Choyshab, kanalizatsiya va vertolyot: qamoqdan ajabtovur qochishlar
Qamoqqa hukm etilgan shaxslarning eng katta orzusi albatta ozodlikka chiqish bo‘ladi. Ular orasida o‘z xatosini anglab yetib, jazoni sidqidildan o‘taydiganlar ham ko‘p. Ammo ba’zilar nima bo‘lsa ham erkinlikka chiqishga urinadilar va buning uchun turli yo‘llarni o‘ylab topadilar. Masalan, 2025 yil noyabrida Frantsiyaning Dijon shahridagi qamoqxonadan ikki mahbus qochishga harakat qildi.OAV ma’lumotlariga ko‘ra, voqea tong yorishmasidan sodir bo‘lgan. Prokurorlarning so‘zlariga ko‘ra, erkaklar panjaralarni dronlar orqali hibsxonaga yetkazilgani taxmin qilingan asboblar yordamida arralashgan. Keyin ular choyshablardan yasalgan arqondan pastga tushishdi. Devordan o‘tish uchun qochqinlar tikanli sim ustiga odeyalolarni o‘rashdi.
Qochqinlardan biri 19 yoshli mahbus bo‘lib, u qotillikka urinish va jinoiy fitna uyushtirishda ayblangan. 32 yoshli boshqa erkak oila a’zosiga tahdid qilish va muntazam ravishda zo‘ravonlik qilishda gumon qilingan. Ikkalasini ham qidirish uchun 100 ga yaqin politsiya xodimi yuborilgan. Qamoqxona ishchilarini himoya qiluvchi FO Justice kasaba uyushmasi Dijon qamoqxonasidagi xavfsizlik sharoitlari bir necha oydan beri yomonlashib borayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

Eng qizig‘i, choyshab va dronlar yordamida qochish tarixdagi eng g‘aroyiblaridan emas. Paytini poylab, turmadan juftakni rostlagan boshqa shovvozlar haqida ham ma’lumotlar bisyor.
Kanalizatsiya orqali qochish
1987 yil 5 iyunda Folsom qamoqxonasidan qochish mahkum Glen Godvinga shuhrat keltirdi va u FQBning eng ko‘p qidirilayotgan o‘nta jinoyatchi ro‘yxatidan joy oldi. Ommaviy axborot vositalari Godvinni Stiven Kingning “Rita Xeyvort va Shoushenkdan qochish” qissasining bosh qahramoni bilan taqqoslashdi. Glen Godvin qotillik uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi. Qochishdan bir necha soat o‘tgach, uning qamoqxona kiyimlari muassasa tashqarisidan topildi. Politsiya Glen Godvinning qamoqxona panjarasini kesib o‘tish uchun arra ishlatganini, drenaj tizimiga kirganini, kanalizatsiya trubasini teshganini va u daryoga oqib tushadigan joygacha 300 metrcha emaklashga majbur bo‘lganini aniqladi.
Godvin bir yarim yildan so‘ng Meksikada giyohvand moddalar kontrabandasi ayblovlari bilan hibsga olindi. U Meksika qamoqxonasida qamoqqa olindi va u yerdan yana qochib ketdi. Bu safar qochoq qo‘lga olinmadi va 2016 yilda u FQBning Qo‘shma Shtatlardagi eng ko‘p qidirilayotgan qochqinlar ro‘yxatidan chiqarildi.
Alkatrasdan qochish va bedarak yo‘qolgan uchchovlon
San-Frantsisko yaqinidagi mazkur muassasa AQShdagi eng yomon joylardan biri sifatida ko‘rilgan. Ushbu qamoqxona mavjud bo‘lgan davrda 14 marta qochishga urinish bo‘lgan. Rasman hech biri muvaffaqiyatli bo‘lmagan bo‘lsa-da, Frenk Morris va aka-uka Englinlar tarixga Alkatrasdan eng mashhur qochishga urinishning tashkilotchilari sifatida kirdilar.

