Siyosat
431 15:45 | 08.08.2026 15:45

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimovning ma’lum qilishicha, qonun bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziya yoki ruxsatnomasiz shug‘ullanish mumkin bo‘ladi. Buning uchun tadbirkor elektron tarzda vakolatli organni xabardor qilishi kifoya.

Yangi tartib tadbirkorga litsenziya yoki ruxsatnoma talablariga moslashish, faoliyatini sinov tariqasida yo‘lga qo‘yish va uning iqtisodiy samaradorligini baholash uchun qo‘shimcha imkoniyat beradi.

Shu tariqa, biznes boshlashdagi ayrim ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish, vaqt va xarajatlarni tejash hamda yangi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilmoqda.

Qonun bilan Oila kodeksining 69-moddasiga ham o‘zgartish kiritilmoqda. Endi bolaga otasining ismini familiya sifatida berish imkoniyati qonunchilikda belgilab qo‘yiladi.

Amalda bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Milliy an’analarga muvofiq, ota yoki ona tomonidan boboning ismini familiya sifatida berish ham mumkin.

Senatorlarning qayd etishicha, mazkur o‘zgartish fuqarolarning milliy va diniy an’analarga muvofiq farzandiga familiya tanlash borasidagi xohish-istaklarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Qonun bilan “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunga ham qator o‘zgartishlar kiritilmoqda. Jumladan, arxiv sohasidagi vakolatli davlat organlarining vakolatlari aniqlashtiriladi, nodavlat va elektron arxivlarni tashkil etishga oid qoidalar belgilanadi.

Qonun loyihasi qizg‘in muhokamalardan so‘ng senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid