning ishlamasligi. Hokim qamaydi, vazir ozod qiladi, keyin hokim yana qamaydi, vazir telefon qilib, "orqangizda Prezident turibdi" deydi. Hamma narsani shaxslar hal qilyapti. Shaxslar nima desa, nimani xohlasa, shu bo‘lyapti. O‘zimiz shuncha dabdaba bilan, "meniki, seniki" qilib qabul qilgan Konstitutsiyaning (1-moddasida "O‘zbekiston – huquqiy davlat" deb belgilab qo‘ymadikmi? Huquqiy davlatda qonunlar shaxslarning qosh-qovog‘iga, xohish- irodasiga qaramasdan ishlashi kerak emasmi? Ishlamasa, shuncha xarajatu harakat bilan nega yangiladik???
Alisher QODIROV, “Milliy tiklanish" raisi:
— Prezidentning vakili pedagoglarga munosabatda Prezidentdan o‘rnak olishi kerak. Haqoratga rozi bo‘lgan pedagog farzandlarimizni oyoqosti bo‘lishga rozilikka o‘rgatadi! Pedagoglarni behurmat qilmang!
Sharofiddin To‘laganov, jurnalist:
— Kecha muhokamalar mavzusi bo‘lgan Surxondaryo viloyatidagi maktab direktorining hibsga olinishi va unga nisbatan 10 kunlik qamoq jazosi berilishi uchun mutlaqo asos yo‘q edi. Uning videoselektorda so‘zlagan nutqi ijtimoiy tarmoqqa chiqarilganidan so‘ng, uning avvalgi xatti-harakatlari aks etgan videolar oshkor qilina boshlandi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri bo‘ldi. Shaxsan men direktor himoyasi yo‘lida tarmoqda ikkita post qo‘ydim. Chunki uning hibsga olinishi noqonuniy bo‘lgan.
Amaldorga qarshi so‘z aytgan odamlar qamoqqa olinaversa, xuquqiy davlatchiligimiz qayerda qoladi? Ayol direktor bo‘lib ishlagan vaqtda jinoyat sodir etgan bo‘lishi mumkin. Bu huquq-tartibot idoralari, sud tomonidan hal qilinishi kerak. Dunyoning biror bir davlatida (AQShda bo‘ladimi, Zimbabveda bo‘ladimi, hatto qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarida ham) shtat (viloyat) rahbari oddiy maktab direktori bilan shug‘ullanmaydi.
Surxondaryo xokimi ham maydalashib o‘tirmasdan, viloyat yoki tuman ta’lim mutasaddilariga bu muammoni hal etishni topshirishi kerak edi. (Umuman, xokimlar o‘tkazadigan selektor yig‘ilishlari samara bermasligini hamma bilib bo‘lgan. Faqat hokimlar buni tan olmaydi). Direktorni ashaddiy jinoyatchilardek shaxsan tuman IIB boshlig‘ining o‘zi hibsga olishi uyatli hol. Bu – ish laganbardorlikning eng oliy ko‘rinishi. Bu – Yangi O‘zbekistonga xos ish emas.
Yana ta’kidlayman, direktor farishta emasdir, xalq, maktab jamoasi undan norozidir. Bu – boshqa masala. Men direktorning hokimga gap qaytargani va shuning uchun qamalganiga munosabat bildirdim. Shuning uchun uni himoya qildim.
Bu ayol hurmatga loyiq. U “jamiyatda hokimlardan qo‘rqish kerak, ular hamisha haq” degan fikrni sindirgani uchun ham himoya qilinishi kerak.
