O'zgacha rakurs
3733 09:47 | 12.09.2023 09:47

Mamlakatimizda istiqlolning 32 yilligi bayrami shukuhi davom etayotgan shu kunlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi davlatimizning yuksak mukofotlariga munosib ko‘rilgan bir guruh kasaba uyushma xodimlari va faollariga ehtirom ko‘rsatdi. Tantanali qutlov marosimini O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov kirish so‘zi bilan ochdi.


– So‘nggi yillarda yurtimizda olamshumul o‘zgarishlar bo‘layotganini nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijliklar ham e’tirof etmoqda, – dedi, jumladan, Qudratilla Rafiqov. – Qo‘shni davlatlar bilan chegaralarimiz erkinlashdi. Bir paytlar majburiy mehnat, bolalar mehnatining yo‘q bo‘lishini hech kim xayoliga keltirmagan edi. Prezidentimizning qat’iy irodasi bilan bu borada amalga oshishi imkonsiz bo‘lib tuyulgan marralar zabt etildi. Bu davrada ushbu ezgu maqsadlarga erishishda halol mehnati, bilim va tajribasi bilan katta hissa qo‘shganlar jam bo‘lgan.


Tadbirda davlat mukofoti bilan taqdirlangan kasaba uyushmalari a’zolari hamda faollariga «Yangi O‘zbekiston» ramzi tushirilgan statuetkalar topshirildi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni e’tirof etishdi.


– Taqdirlanganim haqida eshitganimda Xorazmda festivalda yurgandim, – deydi Kasaba uyushmasi faoli, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi targ‘ibotchisi Jamila Shermuhamedova. – O‘sha kungi hayajonim shu qadar o‘zgacha bo‘ldiki, 53 yil davomida davralarda ma’ruza o‘qib his etgan hayajonlarim bir tomon, o‘sha kungisi bir tomon bo‘ldi. Mukofotni qabul qilish chog‘ida ham quvonchdan ko‘zlarim yoshlanib gapirolmadim, rahbarimiz menga «Ko‘zlaringiz yoshi bilan javob berdingiz» dedilar. Bu mukofot faqat meniki emas, 90 foizi siz azizlarniki, xalqimizniki, menga tarbiya bergan rahmatli ota-onamniki, o‘qitgan ustozlarimu, professor-o‘qituvchilarim hamda shogirdalrimniki, deb hisoblayman.


Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi nazorat inspektsiyasi boshlig‘i, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan Kozim To‘laganov o‘z chiqishida O‘zbekistonda 2016 yildagi vaziyatni eslab o‘tdi:


– Prezidentimiz 197 ta 7 qavatli uy quramiz, dedilar. Bir zumda xayolimiz uchib ketdi har tomonga qarab, chunki 197 ta kranimiz yo‘q edi. Qurilish mahsuloti ishlab chiqaradigan zavodlarimiz ham og‘ir ahvolga tushib qolgandi. Ertasi kundan boshlab imkoniyatlarimizni ko‘rib chiqdik. Ko‘p o‘tmay tadbirkorlarga erkinlik, faoliyat ko‘rsatishlari uchun qulaylik va imkoniyatlar berila boshlandi. Natijada odamlarda tadbirkorlikka qiziqish uyg‘ondi. Ko‘pgina qurilish mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavodlarimiz paydo bo‘ldi. Aytilgan paytidan biroz kechikib bo‘lsa-da, chiroyli uylar qad rostladi. O‘sha yillarda O‘zbekistonda 2000 ta tashkilot qurilish ishlari bilan shug‘ullangan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 47 mingtaga yetdi. Shu oddiy raqamlarning o‘zi ham kechagi va bugungi kunlardagi o‘zgarishlarni tushunish uchun yetarli deb o‘ylayman.


Darhaqiqat, bu kabi xotiralar har bir yurtdoshimizni bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangiliklar zamirida katta mehnat, kuch, fidoyilik, kezi kelganda esa o‘ziga yarasha iztiroblar yotganini anglashga yordam beradi. Tadbirda aytilganidek, kamchiliklarimiz ham yo‘q emas. Ammo bir narsani har birimiz anglashimiz zarur, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”


Zebo NAMOZOVA.
Operator: Saidakbar ABDURAIMOV


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

O'zgacha rakurs
Gap shaxslarda emas, tizimda...
0 3602 16:18 | 05.08.2023
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs