Turkiyalik yoshlar Samarqand jozibasidan hayratda
Turkiyaning "Türk Metal" kasaba uyushmasi a’zolari farzandlaridan iborat guruh O‘zbekistonga sayohati davomida Samarqandga tashrif buyurdi.
Yosh mehmonlarni Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat kasaba uyushmalari faollari, Turk milliy madaniy markazi vakillari hamda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori Chidem Turk Yilmaz kutib oldi.
Mehmonlar dastlab Registon maydoni va Amir Temur maqbarasini ziyorat qilib, shaharning boy tarixi, qadimiy me’moriy obidalari va milliy qadriyatlari bilan tanishdi. Samarqandning muhtasham obidalari turkiyalik yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
— Samarqandni bilmagan, uning ta’rifini eshitmagan insonni Turkiyada topish mushkul. Bu qadimiy shahar tasavvur qilganimdan ham ming chandon go‘zal ekan, — deydi Aydin Yusra. Tarixdagi qancha voqealarga guvoh bo‘lgan minoralar asrlar osha bus-butun saqlanib turganidan hayratdaman. Hali bu diyorda tanishadigan mo‘’jizalarimiz ko‘pligi qalbimga quvonch bag‘ishlayapti.
Samarqand safari turkiyalik yoshlar uchun nafaqat sayohat, balki O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosini yaqindan kashf etish imkoniga aylandi.


Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0