MARKAZIY OSIYo MINTAQAVIY INTEGRATsIYaSI
Uning kontseptsiyasi, modeli va dinamikasi qanday bo‘lishi kerak?
Mintaqadagi besh qo‘shni davlat o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganiga 30 yildan oshdi. Bu, garchi, tarixan katta davr bo‘lmasa-da, milliy va «mintaqaviy qurilish» uchun yetarli muddatdir. Zotan, dunyoning boshqa davlatlarida shu mazmunda kechgan islohotlar tajribasi buni isbotlaydi. Masalan, ushbu muddat ichida Yaponiya, Singapur va Xitoy kabi mamlakatlar jahon iqtisodiy-siyosiy hayotiga yapon, singapur va xitoy «mo‘’jizasi» deya atalgan hodisani taqdim eta olgan. Yevropa esa mintaqaviy «birdamlik»ga kirishilgan 30 yil ichida nafaqat integratsiyaning asosiy institutlarini barpo etdi, balki siyosiy birlashuvni e’lon qildi va unga kirishdi.
Taassufki, yuqorida ishora qilganimizdek, bizda hududiy integratsiya masalasiga mudom uzoq istiqbol, noaniq loyiha yoxud utopiya sifatida qaralmoqda. Mazkur davlatlarning mintaqaviy hamkorligi bugunga kelib, (deyarli o‘n yillik tanaffusdan so‘ng, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan) tiklangan bo‘lsa-da, bu borada hal qiluvchi uchta savol hanuzgacha yechilmagan va hatto chuqur o‘rganilmagandek tuyuladi, menga. Bu, integratsiyaning kontseptsiyasi, modeli va dinamikasi masalasidir.
Kontseptsiya masalasi
Kontseptsiya – bu ayni o‘rinda nima, kim, qachon va nega degan savollar to‘plamidir.
Kengroq ma’noda aytganda, biz integratsiya bu nima, kim uni amalga oshiradi, u qaysi jug‘rofiy chegaralarni qamraydi, qaysi muddat ichida amalga oshadi va u nega muhim, degan savollarga aniqlik kiritishimiz kerak bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, kontseptual muammo 4-5 qismdan iborat. Ammo bugunga kelib, ushbu masalalar bo‘yicha ilmiy mulohaza-yu munozaralar to‘xtab qoldi va vaqt o‘tgan sari, ular o‘rniga kontseptual yechimlardan uzoqlashtiruvchi eklektik tasavvurlar, yuzaki talqinlar, noaniq ta’riflar, adashtiruvchi gap-so‘zlar ko‘payib ketdi.
Shu darajagacha bordiki, «integratsiya» atamasining o‘zi jiddiy doiralarda deyarli ishlatilmay qoldi; unga qandaydir yot, begona, ortiqcha istilohdek qaralayotir. Ko‘plab siyosatchi va ekspertlar «biz integratsiya vazifasini qo‘ymayapmiz, biz faqat kooperatsiyani rivojlantirishga harakat qilyapmiz», deyishni o‘zlariga qulayroq bilishmoqda. Holbuki, ular kooperatsiya yoki hamkorlik shundoq ham bo‘layotganini, mintaqaviy integratsiya esa, bu umuman boshqa masala – maxsus munosabatlar majmui ekanini yaxshi biladilar, tushunadilar. Shu ma’noda, u maxsus mintaqaviy hamkorlik formatini, ya’ni o‘ziga xos mazmuni, shakli va yo‘nalishi bo‘lgan integratsiyani taqozo etadi. Mintaqaviylik xususiyati bo‘lgan davlatlar xususida birgina hamkorlik to‘g‘risidagina gapirishning o‘zi yetarli emas.
Ba’zi qo‘shnilarimiz rasmiy va tahliliy doiralarida shunday bir stereotip mavjudki, go‘yo integratsion loyiha bizning mintaqada barbod bo‘lgan (o‘z faoliyatini to‘xtatgan Markaziy Osiyo Hamkorlik Tashkiloti (MOHT) nazarda tutiladi). Biroq, ular nazarda tutayotgan MOHT o‘z faoliyatini nega tugatgan, degan savolga aniq va dangal javob yo‘q. Bundan tashqari, oxirgi paytda «biz integratsiyaga hali tayyor emasmiz» degan ta’kidlovlar jaranglay boshladi. Lekin biz nega integratsiyaga tayyor emasmiz, bunga aynan nima halaqit qilyapti, degan savol ochiq qolayotir.
