Sarvar Usmon “VATAN” jurnali haqida
“Vatan” choyni achchiq damlab, yostiqqa suyanib o‘qiladigan jurnal…
“Vatan” - elitar jurnal.
“Vatan” - intellektual elita jurnali.
Taniqli jurnalist, «Ozodlik» radiosining sobiq boshlovchisi Sarvar Usmon O‘zbeklarda urug‘-aymoqchilik va sartlar mavzusiga to‘xtalar ekan, “Vatan” jurnalining 2025 yilgi 4-sonida bosilgan “Sart so‘zi majhuldir” sarlavhali maqolasi (Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1915 yili “Oyna” jurnalidan ko‘chirib bosilgan)ga hamda professor G‘aybulla Boboyorovning “Bir atama kechmishi” sarlavhali maqolasiga e’tibor qaratdi.
Jurnalist “Sart va Sartr yoki farang faylasufi Sartrning sart(lar)ga qanday aloqasi bor?” deb nomlanuvchi maqolasini boshlar ekan, so‘z avvalida, o‘zi va qarindoshlarining O‘zbeklarda bo‘lgan “92 urug‘idan birontasiga ham taalluqli emas”ligini ta’kidlaydi.
“Ha, men sartman. Ya’ni men o‘zbekning 92 urug‘idan birontasiga ham taalluqli emasman. Umuman oilamiz taalluqli emas. Hamshaharlarim - millatdoshlarim ham sart. Har holda “biz falon urug‘danmiz”, degan gapni biror o‘shlik o‘zbekdan ham, shahrixonlik qarindoshlarimdan ham eshitgan emasman”, – deb yozadi Sarvar Usmon.
O‘shlik jurnalist urug‘chilik va o‘z urug‘i haqidagi qarashlarini quyidagicha hikoya qiladi:
“Surishtirganman urug‘imizni. Juda ko‘p surishtirganman. Qondoshlarimdan birontasi ham aytib berolmagan. Aytib berolmagani unutganimizdan emasligini, chunki biz urug‘chilik munosabatlaridan tashqarida ekanimizni 1981 da chiqqan “Izohli lug‘at”dan bilganman. “Ko‘chmanchilikdan o‘troq holga o‘tib, qabila, urug‘chilik munosabatlariga barham bergan o‘zbeklarning ayrim qismiga revolyutsiyadan (1917) ilgari berilgan nom”, deyilgan o‘sha lug‘atda. “Izohli lug‘at” men uchun Til Konstitutsiyasidir. Men Konstitutsiyani hurmat qilaman va shuning uchun ko‘nganman shu ta’rifga, uni to‘la qabul qilganman.
Men ko‘nganmanu biroq o‘ziga, umuman o‘zbekka nisbatan “sart” so‘zi ishlatilsa muvozanatini yo‘qotadigan, kayfi buzilib, bir ko‘karib, bir bo‘zarib qoladigan millatdoshlarim bor. Ular bu so‘zni o‘zlariga, umuman o‘zbekka nisbatan kamsitish, deb qabul qiladi. Shuning uchun bu masalada ular bilan bahsga kirishmaslikka urinaman. Chunki lug‘atniyam tan olishmaydi ular. Men lug‘at izohining boshini (“ko‘chmanchilikdan o‘troq holga o‘tib, qabila, urug‘chilik munosabatlariga barham bergan o‘zbeklar…”) argument qilib keltirsam, ular qoramaldog‘ini bigiz qilib izohning oxirini (“...revolyutsiyadan (1917) ilgari berilgan nom”) ko‘rsatadi. “Lug‘atingiz ham o‘zbeklar o‘zlarini shunday atagan demayapti, “berilgan nom”, deyapti, ya’ni o‘rislar bizni shunday nomlagan”, deydi ular.
Sart so‘zi atrofida shu kunda ham bot-bot chiqib turadigan bunday bahslar yuz yil oldin ham bo‘lganini, millat jadidlari bu masalada ancha-muncha siyoh sarflaganini yaqinda “Vatan” jurnalida yoritilgan eski maqoladan bildim.
Jurnalning 2025 yilgi 4-sonida (“Vatan” yilning har choragida bittadan chiqadi) Mahmudxo‘ja Behbudiyning bundan 111 yil muqaddam, 1915 yili “Oyna” jurnalida bosilgan “Sart so‘zi majhuldir” sarlavhali maqolasi ko‘chirib bosildi.