Turma Alkatras orolida, ko‘rfazning o‘rtasida, qirg‘oqdan 1,8 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ko‘rfazdagi sovuq haroratli suvlar va kuchli dengiz oqimlari tabiiy izolyatsiyani ta’minlagan. Kemalar va qayiqlar suvdan 200 metr ichkariga langar tashlay olmagan. Alkatras Qo‘shma Shtatlardagi eng xavfsiz federal qamoqxona hisoblangan, bu esa qochishni imkonsiz qilgan. Frenk Morris yetim bo‘lib, go‘dakligini bolalar uylarida o‘tkazgan va bir necha bor qamoqda bo‘lgan. Shunga qaramay, u yuqori aqlga ega edi. Aka-uka Jon va Klarens Englinlar beshinchi sinfni tugatmagan va kissavurlik va avtomobil o‘g‘irlash bilan shug‘ullanishgan. Uchalasi kameralardan birining shamollatish tizimi beton bilan yopilmaganligini bilib olishdi. Shunday qilib, ular undan tomni teshish uchun foydalanishga qaror qilishdi. Qamoqxona xodimlari yordamida ular qochish vositalarini olishdi. Deyarli bir yil davomida qochqinlar devorda teshik ochish bilan shug‘ullanishdi. Cho‘kib ketmaslik uchun jinoyatchilar kurtkalardan kichik bir sol yasashdi. Shuningdek, ular qo‘g‘irchoqlar yasashdi, ularni go‘sht rangiga bo‘yashdi va qamoqxona sartaroshxonasidan yig‘ilgan haqiqiy sochlarni ularga yopishtirishdi. Qochish 1962 yil 11 iyunga rejalashtirilgan edi. Mahbuslar qo‘g‘irchoqlarni to‘shaklarida qoldirib, devordagi teshikdan emaklab o‘tishdi, tomga chiqishdi va drenaj trubkasi orqali suvga tushishdi. Uchala qochqin ham topilmadi. Ular San-Fransisko ko‘rfazida cho‘kib ketgan deb ishoniladi, ammo ularning jasadlari hech qachon topilmagani uchun rasman bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan. Rasman, ularning qochishi bo‘yicha jinoiy ish hali ham ochiq qolmoqda va faqat uchalasi ham 100 yoshga to‘lganda yopiladi.
Rossiyadagi “gollivudcha” qochish
Aleksey Shestakov qamoqxonadan kinolardagi kabi qochishga qaror qildi. 2012 yil mart oyida Vologda viloyatidagi qishloqlardan birida joylashgan qamoqxona hududi ustidan vertolyot bir necha bor uchib o‘tdi. Mahbuslar sayr qilish uchun tashqariga chiqqanlarida, vertolyot kutilmaganda havoda aylandi va kabinadan arqon narvon tushirildi.