Buning ustiga oxirgi paytlarda ayrim ekspertlar va hatto siyosatchilar g‘alati bir fikrni ta’kidlay boshladi: go‘yoki mintaqa mamlakatlari o‘rtasida integratsiya negizini belgilovchi umumiy qadriyatlar birligi mavjud emasmish!? Ammo paradoks shundaki, ular bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonni Yevro-Osiyo Iqtisodiy Ittifoq (YeOII)ga a’zo bo‘lishga chorlab, dalil sifatida Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlarining tarixiy va jug‘rofiy yaqinligini ro‘kach qilishmoqda... Albatta, bu absurd mulohazadir. Qolaversa, o‘rni kelganda, shuni alohida qayd etish kerakki, «umumqadriyatlarga asoslangan xalqlar birodarligi» degan o‘lcham Markaziy Osiyo mintaqasidan o‘zga yurtlarda integratsiyaning kalit omili sifatida kamdan-kam tilga olinadi.
Va nihoyat, biz bugun kontseptual ma’noda, integratsiya turi bo‘yicha bir fikrga kelishimiz zarur. Bu iqtisodiy integratsiya bo‘ladimi, siyosiy ittifoqmi, erkin savdo zonasimi, umumiy bozormi, shakli va formatidan qat’i nazar ushbu masala hozirning eng dolzarb vazifasidir. Endi Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy kooperatsiyasi qanchalik istiqbolli, degan savol tug‘ilishi mumkin. Men bu savolga ritorik bir javob o‘rnida, quyidagi tarixiy faktni eslatishni joiz bildim: 1964 yilda Belgiyaning tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan Pol-Genri Spaak shunday degan edi: «Rim shartnomalarini ishlab chiqqanlar mazkur shartnomalarga faqat iqtisodiy kelishuvlar deb qaramagan; ular ushbu shartnomalarni bo‘lajak siyosiy ittifoq yo‘lida muhim bir bosqich, deb bilganlar». Masalaga shu ma’noda yondashsak, fikr yuritayotganimiz mavzu atrofida mulohaza paydo bo‘ladi: shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan va ayni damda xalqaro jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari formati ham shunday umid bildirishimizga asos bera oladimi yoki yo‘q? Bu o‘rinda ko‘p narsa shunga bog‘liq bo‘ladi.
Model masalasi
Model – bu mazmun va shakl, ya’ni integratsion jarayonning institutsional, yuridik, iqtisodiy, siyosiy ta’minoti to‘g‘risidagi masaladir.
Ayrim ekspertlar ASEAN modelini Markaziy Osiyo uchun eng mos qurum sifatida taklif etmoqda, ba’zilar esa Yevropa Ittifoqi tarkibidagi Skandinaviya hamjamiyati yoki Vыshegrad To‘rtligi modellarini ma’qul deb hisoblaydi, yana boshqalar Markaziy Osiyoni faqat YeOII tarkibida tasavvur qiladi. Qizig‘i, shunday birlashmalar ulgu sifatida tanlanyaptiki, ularda millatlardan yuqori turuvchi institutlar mavjud emas va bunday holatda, afsuski, integratsiya mo‘rt va zaif xarakterga ega bo‘lib ko‘rinadi.
Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangach, mamlakatning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo ustuvor yo‘nalish qilib belgilandi. Shunga mos ravishda, aynan o‘sha yillar mazkur davlatlar rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari degan yangi mexanizm yaratildi. Biroq, shuni ham ochiq tan olish kerakki, bugungi kunda mintaqa mamlakatlari kutilmaganda «Markaziy Osiyo yo Yevroosiyo» degan dilemma oldida turib qoldi. O‘zbekistonda ekspertlar va siyosiy doiralar davlatning YeOIIga kirish-kirmaslik masalasi bo‘yicha bo‘lingan: YeOIIga kirish tarafdorlari va bunga qarshi bo‘lganlar o‘z argumentlarini ilgari surmoqda, ammo bu boradagi ilmiy va jamoatchilik darajasidagi bahs-munozaralar deyarli sezilmayotir. Xususan, qo‘shni davlatlarning YeOIIdagi a’zolik tajribasi ular uchun nechog‘li foydali va samarali bo‘lgani deyarli o‘rganilmagan. Masalan, qozog‘istonlik ekspertlar o‘z davlatlarining ushbu tashkilotga a’zoligini bugunga kelib, jiddiy tanqid qila boshladi. Bu, albatta, bizga yetarli xulosa chiqarish uchun argument bo‘la oladi. Masalaga shu jihatdan yondashadigan bo‘lsak, endi O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida Markaziy Osiyo ustuvorligini amalda namoyish etishi va buni amalga oshirishda faollashishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zotan, yuqorida keltirganimizdek, bu mamlakatimiz tashqi siyosatida ustuvor maqsad etib belgilangan.