Men hozir sizga Behbudiy domlaning maqolasini so‘zlab bermoqchi emasman. Uni o‘zingiz o‘qib olasiz. Men faqat bundan bir asr muqaddam ham sart so‘zi majhul bo‘lganiga e’tiboringizni qaratmoqchiman, xolos. Bu majhullik sabablari esa, jurnalning xuddi shu sonida bosilgan “Bir atama kechmishi” sarlavhali maqolada batafsil yoritib berilgan.
Maqola muallifi professor G‘aybulla Boboyorov mavzuga kirar ekan, shunday deydi:
“So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va ba’zi ilmiy davralarda bundan yuz yillar oldin birmuncha keng qo‘llanilgan, XX asr boshlarida Turkiston jadidlari orasida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lgan va o‘tgan asrning 20-yillaridan rasman iste’moldan chiqarilgan “sart” atamasi atrofidagi bahslarga duch kelyapmiz. Ayniqsa, ayrim qo‘shnilarimiz, qardoshlarimiz tomonidan bilib-bilmay aytilayotgan gap-so‘zlar ushbu atamaning asl negizi qayerda, u qachondan boshlab va aynan kimlarga nisbatan ishlatila boshlagani masalasiga oydinlik kiritish talabini qo‘ymoqda”.
Maqola muallifi o‘z oldiga “o‘zbeklarning bir qismi sartdir” yoki aksincha “o‘zbeklarning urug‘chilik munosabatlarini unutgan qismini sart atab bo‘lmaydi”, degan fikrni uqtirish vazifasini qo‘ymagan. U maqolasi sarlavhasiga chiqarilganiday, “sart” atamasi tarixini yoritib bergan xolos va maqola shunisi bilan qadrli. Undagi ma’lumotlar “sart” atamasi atrofida bundan buyon ham davom etadigan bahslarda har ikki tomon uchun argument bo‘la oladigan faktlarni keltirgan.
Bas, shunday ekan, bu mavzuda birov bilan bahsga kirishmoqchi bo‘lsangiz, avval “Vatan”ning 2025 yilgi 4-sonini topib, Behbudiy va Boboyorov domlalarning maqolalarini o‘qib chiqing.
Sart so‘zi bilan bog‘liq gaplarni shu yerda to‘xtatib, endi Sartrga o‘tamiz.
Sartrga o‘tishdan oldin bir gap: gazeta-jurnal muharrirlari ikki xil: jur’atli yo jur’atsiz bo‘ladi. Mualliflar ko‘ngillari ko‘chasiga kirib, har narsani yozib kelaverishi mumkin, lekin o‘sha ko‘ngil ko‘chalari bitiklari chop qilinadimi-yo‘qmi, bu - muharrirning jur’atiga bog‘liq. Men “Vatan”ning bir necha sonini varaqlab ana o‘shanday jur’atni ko‘ryapman.
Muharrirlar yana ziyrak yoki… (haqorat bo‘lib eshitilmasin uchun neytral “loqayd” so‘zini tanlay qoldim) loqayd bo‘ladi. Ziyrak muharrir - mushtariylari kayfiyati barometri.
Mana endi Sartr. 1964 yili Nobel mukofotlari qo‘mitasi adabiyot bo‘yicha mukofotni frantsuz faylasufi va adibi Jan-Pol Sharl Emar Sartrga (1905-1980) berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan, biroq bu haqdagi qaror chiqishi bilanoq yozuvchi mukofotdan bosh tortganini e’lon qilgan edi. Sartr o‘z qarorini “Nega men Nobel mukofotini rad qildim” degan maqolasida batafsil tushuntirib o‘tgan. O‘sha maqolaning “Vatan”da bosilishi jurnal muharririning ziyrakligi belgisidir: Tramp va Nobel Tinchlik mukofoti mavzuida bundan bir-ikki oy oldin gunglar ham gapirib, karlar ham eshitgani esingizda bo‘lsa kerak. Biroq “Vatan”ning ziyrak muharriri bunday bog‘liqlikka hech bir shaklda ishora qilmaydi. Bu bog‘liqlikni ilg‘ab olish ziyrak jurnalxonning ishi.
Men bu yerda Sartr domlaga tilmochlik qilmoqchi, uning maqolasi mazmunini sizga aytib bermoqchi emasman. Bitiklarimdan maqsad Sizni “Vatan”ga da’vat qilish, jurnalni topib o‘qishga chaqirishdir.
