O‘zgalar haqidan qo‘rqadiganlar hali ham bor

Kishini larzaga soluvchi halollik hikoyalari...
Tahlil
2731 22:13 | 05.08.2023 22:13

Tikuvchining haqi Dam olish kuni.


O‘rnimdan turishga erinib yotibman. Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi.


«Ertalabdan kim keldi ekan», – deb hayron bo‘ldim.


Turmush o‘rtog‘im ham menga hayron bo‘lib qaraganidan sezdimki, ular ham hech kimni kutmayapti.


Eshikka yaqinlashib, «Kim u?» – deb so‘radim.

– Durdona tikuvchi kerak edi, – dedi eshik ortidan notanish odam.

Odatda, dam olish kunlari buyurtma olmayman. Buni mijozlarimning ko‘pchiligi yaxshi biladi.


Shunday bo‘lsa-da, eshikni ochdim. Qarasam, istarasi issiq bir ayol xijolat bo‘lib turibdi.


– Yunusobodda yashaymiz. Ancha yil ilgari sizga qizlarim uchun sarpo tiktirgan edim. Lekin qo‘lim sal kaltalik qilib, kelishilgan ish haqini berolmagan va siz bundan norozi bo‘lgan edingiz.


Ayolni eslashga harakat qildim. Bu orada ayol qo‘limga qora paketga o‘ralgan pul tutqazdi. Yig‘lab, uzr so‘radi.


– O‘tgan davr mobaynida tushunib yetdim – birovning haqi birovga yuqmas ekan. Mana, omonatingizni olib keldim. Endi ko‘nglim xotirjam tortdi.


– Opajon, shartmas edi, chunki bu mening esimdan chiqib ketgan, – deya ayolni yupatgan bo‘ldim.
Ammo u unamadi.


– Qiyomat kuni sizdan qarzdor bo‘lishni istamayman, – dedi-da, shoshgancha ortiga qaytib ketdi.


Uyga kirib, bir muddat o‘zimga kelolmadim. Pulni sanasam, 500 ming so‘m ekan. Nimagadir rosa yig‘lagim keldi, o‘zimni tutib turolmadim. Hech narsadan bexabar turmush o‘rtog‘im hayron. Voqeani eshitib, u ham taajjubga tushdi…


* * *


Insofli sotuvchi


Bir-ikki yil oldin uyimizni ta’mirlatadigan bo‘ldik. Zarur narsalarni olish maqsadida bozorga bordik. Pol uchun parket olish maqsadida bir do‘konga kirdik.


Sotuvchi shoshayotganini, lekin olish niyatimiz bo‘lsa, kutib turishini aytgach, mahsulotlarni tanlashni boshladik.


Narx-navosini surishtirsak, boshqa do‘konlardan ancha arzon ekan. Sifati ham chakki emas. Xullas, kelishilgan summani to‘lab, mahsulotni ombordan olib ketadigan bo‘ldik. Bu orada turmush o‘rtog‘im sotuvchi bilan o‘zaro telefon raqam almashib olishdi.


Mahsulotni olib, uyga qaytarkanmiz, to‘satdan xo‘jayinimning qo‘l telefoni jiringladi. Ularning gap ohangidan bildimki, boyagi sotuvchi bilan gaplashyapti.


Turmush o‘rtog‘imning qiyofasi o‘zgargan sayin xavotirim kuchayib bora boshladi va go‘shakni qo‘ygan zahoti uni so‘roqqa tutdim.


Bilsam, sotuvchi yigit bizga kechagi kurs bilan narx hisoblab, mahsulot sotgan ekan. Bugun kurs tushganini bilmagan va bizdan yuz ming so‘m ortiqcha pul olib qo‘yganidan xijolat bo‘lib, qo‘ng‘iroq qilibdi.


Turmush o‘rtog‘im roziman desa ham, sotuvchi yigit unamadi. Bizga pulni qaytarish uchun plastik kartaning raqamini tashlab berishga ko‘ndirdi.


Ochig‘i, sotuvchilar orasida halol insonlarning hamon borligidan quvondim.


Feruza RAHIMOVA,
Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0