Model to‘g‘risida gap borar ekan, ko‘pincha, masalan, Yevropa Ittifoqi (YeI) namunasi Markaziy Osiyo uchun to‘g‘ri kelmaydi, bizga ko‘proq ASEAN shakli mos keladi, degan gaplarni eshitish mumkin. YeI modeliga qarshi dalillar sifatida, Yevropaning masofa nuqtai nazardan olisdagi va u boshqa tsivilizatsiyaga mansubligi iddao qilinadi. Ammo masalaga shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, ASEAN mamlakatlari ham bizdan olisda va ularning tsivilizatsion ko‘rsatkichlari mintaqamiznikidan farqlidir. Aslini olganda, tadqiqotchi va siyosatchilarning YeI modeliga qarshi va ASEAN modeli foydasiga keltirilayotgan dalillari chuqur tahliliy tanqidga dosh bera olmaydi.
Nihoyat, mintaqalashuv masalasidagi so‘nggi munozarali masala: oxirgi vaqtlarda Afg‘oniston bu Markaziy Osiyoning bir qismi, degan gaplar ko‘p yangrayotir. Mintaqaviy birlashuv modeli va nazariyasi nuqtai nazaridan bu qaltis yondashuv. Yuqorida aytilganidek, model, xususan birlashuvning mazmuni, ya’ni tarkibini ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Shu paytgacha besh mamlakatdan tashkil topgan tarkib hech qanday shubha va mulohazalarni tug‘dirmagan, biroq taassufki, yaqindan integratsiya modelini o‘zgacha ko‘rish, ya’ni Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning bir qismi deb tasavvur qilish holati kuzatilyapti. Bu ham tarixiy, ham jug‘rofiy, ham siyosiy nuqtai nazardan noto‘g‘ri, g‘ayri ilmiy tasavvurdir. Ayni vaqtda bu kontseptsiya, 2005 yilda Rossiyani mintaqaga «qo‘shish»ni eslatadi: ma’lumki, o‘shanda MOHT va YevrAzES degan tashkilotlar birlashtirildi va natijada MOHT o‘z faoliyatini tugatdi.
Agar masalaga Afg‘onistonni Markaziy Osiyo mintaqasiga qo‘shish istagidagi tomonlar mantig‘i bo‘yicha yondashadigan bo‘lsak, unda Xitoyning Sinizyan-Uyg‘ur Avtonom viloyatini ham Markaziy Osiyoga «qo‘shish» mumkin bo‘ladi. Ammo hozircha bu haqda hech kim gapirmayapti. Shuning uchun Markaziy Osiyo tarkibi faqat beshta mamlakatlardan iborat, deb hisoblash kerak.
Dinamika masalasi
Dinamika – bu tezlik va yo‘nalish masalasidir.
Boshqacha aytganda, biz integratsiya tomon qanday harakatlar qilishimiz, qanaqangi mexanizmlardan foydalanishimiz va qanday bosqichlarni bosib o‘tishimiz kerakligini hal qilishimiz zarur. Shu tariqa, boshlab muvaffaqiyatli kechgan, lekin sun’iy uzilib qolgan integratsiyaning 15 yillik birinchi davri (MOH-MOIH-MOHT) va hozirgi davrdagi ziddiyatliklarga boy hamda ehtiyotkorona kechayotgan Maslahatlashuv uchrashuvlari shaklidagi kooperatsiya orasidagi kontrastni ko‘rsa bo‘ladi.
Jarayon dinamikasi nuqtai nazaridan, endi Maslahatlashuv uchrashuvlaridan to‘laqonli institutsionalizatsiyaga o‘tish va bu jarayonda tegishli davlatlararo va davlatlardan yuqori turadigan tuzilmalarni yaratish hayotiy zaruratdir. Davlatlar o‘z suverenitetini mintaqaviy birlashuv uchun qurbon qilishni xohlamaydi, degan tezis tanqidga dosh berolmaydi. Chunki bu yerda hech qanday suverenitetni yo‘qotish to‘g‘risida gap bormayapti. Mazkur masalaga dialektik yondashuv bizni suverenitet to‘g‘risida xolis va kengroq tasavvurga olib chiqadi, masalan, bu boradagi iddaolarni mazkur davlatlar suverenitetining mintaqaviy o‘lchami to‘g‘risidagi mulohazalar bilan yetarlicha va ishonchli izohlash mumkin.
Integratsiya dinamikasi muammosi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy siyosatini ko‘rib chiqishni ham nazarda tutadi. Misol uchun, Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy jamiyatlarida odamlar integratsiya kelajagi to‘g‘risida qanday fikrlayotgani, uni qanday tushunayotganini muhokama qilish muhimdir. Shu o‘rinda ayrim qo‘shni davlatlarning chegara hududlarida vaqti-vaqti bilan intsidentlar sodir bo‘lgani va ularni davlatlar rahbariyati qanchalik tezkor ravishda bartaraf etgani saboqli bo‘ldi.