Shestakov bir lahza ham vaqtni boy bermasdan tezda yuqoriga ko‘tarilib, hayratda qolgan qamoqxona xodimlaridan chaqqonlik qildi. Biroq, Shestakovning ozodligi uzoqqa cho‘zilmadi - u va ikki sherigi ikki kun ichida qo‘lga olindi. Qochqin qotillik uchun avvalgi jazosining yarmini (12 yil) o‘tagan, yana 24 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Mahbusning sherigi Tatyana Vajalina qochishga yordam bergani uchun umumiy tartibli koloniyada 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jinoyatchining yana bir sherigi Aleksandr Rusakov vertolyotda qochishda ixtiyoriy ravishda ishtirok etganini oxirigacha rad etdi. Biroq, shunga qaramay, u ham 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Ayollar qamoqxonasidan qochish
1909 yil iyul oyida Moskva ayollar qamoqxonasidan qochish katta shov-shuv bo‘ldi. Bu og‘ir mehnatga hukm qilingan katta guruh mahkumlarining yagona muvaffaqiyatli qochishi edi. Boshqa 13 ayol bilan birga, inqilobchilar tomonidan qamoqxona xodimlari orasida joylashtirilgan qamoqxona qo‘riqchisi ham qochib ketdi. Qochish arafasida u qamoqxonaga fuqarolik kiyimlarini olib keldi, bu kiyimlarni mashhur shoir Vladimir Mayakovskiyning onasi va singlisi taqdim etgan edi. Jarayondan xabardor bo‘lishiga qaramay, politsiya voqea joyiga o‘z vaqtida yetib kela olmadi. Mahkumlar yo‘lakda ikkita ayol qo‘riqchiga hujum qilishdi va erkak qo‘riqchilardan biriga xloral gidrat qo‘shilgan aroq berildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qochish qamoqxona xavfsizligining yomonligi tufayli mumkin bo‘lgan: qo‘riqchilar ish vaqtida uxlashlari mumkin edi, kameralar va yo‘laklar faqat bitta kalit bilan ochilgan va chiroqlar o‘chib qolgan. Faqat mazkur qochishdan keyin qamoqxona xavfsizligi kuchaytirildi. Oxir-oqibat, o‘nta tutqun Frantsiyaga yetib borishga muvaffaq bo‘ldi. Qochish kuni uch nafar ayol esa qo‘lga olindi.
Narkobaronning ozodlikka chiqishi
Meksikalik giyohvand moddalar sotuvchisi Xoakin Guzman Loera, El Chapo (Kalta) laqabli, bir necha bor hibsga olingan, ammo har safar qochishga muvaffaq bo‘lgan. 2014 yil fevral oyida El Chapo qo‘lga olinib, Altiplanodagi o‘ta qattiq tartibdagi qamoqxonaga olib ketilgan.

Biroq, uning u yerdagi muddati qisqa bo‘lgan - olti oydan kam vaqt o‘tgach, giyohvand moddalar sotuvchisi o‘zining yakka tartibdagi kamerasidan g‘oyib bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, qochish uchun yer ostidan 20 metr chuqurlikda bir yarim kilometr uzunlikdagi tunnel qazilgan edi. U yoritish, shamollatish tizimi va El Chaponing sheriklari tuproq tashiydigan relslar bilan jihozlangan edi. Qochqinning o‘zi qamoqxona hududidan treylerli o‘zgartirilgan mototsikl yordamida qochib ketgan, bu esa uni qurilishi tugallanmagan omborga olib borgan. Meksika ichki ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, qochish qamoqxona xodimining yordamisiz amalga oshirilmasligi mumkin edi. Bir nechta xodimlar ishdan bo‘shatildi, advokatlar va ombor egasi so‘roq qilindi.
El Chapo so‘ngra 2016 yil yanvar oyida meksikalik aktrisa Keyt del Kastilo bilan ishqiy yozishmalari tufayli qo‘lga olingan. 2019 yil 7 iyulda sudya Guzmanni shartli ravishda ozod qilmasdan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi va 12 milliard dollardan ortiq qiymatdagi aktivlarni musodara qilishni buyurdi.
Vertolyot orqali qochish Kanadada ham kuzatilgan. 17 mart kuni Kanadaning janubi-sharqidagi Kvebek provintsiyasining Sen-Jerom shahridagi qamoqxonadan ikki ozodlikda mahrum etilgan shaxs vertolyot yordamida qochib ketdi. Vertolyot qamoqxona binosi ustida uchib yurgan va mahbuslar arqon narvoni yordamida unga chiqishgan. Qamoqxona qo‘riqchilari qochqinlarga o‘t ochish orqali qochishning oldini olishga harakat qilishgan, ammo vertolyot shimoli-sharqda g‘oyib bo‘lgan. U bir soatdan keyin, qamoqxonadan 85 kilometr uzoqlikda, Mont-Tremblant tog‘-chang‘i kurorti yaqinida topildi.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0