“Vatan” - elitar jurnal. Elitar “elitmoq” fe’lidan emas, “elita” otidan. “Vatan” - intellektual elita jurnali. Mundarijasi bilan, mavzular spektrining rang-barangligi bilan, tanlangan maqolalar mazmunining chuqurligi, bayonning puxtaligi bilan elitar jurnaldir. Jurnal umumiy stilistikasi bilan ham, poligrafiya mahsuloti sifatida ham elitar jurnaldir. “Vatan” ko‘k choyni achchiq damlab, yostiqning qattiqrog‘iga suyanib o‘qiladigan jurnaldir.
Har gal “Vatan”ni varaqlaganimda hazrat Navoiyning “El netib topqay menikim men o‘zimni topmasam…” satri yodimga tushaveradi. Yaqindagina topib olganim jurnal hali go‘dak yoshida, hammasi bo‘lib endigina 9 ta soni chiqdi. Tug‘iliboq o‘zini o‘zbekning bir o‘g‘li deb tanigan jurnal dastlabki sonidan boshlaboq o‘zini-o‘zbekni chuqurroq o‘rganishga, yaxshiroq bilishga uriyapti. O‘zining-o‘zbekning kimligini, qayerda, qanday qadriyatlar ichida yashayotganini bilishga urinyapti, Har bir sonda beriladigan 20 atrofidagi maqolaning 4-5 tasi, albatta, konkret bir mavzuni batafsil o‘rganishga qaratiladi. Masalan, bu yilgi dastlabki sonda jurnal “Sekulyarizmni qanday tushunamiz”, degan mavzuda munozara o‘tkazgan, munozara doirasida 7 ta maqola yoritilgan. Sirtqi muhokamada o‘zbekistonlik tadqiqotchilardan tashqari tojik, qirg‘iz, qozoq olimlari ham qatnashgan.
Biz shunday jamiyatda yashayapmizki, sekulyarizm so‘zi ba’zilarni hushyor torttirgan bo‘lishi mumkin. Ishonch bilan ayta olamanki, jurnalning bu mavzuni bu qadar chuqur o‘rganishi sekulyarizm targ‘iboti bilan shug‘ullanayotganini anglatmaydi. Aslo anglatmaydi. Bunga jurnal qo‘lingizga tegib qolsa, o‘qib o‘zingiz ishonch hosil qilishingiz mumkin.
Shu o‘rinda jurnalda chop etilgan yana bir maqolaning (“Vatan”, 2025 yil, 4-son) kirish qismini keltirgim keldi:
“Bag‘dodning eski shahar qismidagi Rasofa tumanida “Jomi’ al-o‘zbek” deb nomlangan, Turkiston me’morchiligi uslubida barpo etilgan O‘zbek masjidi joylashgan. Inshoot darvozasining chap tomonida katta harflar bilan arab tilida “O‘zbek jome’ini Buxorodagi o‘zbek amiri Abdulazizxon hijriy 1093 yil, milodiy 1682 yili qurgan”, deb yozib qo‘yilgan. Shu davrdan boshlab yonida takka, madrasa tiklanib, quduq qazilib, yirik majmuaga aylantirilgan ushbu masjid 250 yil davomida turkistonliklarning O‘rta Sharqdagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy markazlaridan biri bo‘lib keldi”.
Bilarmidingiz bu haqda? Shaxsan men bilmasdim. “Vatan”ni o‘qib bildim.
Bilganingizdan bilmaganingiz ko‘pligini bilgingiz kelsa, “Vatan”ni o‘qing!
***
Agar Sizda "Vatan"ni o‘qish istagi paydo bo‘lgan bo‘lsa, vatan2024@inbox.ru adresiga xat yozishingiz yoki +998712562536 yoki +998712565278 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.
***
Ha, aytgancha, “sart” atamasiga bog‘liq yana bir-ikki ma’lumot. “Izohli lug‘at”ning 2007 yilgi nashrida “sart” so‘ziga bunday izoh berilgan:
“Qadimda O‘rta Osiyodagi shahar va qishloqlarda yashab, dehqonchilik, savdo va hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelgan turkiy xalqlar (jumladan o‘zbeklar)”.
Bo‘lsa bordir. Lekin men ishonmadim bu izohga. Meningcha, 1987 da chiqqan lug‘atdagi izoh (maqola boshiga qarang) ilmiyroq edi.
O‘zbek Milliy entsiklopediyasi esa, “sart” so‘zini umuman e’tiborsiz qoldirgan. Bu lug‘atda “sart” so‘zi yo‘q. Lekin “Sartr” so‘zi bor.”



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0