Tsivilizatsiyadan qochgan xalqlar: ular nega bizdan uzoq yashaydi?

Telefonsiz bir kuningizni tasavvur qila olasizmi? Internetsiz-chi? Televidenie, elektr, do‘kon, maktab va hatto shifoxonasiz hayot qanday bo‘lishini esa, ko‘z oldingizga keltirish undan-da qiyin. Ammo Er yuzida shunday hududlar borki, u erda odamlar hali ham zamonaviy tsivilizatsiyadan deyarli uzilgan holda yashaydi.
O'zgacha rakurs
768 10:30 | 13.08.2026 10:30

Ularning ayrimlari biz bilan bir asrda yashayotgan bo‘lsa-da, hayoti mutlaqo boshqacha. Ular uchun o‘rmon – uy, daryo – yo‘l, tabiat esa tirik qolishning asosiy manbai. Eng qizig‘i, ularning ayrimlari tashqi dunyo bilan aloqa qilishni shunchaki istamaydi.



Sirli orolda yashaydigan xalq


Hind okeanida, Hindistonga qarashli Andaman orollari tarkibida Shimoliy Sentinel oroli bor. Bu erda sentinelliklar deb ataladigan, tashqi dunyo bilan eng kam aloqa qilgan xalqlardan biri yashaydi.


Ularning aniq soni ham maʼlum emas. Ular haqidagi maʼlumotlar asosan uzoqdan kuzatishlar va ayrim tarixiy qaydlarga asoslangan. Tilini ham dunyodagi boshqa tillar bilan ishonchli ravishda bog‘lash qiyin. Hatto aholining kundalik hayoti haqida ham juda kam maʼlumot bor.


Biroq bir narsa aniq: ular begona odamlarni o‘z hududiga kiritishni istamaydi. Hindiston hukumati Shimoliy Sentinel orolini va uning atrofidagi 5 kilometrlik dengiz hududini qabilaviy qo‘riqlanadigan hudud deb belgilagan. Begona odamlarning u erga kirishi taqiqlangan.


Bu taqiq faqat sentinelliklarni “himoya qilish” uchun emas. Tashqi dunyodan keladigan oddiy kasalliklar – masalan, gripp yoki qizamiq – ular uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin. Chunki izolyatsiyada yashagan aholi ayrim infektsiyalarga nisbatan etarli immunitetga ega bo‘lmasligi mumkin.



“Odamxo‘rlar degan gap rost gapmi?


Sentinelliklar haqida internetda eng ko‘p tarqalgan afsonalardan biri – ular odamxo‘r, yaʼni kanniballar degan gap. Ammo buni tasdiqlaydigan ishonchli dalil yo‘q.


Ularning begona odamlarga nisbatan keskin munosabatda bo‘lishi haqida maʼlumotlar bor. Masalan, 2018 yilda orolga yashirincha kirgan amerikalik missioner Jon Allen Chau sentinelliklar tomonidan o‘ldirilgan. 2025 yilda esa yana bir AQSh fuqarosi orolga kirib, ular bilan aloqa o‘rnatishga uringani uchun hibsga olingan.


Lekin bu voqealarning o‘zi ular kannibal ekanini anglatmaydi.



Amazonka qalbida yashayotganlar


Dunyodagi izolyatsiyada yashovchi xalqlarning salmoqli qismi Janubiy Amerikadagi Amazonka o‘rmonlarida istiqomat qiladi. Peruning chekka hududlarida tashqi dunyo bilan doimiy aloqani rad etuvchi Mashko-Piro xalqi bor. Ular dunyodagi eng yirik maʼlum izolyatsiyadagi mahalliy xalqlardan biri hisoblanadi.


Mashko-Piro o‘rmonning chuqur qismlarida yashaydi. Ular mavsumga qarab daryo bo‘ylarida vaqtinchalik boshpanalar quradi, baliq tutadi, ov qiladi, meva-meva, yong‘oq, ildizlar va boshqa tabiiy oziq-ovqatlarni yig‘adi.