Shu bilan birga, mintaqada integratsiya asosan elitist (yuqori siyosiy doiralarga xos) loyiha-jarayon bo‘lib keldi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekspertlar guruhlari hamda fuqarolik jamiyati ushbu jarayondan deyarli uzilib qolgan edi. Holbuki, bugun eng samarali integratsiya modeli deb hisoblangan Yevropa integratsiyasi jarayonida fuqarolik jamiyati, siyosiy partiyalar va jamoat faollari hamda olimlar va ekspertlar doim muhim rol o‘ynagan. Aynan mana shu jihat bugun Markaziy Osiyo integratsion jarayoniga yetishmayapti, nazarimda.
Mintaqadagi integratsiya dinamikasiga turli tahdidlar va geosiyosat ta’sir qilib kelayotganini bugun ko‘pchilik e’tirof etadi. Endilikda ushbu masalaga oydinlik kiritish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Misol uchun, hozirgacha bizda tahdidlarga oid mulohazalar ko‘proq ularning mavjudligini ta’kidlash bilangina cheklanadi, lekin tahdidlarning tasnifi va strategik tahlili bilan deyarli hech kim shug‘ullanmayotir. Natijada milliy va mintaqaviy xavfsizlik strategiyasi ko‘proq muvaqqat xulosalar va sub’ektiv yondashuvlarga bog‘liq bo‘lib qolyapti.
Biz ko‘pincha geosiyosat tilida fikr yuritamiz va mantiqan bu to‘g‘ri. Mintaqa geosiyosiy turbulentliklar markazida joylashgan. Geosiyosat esa «bo‘l va hukmronlik qil» degan strategiyani ko‘zda tutadi. Ulkan davlatlarning mintaqaga bo‘lgan munosabati ko‘p jihatdan bir-biridan farq qiladi. Ushbu fikrni tasdiqlovchi misollar esa ko‘p. Bu o‘rinda «S5+1» nomli diplomatik muloqotlar formatlarini eslatish yetarli. Bunday formatlarning paydo bo‘lishi ushbu formuladagi «1»larning (AQSh, RF, XXR, Hindiston va h.k.) Markaziy Osiyo beshtaligi, ya’ni «5»larga nisbatan o‘zgacha qarashi va o‘zgacha siyosatini anglatadi.
Sir emaski, Markaziy Osiyo davlat rahbarlari o‘zlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarida har gal Qo‘shma bayonotlar qabul qiladi. Bu juda muhim hujjatlar bo‘lib, ularda mintaqaviy hamkorlikda erishilgan yutuqlar hamda kelajak uchun yangi maqsadlar bayon qilinadi. Biroq, afsuski, ularning ko‘pidan jamoatchilik ma’lum ma’noda xabarsiz qoladi. Endilikda qabul qilingan hujjatlar asosida ishlar ochiq va ekspertlar ishtirokida olib borilsa, maqsadga muvofiq ish bo‘lardi, degan fikrdaman. Zero, yuqorida aytganimizdek, mintaqaning integratsiyalashuvida jamiyat va ilmiy jamoatchilikning faol ishtiroki juda zarur.
Xulosa
Ushbu qisqa maqolada uchta fundamental masala – Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya kontseptsiyasi, modeli va dinamikasiga oid jihatlar ko‘rib chiqildi.
Mintaqadagi tahlil markazlari va ilmiy jamoatchilik endilikda shu masala yechimlari bo‘yicha mulohazalar panoramasini kengaytirsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb o‘ylayman. Yuqoridagi fikrlarga tayanib, shuni ta’kidlash mumkinki, bugun mintaqaviy munosabatlar kooperatsiya emas, balki integratsiya tushunchasi orqali ifodalanishi kerak. Ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo ustuvor yo‘nalish (barcha qo‘shnilarimiz uchun ham) bo‘lib qolishi kerak. Yaqin istiqbolda mintaqa rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari doimiy amal qiluvchi institutsional shaklga aylanishi kerak. Bu yo‘ldagi eng muhim shart esa integratsiya istiqbollari bo‘yicha milliy jamiyatlar va siyosiy elitalar tafakkuridagi skeptik tasavvurlar va pozitsiyalarni to‘g‘rilash bilan bog‘liq masala bo‘lib qoladi.
Farhod TOLIPOV,
siyosatshunos,
«Bilim karvoni» nodavlat
ilmiy muassasasi direktori



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0