Inobat Ahatova, jurnalist:
— Bitta o‘qituvchini emas, butun ta’limni tizimsizlik, hokimlar aralashuvidan qutqarish kerak. Jamoatchilik hamma e’tiborni kim haq, kim nohaqligini bahslashishga, maktab direktorining o‘tmishdagi xatolari haqidagi masalalarni hal qilishga, vazirning telefon qilib hol so‘raganiga suyunib, hokimning holatiga kuyunishga sarflamasin. Bu keysda eng xavfli holat – pedagog hokimning bir ishorasi bilan qamalishi, vazirning aralashuvi bilan ozod qilinishi. Hokim harakatiga huquqiy baho berish vaqti keldi. Hokim ham, vazir ham ijro odami, sudya emas. Hokimlarni istagan odamni qamata oladigan supervakolatdan tiyish, barchasiga dars berish vaqti keldi, nazarimda.
Muhammad Temur A’zam, jurnalist:
—Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning Surxondaryoda qamalib chiqqan maktab direktori bilan telefonda gaplashgani videosini ko‘rdim. Vazir aytyapti: “Sizning ortingizda davlatimiz rahbari turibdi”. Muammo ana shunda, o‘rtoqlar. Har bir fuqaroni qonunlar himoya qilishi kerak. Bu narsa shaxslarga bog‘langani – musibatimiz. Vazir yurtimizda qonunlar ishlaydi, o‘sha qonunlarga ko‘ra, ular sizni ishdan bo‘shatishga haqli emas, qamatvorishi ham o‘sha qonunlar bo‘yicha xato demayapti, davlat va davlat rahbari deyapti. Qachongacha shaxslarga tayanib yashaymiz? Konstitutsiyada belgilangan “huquqiy” degan qism qachondan ishlay boshlaydi?
O‘zbekiston huquqiy davlatmi, endi o‘sha qismini ishlatinglar. Prezident deyishni bas qilinglar. Qonunlar ishlasin, ishlamasa, jamoatchilik nazoratini ishga soling.
Bektosh Hotamov, jamoatchi faol:
—Surxondaryoda maktab direktori viloyat hokimi o‘tkazgan yig‘ilishda hokim bilan dahanaki jang qildi. Keyin hokimning buyrug‘i bilan direktor opani tashqariga olib chiqib ketishdi. Yana ma’lum bo‘lishicha, direktor ayolni ma’muriy qamoq jazosi bilan siylab, qamab qo‘yishgan. So‘ngra vaziyat maktabgacha va maktab ta’limi vazirining nazoratiga olingan va direktor opa ozodlikka chiqarilgan.
Menda bitta savol: direktor opani qamagan sudya hozir bormi, tirikmi, u mustaqilmi? U hokim aytsa, qamasa, vazir aytsa, ozodlikka chiqarsa, u o‘zi sudyami? Yoki opa hech qanday sudsiz qamaldimikan? Unaqa desam, hozir feodalizm emas, biz huquqiy-demokratik davlatda yashayapmiz. Xullas, shu joyida “ishlam kallamayapti”.
Ta’lim eksperti Komil Jalilov direktorlarni ishdan bo‘shatish hokimlarning vakolat doirasiga kirmasligini eslatdi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda mahalliy hokimliklarning ta’lim sohasidagi vakolatlari aniq belgilangan (ular orasida maktab direktorini ishdan olish vakolati yo‘q, Prezidentning 2023 yil 26 maydagi 79-sonli farmonida ham maktab direktorlarini ishga olish va demakki, ishdan bo‘shatish vakolati hokimlarga berilmagan. Ta’lim eksperti postida yana hokimning bu xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishi shartligini yozdi.
Vaziyat hozir ham chigal. Bu voqea misolida ko‘pchilik joylarda hokimlarning vakolati hali ham cheksiz ekanini anglab yetdi. Ayniqsa, sud-huquq tizimi mustaqil emasligi, qonunlar oshkora buzilayotgani ko‘pchilikda tushkun kayfiyat uyg‘otdi.
Qonun – ustuvor va barchaga barobar. Agar shu tamoyilga amal qilinganda edi, jamiyatda tengsizlik va adolatsizlikdan nom-nishon qolmasdi. Biz esa voqealar rivojini kuzatamiz.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0