Ularning hayoti biz tasavvur qilgan “ibtidoiy hayot”dan ko‘ra murakkabroq. Chunki o‘rmonda tirik qolish uchun tabiatni juda yaxshi bilish kerak: qaysi o‘simlikni eyish mumkin, suv qaerda, qaysi hayvonni qachon ovlash mumkin, qaysi yo‘l xavfsiz – bularning barchasi avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bilimlardir.


Braziliya, Peru va Kolumbiyaning odam etishi qiyin bo‘lgan tropik o‘rmonlarida ham tashqi jamiyat bilan doimiy aloqa o‘rnatmagan bir nechta mahalliy guruhlar yashaydi. Masalan, Braziliyada Kavaxiva kabi izolyatsiyadagi xalqlar mavjudligi qayd etilgan. Ular o‘rmon ichkarisida ko‘chib yuradi, ovchilik va termachilik bilan kun kechiradi hamda begona odamlar yaqinlashganda o‘z izlarini yashirishga harakat qiladi. Bunday xalqlarning ayrimlari haqida olimlar ularning o‘zlarini emas, balki o‘rmonda qoldirgan izlari, vaqtinchalik boshpanalari, tashlab ketilgan buyumlari yoki havodan olingan tasvirlar orqali maʼlumot to‘playdi.



Papua o‘rmonlarida ham “nomaʼlum dunyo” bor


Yana bir qiziq hudud – Yangi Gvineya orolining Indoneziyaga qarashli g‘arbiy qismi, G‘arbiy Papua. Bu erda tog‘lar va nihoyatda zich tropik o‘rmonlar tufayli ayrim mahalliy guruhlar tashqi dunyo bilan juda kam aloqa qiladi. Tadqiqotchilar ular haqidagi maʼlumotlarning juda cheklanganini taʼkidlaydi.


G‘arbiy Papuada izolyatsiyada yashaydigan guruhlar sonini aniq aytish ham qiyin. Chunki ularning joylashuvi va aniq sonini oshkor qilishning o‘zi ularga zarar etkazishi mumkin.


Bu hududlarda ham tashqi dunyo bilan aloqa qilishdan qochishning sabablari bor. Tarixda mahalliy aholi zo‘ravonlik, kasalliklar va erlariga tashqi aralashuv kabi xavflarga duch kelgan.


Shu bois “ular tsivilizatsiyadan orqada qolib ketgan” degan qarash bir tomonlama bo‘lishi mumkin. Aksincha, ayrim xalqlar uchun izolyatsiya – tirik qolish usuli bo‘lgan.



Ular tsivilizatsiyadan qochyaptimi?


Qiziq jihati shundaki, ayrim xalqlar shunchaki “zamonaviy dunyodan uzilib qolgan” emas. Ular ataylab masofa saqlayotgan bo‘lishi mumkin. Mashko-Piro tarixi buning sababini tushunishga yordam beradi.


XIX asr oxirida Amazonkada kauchuk uchun kurash avj olgan davrda mahalliy xalqlar zo‘ravonlik, qullik va qotilliklarga duchor bo‘lgan. Mashko-Piro ajdodlarining bir qismi o‘rmonning yanada chekka hududlariga chekinib, tashqi dunyodan uzoqlashgan.


Shuning uchun bugun ularning begona odamlardan qochishi shunchaki “madaniyatsizlik” emas, balki tarixiy xotira va tirik qolish strategiyasi ham bo‘lishi mumkin.


Biz ular haqida juda kam bilamiz


Nega biz XXI asrda yashab turib, ular haqida shunchalik kam maʼlumotga egamiz? Ularning qaysi biri qaysi tilda so‘zlashadi? Aniq qancha kishi bor? Qanday marosimlari bor? Nimalarga ishonishadi? Olamni qanday tasavvur qilishadi? Bu savollarning ko‘pchiligi hali ham javobsiz. Va balki shunday qolishi ham kerakdir. Chunki Er yuzida biz bilmaydigan, xaritada bor bo‘lsa-da, hayotiga aralashishga haqqimiz bo‘lmagan joylar ham bor.


Ular bizdan ortda qolgan odamlar emas. Ular shunchaki bizdan boshqacha yashash huquqini saqlab qolgan xalqlardir.



Xolida Egamberdieva tayyorladi.



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

O'zgacha rakurs
Gap shaxslarda emas, tizimda...
0 3602 16:18 | 05.08.2023
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs